
"So‘g‘diyona" Superligada 3-o‘rinni olsa OChLda qatnashmaydimi? Qolganlarning imkoniyatlari qanday? (Tahlil)
Xabaringiz bor, kecha Superligada 23-tur o‘yinlari yakunlandi. "Paxtakor" bir necha tur avval chempionlikni rasmiylashtirdi. Turnir jadvaliga nazar solsak, "Lokomotiv" ikkinchi pog‘onada bormoqda. "So‘g‘diyona" kuchli uchlikka kirib oldi. Ayni paytda ko‘pchilikni bir savol qiziqtirmoqda: OChLga kim yo‘llanma oladi?
Oxirgi turlarda Samvel Babayan jamoasining duranglardan boshi chiqmay qoldi. "Temiryo‘lchilar"ning yo‘qotishlaridan ularning ortidan kelayotganlar foydalana olishmadi. Qolaversa, "Loko" vaqtida yig‘ib qo‘ygan ochkolari hisobiga hozirgacha OChL borasida havotirga tushmayapti.
Agar voqealar rivoji shunday tus olsa va chempionat yakunigacha o‘rinlarda o‘zgarish kuzatilmasa, qoidasi bo‘yicha "Paxtakor" OChL guruh bosqichida ishtirok etishi kerak. "Lokomotiv" va "So‘g‘diyona" esa o‘tish o‘yinlarida qatnashadi. Ammo jizzaxliklarda yaxshigina muammo bor.
Ulug‘bek Bavqoev shogirdlari OChLda qatnasha olishmaydi. Chunki jamoa litsentsiyalashdan o‘ta olmagan. Shuning uchun "So‘g‘diyona" bronza medallarining o‘zi bilan kifoyalanishi mumkin xolos.
Jizzaxliklar ortidan kelayotgan "Bunyodkor"da vaziyat boshqacha. "Qaldirg‘ochlar" eng yaqin ta’qibchisidan 4 ochkoga ilgarilab ketishgan. Biroq oxirgi 3 ta o‘yinda "Bunyodkor"ga oson bo‘lmasligi aniq. Vadim Abramov shogirdlarini "Navbahor", "Paxtakor" va "So‘g‘diyona" kutib turipti.
"Nasaf" 23-turda Namanganda mag‘lubiyatdan qutilib qoldi. 5-o‘rinda borayotgan "ajdarlar" 4-pog‘onadagi "Bunyodkor"dan 4 ochko kam jamg‘arishgan. Qarshiliklar OChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishlari uchun "Bunyodkor" hamda "So‘g‘diyona" barchasi uchrashuvlarda mag‘lubiyatga uchrashi kerak. Bu esa imkonsiz.
"Surxon" ham medallar uchun kurashmoqda. Biroq termizliklar oxirgi turlardagi natijalari tufayli kuchli uchlikdan uzoqlashishdi. Jamoa keyingi tur o‘z uyida "So‘g‘diyona" bilan kuch sinashadi. Bu, albatta, jiddiy nisov. Mana shu bahs ko‘p narsaga oydinlik kiritib berishi mumkin.
"Navbahor"da kichik bo‘lsa-da, imkoniyat bor. Lekin juda qiyin. "Lochinlar" oxirgi turda o‘z maydonida g‘alabani qo‘ldan boy berishmaganida umid qilsa bo‘lardi. Endi esa namanganliklarning taqdiri o‘z qo‘llarida emas. Raqiblarining ochko yo‘qotishi, mag‘lubiyatga uchrashini kutishadi. O‘zlarini faqatgina g‘alaba qanoatlantiradi.
Qolaversa, keyingi tur "Navbahor"ni Toshkentda "Bunyodkor" kutmoqda. Shunda Andrey Kanchelskis jamoasining taqdiri oydinlashsa, ajab emas.
Superliga 23-turdan keyingi turnir jadvali:
Medallar va OChL yo‘llanmasi uchun kurashayotgan jamoalarning oxirgi o‘yinlari:
"Lokomotiv"ning o‘yinlari
24-tur
"Andijon" - "Lokomotiv"
25-tur
"Navbahor" - "Lokomotiv"
26-tur
"Lokomotiv" - "Paxtakor"
"So‘g‘diyona"ning o‘yinlari
24-tur
"Surxon" - "So‘g‘diyona"
25-tur
"So‘g‘diyona" - "Nasaf"
26-tur
"Bunyodkor" - "So‘g‘diyona"
"Bunyodkor"ning o‘yinlari
24-tur
"Bunyodkor" - "Navbahor"
25-tur
"Paxtakor" - "Bunyodkor"
26-tur
"Bunyodkor" - "So‘g‘diyona"
"Nasaf"ning o‘yinlari
24-tur
"Nasaf" - "Paxtakor"
25-tur
"So‘g‘diyona" - "Nasaf"
26-tur
"Nasaf" - "Dinamo"
"Surxon"ning o‘yinlari
24-tur
"Surxon" - "So‘g‘diyona"
25-tur
"Dinamo" - "Surxon"
26-tur
"Metallurg" - "Surxon"
"Navbahor"ning o‘yinlari
24-tur
"Bunyodkor" - "Navbahor"
25-tur
"Navbahor" - "Lokomotiv"
26-tur
"qo‘qon-1912" - "Navbahor"
Ko‘rib turganingizdek, medallar va xalqaro musobaqada ishtirok etish uchun kurashayotgan jamoalarning o‘zaro o‘yinlari bor. Mana shu qarama-qarshiliklarda ko‘p savollarga javob olishimiz turgan gap. Endi esa ushbu uchrashuvlarni kutamiz. Undan avval O‘zbekiston milliy terma jamoasining 9 noyabr kuni Qirg‘izistonga qarshi o‘rtoqlik o‘yini, keyin 14 va 19 noyabrda JCh-2022 ikkinchi saralash bahslaridan o‘rin olgan Saudiya Arabiston va Falastin bilan rasmiy o‘yinlarni kuzatamiz.
Fikrlar