
So‘nggi soniyalarda munlial yo‘llanmasiga ega chiqqan jamoa — Kosta-Rika
JCh-2022 startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Muxlis va mutaxassislarni intizorlik bilan kuttirayotgan turnir tez orada boshlanadi.
Qaysi terma jamoalar "JCh-2022"da ishtirok etishini yaxshi bilasiz. Agar hamon bundan xabardor bo‘lmasangiz yana bir bor eslatib o‘tib ketamiz.
Mundial startiga 15 kun qolgan va biz ketma-ketlikda termalar bilan sizni tanishtirib o‘tamiz. Demak, "E" guruhining ikkinchi vakili Kosta-Rika orqali o‘ziga xos "chellenj"imizni davom ettiramiz.
Jamoa haqida
Kosta-Rika futbol federatsiyasi. Laqabi — “los-tikos”.
Tashkil topgan yil: 1921 yil (FIFAga 1927 yil a’zo bo‘lgan)
Jamoa bosh murabbiyi: Luis Suares
Jamoa sardori: Brayan Ruis.
Ilk rasmiy uchrashuvi: Kosta-Rika – Salvador 7:0 (1921)
Eng yirik g‘alaba: Kosta-Rika – Puerto-Rik 12:0 (1946)
Eng yirik mag‘lubiyat: Meksika – Kosta-Rika 7:0 (1975)
Kosta-Rika ayni payt FIFA reytingida 31-o‘rinni egallab turibdi. Ularning eng yaxshi natijasi esa 13-pog‘ona hisoblanadi. Ular 1996 yila reytingdagi eng yomon natijasini qayt etgan. O‘shanda “los-tikos” 93-o‘ringacha tushib ketgan.
Kosta-Rika birinchi marta jahon chempionatiga 1990 yilda KONKAKAF chempionligini qo‘lga kiritgan holda chiqqan. Bungacha ular saralashda ketma-ket sakkiz marta muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
Ammo kosta-rikaliklar birinchi marta jahon chempionatiga chiqishlari bilan futbol olamini lol qoldira olishdi. Braziliya, Shotlandiya va Shvetsiya bilan "o‘lim guruhi"ga tushib qolgan “los-tikos” yaqqol autsayder hisoblanardi, biroq 1-tur uchrashuvidayoq Shotlandiyani minimal hisobda mag‘lub etdi (1:0), ikkinchi turda esa Braziliyaga xuddi shu hisobda imkoniyatni boy berdi.
Shvetsiyaga qarshi o‘yin hal qiluvchi bo‘lishi kerak edi, bu o‘yinda Kosta-Rika 32-daqiqada gol o‘tkazib yubordi, ammo Rojer Flores va Ernan Medfordning gollari evaziga iroda ko‘rsata oldi va muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Kosta-Rika kvartetda ikkinchi o‘rinni egalladi va Braziliya bilan pley-offga chiqdi. Ammo ular 1/8 final bosqichida Chexoslovakiyaga yirik hisobda imkoniyatni boy berdi (4:1).
Jahon chempionatidagi navbatdagi ishtirokni uzoq 12 yil kutish kerak edi. Kosta-Rika 2002-yilda Yaponiya va Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan turnirga o‘zining asosiy yulduzi — “Manchester Siti” hujumchisi Paolo Vanchope bilan yo‘l olgan, biroq kosta-rikaliklarga yana qur’a omad keltirmadi – Braziliya (bo‘lajak jahon chempionlari), Turkiya (bo‘lajak bronza medali sohiblari) va Xitoy.
Chempionat starti muvaffaqiyatli o‘tdi. Kosta-Rika Xitoyni ishonchli hisobda mag‘lub etgan bo‘lsa (2:0), Turkiya bilan durang o‘ynadi (1:1). Qayd etish joizki, bu Hoqon Shukur va Rustu Rekber boshchiligidagi turk futbolining oltin avlodi edi, agar oxirgi turda BraziliyadKosta-Rikani yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratmasa, jahon chempionati bronzasiga etib bormagan bo‘lishi mumkin edi. Tarkibida Kafu, Ronaldo va Rivaldo kabi “jallod”lari bo‘lgan “pentakampeonlar” raqibini yirik hisobda mag‘lub etdi (2:5). Bu Turkiyani to‘plar farqiga ko‘ra ikkinchi o‘ringa olib chiqdi va pley-offga yo‘llanmasini taqdim etdi, Kosta-Rika esa uyiga qaytdi.
To‘rt yil o‘tib, 2006 yilda Germaniyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati ham Kosta-Rika uchun omadli o‘tmadi. Veteran Vanchope birinchi turda Germaniyaga qarshi bellashuvda (2:4) dubl qayd etgan bo‘lsa-da, u boshqa gol ura olmadi va Kosta-Rika yakunda uchta o‘yinda ham ochko yo‘qotdi va guruhdagi so‘nggi o‘rinni egalladi.
Kosta-Rika 2010 yilda Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatiga chiqa olmagan. Biroq, to‘rt yildan so‘ng Braziliyada “los-tikos” futboli tarixidagi eng yaxshi natija qayd etildi - chorak final!
Ular 1990 yilgi jahon chempionatida bo‘lgani kabi yana Urugvay, Italiya va Angliya bilan o‘lim guruhiga tushib qoldi. Ko‘rinishidan, ular pley-offni tushida ko‘rishi kerak edi? Ammo, Kosta-Rika ancha jangovar chiqib qoldi. Ularning tarkibida tajribali darvozabon Keylor Navas, Joel Kempbell, Oskar Duarte va Brayan Ruiz kabi yulduzlari bor edi
Kosta-Rika birinchi tur tarkibda yulduz futbolchilari (Godin, Kavani, Forlan, Maksi Pereyra va Suares) bo‘lgan Urugvay bilan o‘ynadi va ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi - 3:1. Keyingi bosqichda Brayan Ruisning yagona goli terma jamoaga Italiya ustidan navbatdagi shov-shuvli g‘alabani taqdim etdi va bu Kosta-Rikaga pley-off yo‘llanmasini deyarli kafolatladi. Faqat oldinda Angliya qolgan edi. Ammo Xorxe Luis Pinto shogirdlari inglizlar bilan durang o‘ynadi (0:0) va birinchi o‘rinda Italiya va Angliyani ortda qoldirgan holda Urugvay bilan birga 1/8 finalga yo‘l olishdi.
Kosta-Rikaning o‘yini butun mamlakat bo‘ylab eyforiyani taqdim etdi. “Los-tikos”ning yosh bolasidan tortib nafaqaxo‘rigacha Gretsiyaga qarshi o‘yinini kutardi. Brayan Ruis 52-daqiqada Kosta-Rikani hisobda oldinga olib chiqib muxlislarni xursand qildi, ammo jamoa minimal ustunlikni saqlab qola olmadi. Q o‘shib berilgan vaqtda Sokratis Papastatopulos gol urib, o‘yinni ekstra-taymga o‘tkazdi. Qo‘shimcha daqiqalarda hech qaysi jamoa gol ura olmadi va g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlanishi kerak edi. Omad kosta-rikaliklarga kulib boqdi.
Keyingi bosqichda Kosta-Rika Niderlandiyaga qarshi maydonga tushdi. Bu uchrashuvda ham hisob ochilmadi. Ular yana bir sensatsiyaga yaqin turgandi, ammo penaltilar seriyasida “uchar golladlar” adashishmadi.
2018 yilgi mundilada “los-tikos”dan muxlislar ko‘p narsa kutishgan edi. Biroq ular Braziliya, Shveytsariya va Serbiya kabi jamoalar bo‘lgan guruhda so‘nggi o‘rinni egallashdi.
Turnirgacha bosib o‘tgan yo‘li
Kosta-Rika Qatardagi jahon chempionatiga yo‘llanmani aylanma yo‘llar bilan qo‘lga kiritdi. Ular Kanada, Meksika, AQSh, Panama, Yamayka, Salvador va Gonduras kabi jamoalar bo‘lgan guruhda 4-o‘rinni egalladi. “Los-tikos” 14 o‘yinda 25 ochko to‘plashdi. AQSh hisobidagi ochkolar ham shunchani tashkil qilardi, biroq amerikaliklar to‘plar farqiga ko‘ra raqibidan yaxshiroq natija qayd etishdi. Shu bois, Kosta-Rika Shimoliy Amerika terma jamoalari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilgan 3 ta yo‘llanmadan quruq qoldi.
Luis Suares shogirdlari mundialga chiqish uchun xalqaro pley-off uchrashuvida qatnashishi kerak va ularning raqibi esa Okeniya jamoasi hisoblangan Yangi Zelandiya edi. Shu yilning 6 iyun kuni bo‘lib o‘tgan bellashuvda Kosta-Rika raqibini minimal 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, Shimoliy Amerikaning 4-jamoasi sifatida mundialga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Uchrashuvning 3-daqiqasida Joel Kembell kiritgan gol “los-tikos”ga Qatar chiptasini taqdim etdi.
Jamoa etakchilari
Kosta-Rikada yosh - jiddiy muammo. Avlodlar almashinuvi uzoq cho‘zildi va eski futbolchilarning o‘rnini bosa oladigan yoshlar deyarli topilmayapti. Buning ajablanarli joyi yo‘q, Kosta-Rika aholisi taxminan 5 million kishini tashkil qiladi. Shu bois, ular bunga o‘xshash qiyinchiliklarga duch kelishi tabiiy holat.
O‘yinchilarning darajasi ham yuqori emas. Hozir Evropada faqat ikkitasi - Keylor Navas (Frantsiya) va Fransisko Kalvo (Turkiya) o‘ynamoqda. Qolganlari asosan Kosta-Rika chempionatida, shuningdek, MLSda to‘p tepadi.
Kosta-Rikada hujum pozitsiyasida o‘ynaydigan variantlar juda kam. Jamoa to‘psiz o‘ynashga o‘rganib qolgan, bu esa g‘alaba qozonish kerak bo‘lgan paytda qiyinchilik tug‘diradi. Shu sababli, ular odatda raqibni to‘pni yo‘qotishini kutishga va tezkor qarshi hujum uyushtirishga majbur bo‘ladi.
Kosta-Rika terma jamoasi sardori hisoblangan Keylor Navas hozirgacha jamoa safida 107 ta o‘yin o‘tkazgan. Ushbu futbolchini ortiqcha tanishtirishga hojat yo‘q. Sababi, "Real" Madridning sobiq futbolchisi "qaymoqranglilar" tarkibida klubning barcha mumkin bo‘lgan sovrinlarini, shuningdek, PSJ bilan Frantsiya chempionati oltin medallarini qo‘lga kiritdi. Pantera - Navasning laqabi. Ajoyib reaktsiyasi tufayli muxlislar Keylorni shunday atashadi. Hozirda futbolchi 35 yoshda bo‘lsa-da, o‘zining yuqori saviyasini saqlab kelmoqda.
"Arsenal"ning sobiq futbolchisi Joel Kembell Kosta-Rikaning hujum chizig‘idagi eng tajribali futbolchidir.
Joel 30 yoshda, lekin hamon uning ajoyib tezligi va kuchli zarbasi saqlanib qolgan. U terma jamoa safida 117 ta o‘yin o‘tkazib, 25 ta gol urgan va Kosta-Rika uchun ajralmas futbolchi hisoblanadi.
30 yoshli markaziy himoyachi Fransisko Kalvoning bo‘yi 180 sm. Shu sababli, Fransisko havoda yaxshi o‘ynaydi va muntazam ravishda boshi bilan gol uradi.
Kalvo tezkor, taktik jihatdan yaxshi harakat qiladi. U markaziy zonadan tashqari himoyaning chap qanotida ham o‘ynay oladi. Fransisko jamoaning himoyaviy o‘yinini qurishda katta ahamiyat kasb etadi. U hozirgacha Kosta-Rika safida 74 ta o‘yin o‘tkazgan.
JCh-2022dagi taqvimi
22 noyabr. Kosta-Rika – Ispaniya
27 noyabr. Yaponiya – Kosta-Rika
2 dekabr. Kosta-Rika – Germaniya
Fikrlar