
SPORTS.uz talqini bo‘yicha kuchli beshlik chempionatlarida tur ramziy terma jamoasi
Murabbiy: Joze Mourino (4-3-3)
Portugaliyalik mutaxassis printsipial o‘yinlarda qanday harakat qilish kerakligini biladi. Londonliklar g‘alaba orqali eng yaqin ta’qibchisi «Sheffild»ni kurashdan chiqardi. So‘nggi yillardagi ajoyib o‘yinlari orqali Chempionlar ligasida ko‘rishga o‘rganib qolganimiz «Tottenxem» endi nufuz jihatidan «ko‘hna qit’a»ning ikkinchi raqamli turnirida ishtirok etadi. «Lester» esa buning uchun aybdor maqomida ayovsiz savalandi. Endi «tulkilar» «Manchester Yunayted»ga qarshi uchrashuvda bevosita 4-yo‘llanma uchun bahs olib borishadi. G‘alabadan boshqa natija «King Pauer» egalarini Evropa ligasida o‘ynashga mahkum etadi.
Mourino ushbu qarama-qarshilikda 4-3-3 sxemasidan foydalandi. Demakki, bizning ramziy terma jamoamiz ham shunga asoslanadi.
Darvozabon: Koke Vegas
Ispaniyalik posbon «Levante»da zaxira vakili hisoblanadi. Aytor Fernandes so‘nggi ikki bahsni o‘tkazib yubordi. Mavsum davomida ushbu posbon La Ligada eng ko‘p – 158 ta seyv amalga oshirdi. Bu kabi darvozabondan asosiy tarkibni olib qo‘yish uchun Oxeda raqib tanlab o‘tirmasligi va favqulodda qahramonlik ko‘rsatishi talab qilinardi. «Xetafe» restartdan keyin «buyuk sho‘ng‘ish»ni amalga oshirdi. Mana, 24 yoshli «Levante» zaxira posboni darvozasiga yo‘l topa olmagan Xose Bordalas shogirdlari yakunda evrokuboklar yo‘llanmasidan quruq qolishdi.
Chap qanot himoyachisi: Jonatan Silva
Argentinalik qanot himoyachisining ikkita pasi jamoasini Segundaga «Real»dan mag‘lub bo‘lmay yo‘l olishiga etarli bo‘ldi, xolos. G‘alabadan sarxush madridliklar chempionlik mavsumini mag‘lubiyat bilan yakunlashni istamadi. Aks holda, so‘nggi 5 o‘yinda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelgan «Leganes» o‘rnida «Selta» quyi ligaga ravona bo‘lardi.
Markaziy himoyachi: Tayron Mings
«Arsenal» ustidan qozonilgan g‘alaba to‘liqligicha himoya vakillariga bag‘ishlansa arziydi. Mings esa mudofaaning asosini tashkil etishdan tashqari, g‘alaba goliga assistentlik ham qilib berdi. U va jamoadoshlarining sa’y-harakatlari tufayli «to‘pchilar» «Villa Park»dan quruq qo‘l bilan qaytishdi.
Markaziy himoyachi: Matteys De Ligt
Niderlandiyalik himoyachi «Latsio»ga qarshi muhim bahsda himoyada ishonchli o‘ynab bera oldi. Rimliklar ushbu o‘yinda g‘alaba qozongan taqdirda, chempionlik poygasida intriga saqlanib qolishi mumkin edi. Aksiga olib, «Atalanta» va «Inter» ham ochko yo‘qotdi. Shu tariqa, «keksa sinora» o‘zining ketma-ket 9-chempionlik tituliga yaqin turibdi.
O‘ng qanot himoyachisi: Trent Aleksandr-Arnold
O‘z darvozasidan 3 ta to‘p olib chiqqan klub himoyachisini ramziy terma jamoaga kiritish uchun uning ismi Arnold bo‘lishi kerak! Sababi, ingliz futbolchisi qanot himoyasidagi futbolidan ham ko‘ra, hujumlarga yaxshi qo‘shila olishi bilan ajralib turadi. «Chelsi» darvozasiga jarimadan kiritilgan gol ham «o‘xshab qolgan» zarbalar sirasiga kirmaydi. Mavsum davomidagi 13-assist ham «aristokratlar»ga qarshi uchrashuvga to‘g‘ri keldi.
Markaziy yarim himoyachi: Riki Puch
Ispaniyalik yosh futbolchi bir necha turlardan beri muxlis va mutaxassislar e’tiborini tortib kelayotgan edi. La Liga yakuniy turida ikkita assist bilan jamoasiga amaliy yordam bergan futbolchi kichik jussasi va chaqqon harakatlari bilan Messining yoshligini yodga solishi bor gap. Ammo uni bu kabi havoyi gaplar o‘sishdan to‘xtatib qo‘ymasligini xohlagan bo‘lardik. Hozircha, mana shu kabi tur ramziy terma jamoalaridan joy olayotgani ham yaxshi natija.
Hujumkor yarim himoyachi: Kristian Pulishich
«Chelsi»ning restartdan keyingi o‘yinlari va amalga oshirayotgan transferlari kelgusi mavsumda jamoa o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yishni rejalashtirayotganidan darak bermoqda. Pulishich «Enfild»da amaldagi chempionlarning kayfiyatini buzishga harakat qildi. Maydonga tushishi bilan o‘yinga intrigani qaytardi. Atigi 30 daqiqa harakat qilgan futbolchining mersisaydliklar metin himoyasini bitta gol va assist bilan teshib o‘tishga erishgani tahsinga sazovor.
Hujumkor yarim himoyachi: Xakan Chalxano‘glu
Karantindan keyingi «Milan» futbolchilari va ayniqsa, turkiyalik xavbek ramziy terma jamoalarimizning doimiy mehmoni sanaladi. Kuni kecha Stefano Pioli bilan shartnomasini 2022 yilgacha uzaytirgan «rossonerilar» ancha quvnoq futbol namoyish etishmoqda. «Bolonya» darvozasiga kiritilgan 5 ta golning 2 tasida Xakan nomini uchratamiz.
Chap qanot hujumchisi: Krishtianu Ronaldu
3 daqiqa ichida Krishtianu tomonidan kiritilgan 2 ta gol «Latsio» masalasini hal qildi. Portugaliyalik esa «Oltin butsa» tomon shahdam qadamlar bilan ketmoqda. Immobile o‘zaro o‘yinda uning dubliga bitta gol bilan javob berishga erishdi. Endi A Seriyaning ikki yulduzi 68 ochkoda taqqa to‘xtagan Levandovski qo‘lidan ushbu sovrinni olib qo‘yish uchun keyingi turlarda yaxshigina ter to‘kadi.
O‘ng qanot hujumchisi: Lionel Messi
Messi golli uzatmalar soni bo‘yicha Xavi rekordini qariyb yangilagandi. Ammo uning uzatmasi La Liga mutasaddilari tomonidan inobatga olinmadi. Shunga qaramay, Leo mezbonlar darvozasiga 2 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Chempionlikdan quruq qolgan kataloniyaliklar bor alamini «Alaves»dan oldi: 0:5.
Markaziy hujumchi: Xarri Keyn
Keyn mavsum davomida juda ko‘p marotaba yo‘qolib qoldi. «Lester»ga qarshi bellashuvda esa o‘z darajasidagi futbol namoyish etib, dubl muallifiga aylandi. Barqarorlik masalasidagi muammolarini hal qilsa, ingliz forvardi jamoasi bilan ulkan marralarni zabt etishi mumkin. «Tulkilar»ga qarshi o‘yinda u hujumchilarga xos sodda va samarali harakatlar bilan uchrashuv tizginini londonliklar tomoniga og‘dirib berdi.
Izoh: Ushbu ramziy terma jamoa La Liga 38-, APL 37- va A Seriya 34-turiga asoslanib tuzildi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar