"So‘g‘diyona" "Paxtakor"ni mag‘lub etishga qodir?! Ular buni qanday uddalamoqchi?

  • 11 iyun, 2020, 19:34
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Mavsumni g‘alabasiz boshlagan “So‘g‘diyona” 4-turda mag‘lubiyatsiz odimlayotgan amaldagi chempion – “Paxtakor”ni o‘z uyida qabul qiladi.

“So‘g‘diyona” kuchli raqibga qarshi bo‘lajak bellashuvda muxlislarining kayfiyatini ko‘tarmoqchi. Jamoa sardori Sanjar Rashidovga ham “Paxtakor” bilan bahsda ko‘p narsa bog‘liq bo‘ladi. Chunki u jamoasining hujumlarini boshlab berishda muhim rol o‘ynaydi. O‘z navbatida Sardor Rashidovning ukasi jiddiy bahsga ko‘rilayotgan tayyorgarlik haqida fikr bildirdi.

- Ayni paytda tayyorgarligimiz juda yaxshi ketyapti, barchasi ko‘ngildagidek desam ham bo‘laveradi. Murabbiylarimiz tomonidan aytilayotgan barcha ko‘rsatmalarga amal qilgan holda mashg‘ulotlarda jiddiy ishlayapmiz. Muhimi, jamoamizdagi barcha o‘yinchilarning kayfiyati zo‘r. Xudo xohlasa, “Paxtakor”ga qarshi bahsda albatta o‘zimiz o‘ylagan natijaga erishamiz.

Ulug‘bek Baqoev boshchiligidagi jamoaning aslida mavsumni nima sababdan omadsiz boshlagani ko‘pchilikni hayron qoldirgan bo‘lsa ham ajab emas. Negaki, u o‘tgan yili ushbu jamoa bilan 4-o‘rinni band etgandi. Bu yil esa aksincha holat kuzatilayotgandek. Ammo Sanjar Rashidov ushbu muvaffaqiyatsiz vaqtinchalik holat ekanligini va o‘tgan yili ham mavsumni shunga o‘xshash start bilan boshlaganligini eslatdi.

- Xabaringiz bor, mavsum boshida jamoamizga yana yangi futbolchilar qo‘shilishdi. Natijada tarkib shakllantirildi. Bilsangiz, o‘tgan yilgi chempionatning boshida ham shunga o‘xshash omadsiz startni amalga oshirgandik. Keyinchalik esa futbolchilar bir-biriga moslashib ketgach, natijalarimiz ham ijobiy ko‘rinish olib, yakunda 4-o‘rinni egallagandik. Bu yil ham jamoadoshlarimiz bilan bir oila bo‘lib, yaxshi natijalarga erishishimizga ishonamiz.

Xo‘sh, “So‘g‘diyona” klubi yangi mavsumdagi ilk g‘alabasini qachon qo‘lga kiritadi? Bu qaysi o‘yinda yuz beradi? “Paxtakor”ni mag‘lub etishga jizzaxliklar qodirmi? Yoki ular uchun ushbu o‘yinda durang ham g‘alabaga teng hisoblanadimi? Biroq Sanjar Rashidov o‘ziga ishongan holda g‘alabadan boshqa narsani o‘ylamayotgani haqida gapirdi.

- Bilasizmi, yutqazmaydigan jamoaning o‘zi yo‘q. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Biz “Paxtakor” bilan uchrashuvga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Nima bo‘lishini esa 14 iyun kuni ko‘ramiz. Niyatimiz esa faqat g‘alaba. Bundan boshqa narsa haqida o‘ylamayapmiz. “So‘g‘diyona” jamoasining hozirgi maqsadi uch ochkoni qo‘lga kiritish.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!