Songa kutilmagan da’vogar paydo bo‘ldi
Janubiya Koreya terma jamoasi a’zosi va "Tottenxem" futbolchisi Son Xyon Minga bir qator Evropa grandlari qiziqish bildirmoqda. Ular qatoriga Myunxenning "Bavariya"si ham qo‘shildi, deb xabar bermoqda "Football Insider" nashri.
"Shporlar" o‘z etakchisi bilan yangi shartnoma imzolashni paysalga solayotgani Songa bu kabi qiziqishlarning ortib ketishiga sabab bo‘layotgani aytilmoqda. Ayni paytda londonliklar osiyolik yarim himoyachiga haftasiga 200 ming funt maoshni o‘z ichiga olgan 5 yillik shartnoma taklif qilmoqda.
Myunxenliklar Sonni Sanega raqobatchi sifatida olib kelmoqchi va u uchun asosiy tarkibdan o‘rin berilishi kafolatlanmagan. Shu boisdan, ushbu transferning amalga oshish ehtimoli kam, deb baholashimiz mumkin.
28 yoshli qanot futbolchisi joriy mavsum APLning 28 uchrashuvida maydonga tushib, 13 ta gol va 9 ta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Uning "Tottenxem" bilan shartnomasi 2023 yilgacha amal qiladi.

Fikrlar