
SPORTS.uz Belgrad-2021. Revansh olinmadi. Afsuski, Shahram G‘iyosov yutqazdi
Serbiyaning Belgrad shahrida boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘zining qizg‘in pallasiga kirib bormoqda.
Bir necha daqiqadan so‘ng terma jamoamiz uchun kunning oxirgi jangi boshlanadi. Unda Shahram G‘iyosov (-71 kg) qozog‘istonlik Aslanbek Shimbergenovga ro‘baro‘ keladi. Ikki bokschining avvalgi to‘qnashuvida Shimbergenovning qo‘li baland kelgandi.
Jang bir necha daqiqadan so‘ng boshlanadi. Ushbu to‘qnashuvni "Uzreport" telekanalida jonli efirda tomosha qilishingiz mumkin!
Bokschilar ringga chiqib kelishdi. Shahram G‘iyosov ko‘k libosda, raqibi esa qizil formada harakat qiladi.
Birinchi raund boshlandi.
Shahram G‘iyosov professional boksga o‘tgani baribir ta’sir o‘tkazmoqda. U bitta bitta zarbalar bermoqda. Uning raqibi esa ikkilik va uchlik zarbalar yo‘llayapti. Ajoyib raund guvohiga aylandik. Birinchi raund qozog‘istonlik bokschining foydasiga - 5:0.
Birinchi raund yakunlandi.
Ikkinchi raund boshlandi.
Qozog‘istonlik bokschi Shahramga nisbatan aniq zarbalar yo‘llamoqda. Ammo vakilimizdan faollik kutib qolamiz.
Shahram endi ochiq jangga kirishmoqda. Qo‘llarini tushirib raqibga bosim o‘tkazishga urinyapti. Ammo bu raund ham qozog‘istonlik Shimbergenovning foydasiga - 4:1.
Ikkinchi raund yakunlandi.
Uchinchi raund boshlandi.
Endi hamyurtimiz raqibini nokaut qilmasa bo‘lmaydi. Ko‘proq tavakkal qilish talab etiladi. Imkon qadar ko‘proq zarba berishga urinayotgan Shahramga aksariyat hollarda aniqlik etishmayapti.
Jang yakunlandi. Hakamlar Aslanbek Shimbergenovning g‘alabasini qayd etishdi. Yakuniy hisob - 5:0. Shahram G‘iyosov ilk bosqichdayoq yurishini to‘xtatdi.
Fikrlar