"So‘gdiyona" "Superliga reglamenti"ning liboslar bo‘yicha talabini buzgani uchun jarimaga tortiladi
"Superliga reglamenti"ning 16-bobida musobaqada ishtirok etuvchi jamoalar bahslarda maqomiga qarab uy yoki mehmon liboslarda maydonga tushishi keltirib o‘tilgan. Unga ko‘ra, jamoalar uy uchrashuvlarida kiyib tushadigan liboslarini mavsum oldidan Ligaga taqdim etishi kerak. Shundan kelib chiqib, Liga mehmon jamoaga mehmondagi bahslarda qaysi liboslarga maydonga tushishini belgilashga, zahira yoki uchinchi liboslarini talab qilishga haqlidir.
Bugun bo‘lib o‘tadigan Superliga 4-turi doirasidagi OKMK – "So‘g‘diyona" uchrashuvida OKMK jamoasi mavsum avvalida o‘zi taqdim etgan uy libosida – Kulrang-oq liboslarda maydonga tushishi kerak edi. Ammo, mehmonda o‘ynayotgan "So‘g‘diyona" jamoasining har ikki liboslari ham OKMKning uy libosi rangiga yaqin bo‘lgan va uchrashuvda jamoalar kiyib tushadigan liboslar uchrashuv rasmiylarining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan. Liga mavjud vaziyatdan kelib chiqib, OKMK jamoasiga ushbu uchrashuvda ikkinchi — Ko‘k rangli liboslarda maydonga tushishga ruxsat berdi. "So‘g‘diyona" esa mehmon jamoaga belgilangan talablarga rioya qilmagani, har ikki tanlangan liboslari rangi bir-biriga o‘xshagani, uchinchi zahira liboslarini Ligaga taqdim eta olmagani bois, Musobaqa reglamentining 16.14-bandiga asosan jarimaga tortiladi.



Fikrlar