"So‘g‘diyona"da nimani o‘rgangani, Jizzaxdagi eng sevimli joyi, terma jamoamizda o‘ynash imkoniyati...Yoxud shartnomasi tugayotgan Milan Mitrovich ko‘p mavzular haqida gapirdi

  • 13 oktabr, 2020, 12:55
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Milliy chempionatimizda legionerlar ko‘p. Lekin ularning orasida darvozabonlari faqat bitta. Serbiyalik Milan Mitrovich “So‘g‘diyona” jamoasining darvozasini qo‘riqlab kelmoqda. Yurtimizda esa undan boshqa xorijlik posbon yo‘q.

Tecno

Lekin aytish mumkinki, Mitrovich saviyali darvozabon ekanligini o‘z o‘yinlari bilan isbotlab kelyapti. Masalan, “So‘g‘diyona”ning oxirgi o‘yinida ham serbiyalik darvozabon jamoasini 100 foizlik gollardan qutqarib qolganiga guvoh bo‘ldik.

Uning bir necha mavsumda beri Jizzaxda faoliyat ko‘rsatib kelayotgani ham bejiz emasligini tushunib turgandirsiz. Muhimi, u ishonchni oqlab kelyapti. Aks holda klub uni ushlab o‘tirmasdi. Biz esa ushbu darvozabonni o‘quvchilarga yaqinroq tanishtirish maqsadida o‘zi bilan bir qator qiziqarli mavzularda suhbatlashishga jazm etdik.

-  Siz haqingizdagi ma’lumotni qidirish maqsadida “vikipediya”ga kirsak, u erda ikkita Milan Mitrovichni ko‘ramiz. Biri himoyachi. Siz buni bilasizmi?

-  Ha, bilaman. U himoyachi va mendan uch yoshga katta. Bizni faqat ism va familiyalarimiz birligigina umumlashtirib turadi.

-  Ikkinchi mavsumdirki,” So‘g‘diyona”da to‘p suryapsiz. O‘zingiz uchun bu erda nimalarni kashf etdingiz?

-  Ha, bu mening faoliyatimdagi o‘ziga xos davrdir. 2018 yili bu erga kelganimdan keyin o‘zim uchun ko‘p narsalarni kashf etdim. Kelgan chog‘imda klub o‘ta murakkab ahvolda bo‘lib, ligada jon saqlab qolish uchun kurash olib borardi. Klubdagi kishilar meni va yana to‘rt o‘yinchini bu erga olib kelib, vaziyatni o‘nglashga erishdilar. Bu o‘z samarasini berib, jamoa ligada jon saqlab qoldi. Shuning evaziga rahbariyat men bilan tuzilgan bitimni darhol uzaytirishga qaror qildi. 2019 yil uzoq kutishlardan so‘ng biz uchun eng yaxshisi bo‘ldi, deyishim mumkin. Bungacha klub turli ligalarda jon saqlab qolish uchun kurash olib borgan ekan. Sal bo‘lmasa, biz Osiyo Chempionlar ligasida to‘p surish imkoniga ham ega bo‘lardik. Baxtga qarshi omad yuz o‘girdi. Futbolda esa omad muvaffaqiyat kaliti hisoblanadi. Bizga shuningdek, OFKda to‘p surish uchun biroz etishmay qoldi. Asosiysi, maydonda borimizni berib o‘ynaganimiz uchun bu rahbariyat hamda muxlislarga yoqdi.

mitrovich_1

-  “So‘g‘diyona”dagi eng yaxshi do‘stingiz kim?

-  Jamoamiz juda ahil. Shu bois kimnidir ranjitib qo‘ymaslik uchun birortasini eng yaqin do‘stim falonchi deya olmayman. Buni to‘g‘ri tushuning. Biz bir-birimizni hurmat qilamiz va klubda o‘zimizni xuddi bir oiladek sezamiz.

-  Jizzax shahrining qaysi maskanida bo‘lishni ko‘proq yoqtirasiz?

-  Jizzax – o‘zim ko‘rmagan o‘ziga xos shahardir. Tan olishim kerak, avvaliga bu erda menga oson bo‘lmagan. Ayniqsa, havo harorati +50 darajadan oshgan paytlarda ancha qiynalganman. Keyinchalik asta-sekinlik bilan butunlay yangi shart-sharoitlarga moslashib bordim. Shaharning restoran va kafelariga borishni yoqtirib qoldim. Ishlarim ham yurishib ketdi. Zominda bo‘ldim, u erning tabiati menga juda ham yoqdi. Zominni umrbod eslab yuraman.

mitrovich4

-  “So‘g‘diyona”dagi faoliyatingiz ilgari o‘zingiz to‘p surgan klublardan nimasi bilan farq qiladi?

-  Qaysi klubda to‘p surmay, bor kuchim bilan 100 foizga maydonda borimni berib o‘ynaganman. “So‘g‘diyona”ga taklif qilishgan kundan boshlab menda hamma bilan – menejment, murabbiylar, o‘yinchilar hamda muxlislar bilan yaxshi munosabat yuzaga kelgan. Men maydonda shunday pozitsiyada to‘p suramanki, birgina yo‘l qo‘yilgan xato ham darhol ko‘zga tashlanib qoladi. Dastlabki paytlarda mahalliy iqlimga moslashishim og‘ir kechgani bois o‘zimni ancha noqulay his qilganman. Bora-bora sharoitga ko‘nikkach, hammasi iziga tushib ketdi.

-  Sizni darvozabon bo‘lishga ko‘proq nima undagan?

-  (kulgancha) To‘p tepishni boshlagan chog‘imda boshqa tengqurlarimdan yirik jussam bilan ajralib turganim bois meni darhol darvozaga qo‘yishgan. Hammasi hazil, ammo darvozada turish menga ko‘proq yoqardi. Yakuniy qaror qabul qilishimda maydondagi boshqa pozitsiyalardan ko‘ra, darvozabonlik o‘zimga ko‘proq mos tushishini anglab etganman.

mitrovich2

-  O‘zbekistonlik darvozabonlar orasida sizga kim yoki kimlar ko‘proq yoqadi?

-  Yurtingizdagi darvozabonlar orasida yaxshilari juda ko‘p. Shu boisdan u yoki bu hamkasbim boshqalardan zo‘r, deya ajratib ko‘rsatmagan bo‘lardim. Umuman, har bir darvozabonning o‘ziga yarasha ustunligi bilan birga kamchiliklari ham bo‘ladi.

-  Agar O‘zbekiston terma jamoasida o‘ynash taklifi bilan chiqishsa, buni qabul qilgan bo‘larmidingiz?

-  Bu juda qiyin savol. Bolaligimda Serbiyada o‘ynagan bo‘lsam-da, negadir milliy termadan chorlov olmaganman. Rostini aytsam, O‘zbekistonda yaxshi darvozabonlar ko‘pligi bois milliy termangizdan chorlov olaman, deb sira ham o‘ylamaganman. Shundoq ham sizlarda milliy termadan chaqiruv olishni kutayotgan yaxshi posbonlar etarli. Basharti, menga mana shunday taklif bilan chiqishadigan bo‘lsa, bu haqda o‘ylab ko‘raman.

mitrovich6

-  Eshitishimcha, sizda yaxshi takliflar bor ekan...

-  Hech qanday takliflar yo‘q. Amaldagi klubim bilan bitim tuzgan ekanman, o‘z agentimga boshqa klublardan takliflar bo‘layotgani haqida aytmaslikni so‘raganman. Faqat shartnoma nihoyasiga etganidan keyingina boshqa takliflar ustida bosh qotirishim mumkin. Bungacha esa turli variantlar haqida o‘ylashga odatlanmaganman. Mening printsipim mana shunaqa.

-  Ehtimol, bu sizning “So‘g‘diyona”dagi eng oxirgi mavsumingiz bo‘lar?!

-  Bunisi oxirgi mavsumim bo‘ladimi yoki yo‘qmi, bilmayman. Mening amaldagi shartnomam 1 dekabrga qadar tuzilgan. Faqat shundan so‘ng hammasi hal bo‘ladi. Bungacha esa boshimni turli o‘y-xayollar bilan qotirib o‘tirmayman. Balki yana “So‘g‘diyona”da qolarman, ehtimol, butunlay boshqa klubga ko‘chib o‘tarman...Yuqorida aytib o‘tganimdek, amaldagi shartnomam nihoyasiga etmas ekan, agentim menga boshqa takliflar xususida churq etmaydi. Bitim nihoyasiga etarkan, shundagina ikkimiz bamaslahat biror-bir to‘xtamga kelib olamiz.

mitrovich3

-  Faoliyatingiz davomida o‘zingiz bilan bir klubda o‘ynagan eng taniqli futbolchilar kim?

-  Faoliyatim mobaynida shunday nomga munosib ko‘plab futbolchilar bilan o‘ynaganim bois kimnidir ajratib ko‘rsatishim amrimahol.

-  Samarqand va Buxoro shaharlarini tomosha qilgani bordingizmi?

-  Ha, Samarqand bilan Buxoroga bordim. Klub oldidagi majburiyatlarimni bajarib, shundan so‘ng menda bo‘sh payt bo‘lar ekan, albatta sayohatga chiqishni kanda qilmayman. Samarqand bilan Buxoro juda ham chiroyli shaharlar bo‘lib, u erlar menga nihoyatda yoqdi. Men doimo mana shunday tarixiy shaharlarga borishni yoqtiraman.

-  Siz uchun dunyodagi eng chiroyli shahar qaer va qaysi mamlakatga borishni istaysiz?

-  Ochig‘ini aytsam, o‘zimni ashaddiy sayohatchi deb atamagan bo‘lardim. Lekin go‘zal va nomi odamlar tilidan tushmaydigan joylarga borishni istayman. Shuning barobarida ertadan kechgacha shaharni aylanib yurish negadir menga xush kelmaydi. Mayli, o‘sha shahar Nyu-York ham bo‘la qolsin.

mitrovich5

-  Darvozabon ekanligingizga qaramay, gol kiritishingizga ham to‘g‘ri kelganmi?

-  Yo‘q, faoliyatim davomida hamkasblarimni ranjitishimga to‘g‘ri kelmagan.

-  Shunday darvozabonlar borki, ular penaltini bartaraf etish bilan birga o‘zlari ham fursati kelsa penalti tepishga intilishadi. Siz ham shunday qila oalsizmi?

-  (kulgancha) Shu paytga qadar menda penaltini ijro etish uchun hech qanday imkon bo‘lmagan. Mana shunday imkoniyat taqdim etiladigan bo‘lsa, u holda 11 metrli nuqtadan zarba berishga ikkilanib o‘tirmagan bo‘lardim. Biroq darvozam tomon shu nuqtadan to‘p tepishar ekan, ichki tuyg‘umga tayangan holda to‘pning yo‘nalishini topishga harakat qilaman.

-  Siz uchun eng yaxshi darvozabon kim?

-  Ilgari Iker Kasilyasni juda yoqtirardim. Endi men uchun Mark Andre ter Shtegen eng yaxshi darvozabon hisoblanadi.

-  Bizning chempionatda nimanidir o‘rganish mumkinmi?

-  Ha, bor. Har bir murabbiydan nimanidir o‘rganish mumkin. Chunki mutaxassislarning o‘yin borasidagi qarashlari turlicha.

mitrovich8

-  Oilangiz ham shu erdami? Ular ham yangicha shart-sharoitga ko‘nikib bo‘lganlarmi?

-  Yo‘q, ular men bilan emas. Afsuski, oilamdagilar bu erga kela olishmaydi. Chunki katta o‘g‘lim maktabga qatnaydi. Kichigi esa bolalar bog‘chasiga boradi. Menda dam olish uchun imkon paydo bo‘lsa, ularning oldiga o‘zim boraman.

-  Sizga milliy chempionatimizning saviyasi yoqyaptimi?

-  Ha, yoqadi. Biroq epidemiyaga qadar hammasi boshqacha edi. Pandemiya tufayli esa ko‘p narsa baxtga qarshi o‘zgarib ketdi. Endi o‘yinlar tomoshabinlarsiz o‘tkazilyapti. Virus tarqalganidan keyin majburiy tanaffuslar juda ko‘payib ketdi. Afsuski, hammasini borligicha qabul qilishimizga to‘g‘ri keladi. Nasib qilsa, chempionatdagi qolgan o‘yinlarni ham nihoyasiga etkazamiz. Mana shunda men ta’tilga chiqqan holda yurtimga qaytib boraman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!