
Slot “Liverpul”ni EChLdan chiqarvorgan yulduzni kutyapti
Arne Slott “Liverpul”ni qabul qilib olganidan keyin Yurgen Kloppdan qolgan jamoani Angliya Premer-ligasi peshqadamiga aylantira oldi. Bu mutaxassisdan liverpulliklar Evropa Chempionlar ligasida ham g‘alaba kutgan edi.
Biroq jamoa qit’aning eng nufuzli musobaqasi nimchorak finalida PSJ maydonidan g‘alaba bilan qaytganiga qaramay, o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida o‘tgan javob uchrashuvida ustunlikni ushlab qola bilmadi.
Javob bahsida Usmon Dembele gol urib, vaziyatni tenglashtirdi. Penaltilar seriyasida esa, omad parijliklar tomonida bo‘ldi.
Bu bellashuvdan keyin Angliya grandi Usmon Dembelega jiddiy qiziqib qoldi. Ular frantsiyalik hujumkor o‘yinchini olish uchun parijliklarga 100 million evro taklif qilishga tayyor.
PSJ 27 yoshli futbolchini 2023 yili “Barselona”dan 50 million evroga xarid qilgandi. Parijdagi dastlabki yilida Usmon PSJning o‘sha davrdagi yulduzi Kilian Mbappe soyasida qolib ketdi.
Joriy mavsum esa, Dembele PSJning eng xavfli quroliga aylandi. U barcha turnirlarda 36 ta uchrashuvda qatnashib, o‘z hisobiga 29 ta gol va oltita assist yozdirib qo‘ydi.
Frantsiya chempioni bilan yana uch yil davomida etadigan shartnomaga ega Dembele Transfermarkt portali tomonidan ayni paytda 55 million evroga baholanayotgan bo‘lsa-da, liverpulliklar PSJni transferga ko‘ndirish uchun ikki baravar pul to‘lashga rozi.
Fikrlar