SPORTS.uz talqini bo‘yicha Superliga 6-tur ramziy terma jamoasi
O‘zbekiston Superligasining 6-tur bahslari ajoyib kurashlarga boy o‘tdi. Xalqaro maydonda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan ikki klubimizsiz o‘tgan tur bellashuvlari ham bizni zeriktirib qo‘ymadi. Biz o‘tkazilgan 5 ta uchrashuvdan o‘z przitsiyasida eng yaxshi harakat qilgan futbolchilarni bir jamoaga to‘plashga urinib ko‘ramiz. Boshladik!
Darvozabon: Aleksandr Lobanov (“Metallurg”)
Ha, yana Aleksandr ramziy terma jamoamiz darvozasida. U “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘tgan qiyin bellashuvning yashirin qahramoni. Salamat Qutiboev noqulay holatda turganiga qaramay, aniq zarba berib, jamoasiga 3 ochko olib berdi, tushunarli. Ammo ungacha bo‘lgan holda, maydon egalari bekobodliklarni jarima maydoni ichiga qamab qo‘yayotgandi.
Mo‘min Meliev tomonidan berilgan bir qator zarbalarni Lobanov qaytarib qoldi. Aks holda, Jasur Abduraimov shogirdlari Qo‘qondan bu qadar xursand holda qaytmagan bo‘lardi.

Chap qanot himoyachisi: Sherzod Nasrullaev (“Nasaf”)
E’tirozlar bo‘lishi mumkin emas! “Nasaf”ning yangi mavsumdagi asosiy etakchilaridan biri hisoblangan Nasrullaev goleadorlik qobiliyati bilan liganing boshqa grandlari ko‘zini o‘ynatayotgan bo‘lsa, ajab emas. Ro‘ziqul Berdiev jamoasida doim sifatli qanot himoyachilari bo‘lgan. Sherzod ham bu an’anani yaxshi davom ettirib kelmoqda.
“Surxon”ga qarshi kechgan voha derbisida u 1 ta gol va 2 ta assist muallifiga aylandi. Mavsum so‘ngigacha ham bu kabi sermahsul uchrashuv o‘tkazish boshqa chap qanot himoyachilariga nasib etarmikan?!

Markaziy himoyachi: Vladislav Kasminin (“Turon”)
“Lochinlar” qanoti qayrilgan holda “Turon” bilan bahs olib borishga majbur bo‘ldi. Muxlislar “Navbahor” uchun qanchalik muhim kuchligini ta’kidlashning hojati yo‘q. Ammo berilgan jazo o‘rinli va qilmishlarga yarasha bo‘ldi. Namanganlik futbol muxlislari jamoasining bu taxlit ochko yo‘qotishini istamasa, asablarni jilovlashni o‘rganishlari zarur.
“Turon” Superliga debyutanti bo‘lishiga qaramay, raqib bilan tengma-teng jang olib borishga harakat qildi. Ammo “Navbahor” baribir tajriba evaziga kuchli hujumlar yomg‘irini amalga oshirdi. Kasmininda Superligada o‘ynash va Namanganda himoyalanish ko‘nikmasi mavjudligi yaypanliklarga qo‘l keldi. Aks holda, ular yana bir mag‘lubiyat bilan ahvollarini yanada og‘irlashtirib yuborgan bo‘lar edilar.

Markaziy himoyachi: Akbar Ismatullaev (“Metallurg”)
Darvozabonning g‘alabadagi hissasini e’tirof etdik. Ammo Lobanovgacha etib bormagan qanchadan qancha to‘plarda himoyadagilar jonbozlik ko‘rsatdi. Xususan, Akbar Ismatullaevning o‘sha kungi o‘yini tahsinga sazovor. 90 daqiqa mobaynida Baxtiyor Ashurmatov u boshchiligidagi himoyani 3 ta turli hujumchilar bilan buzishga harakat qilib ko‘rdi. Biroq, hech bir urinishlar foyda keltirmadi. To‘g‘ri himoyalangan bekobodliklar yakunda 3 ochkoni ham ilib ketdi.

O‘ng qanot himoyachisi: Shuhrat Muhammadiev (“Lokomotiv”)
“Lokomotiv” o‘z o‘yinini topib olgandek ko‘rinmoqda. Umid qilamizki, bu aldamchi holat emas. Superliganing intrigaga boy o‘tishi nuqtai nazaridan ham, yulduzli tarkibga ega “temiryo‘lchilar”ning yaxshi o‘yin ko‘rsatishi muhim.
“Bunyodkor”ga qarshi Toshkent derbisida g‘alabaga erishilishida Shuhrat Muhammadievning o‘z qanotidan uyushtirgan reydlari katta hissa qo‘shdi. Ulardan biri golga sabab bo‘lganini ham ko‘rdik. Xurshid G‘iyosov harakat qiladigan qanotning o‘yin davomida mustahkam ushlanishi g‘alabaning asosiy omillaridan biri bo‘ldi.

Markaziy yarim himoyachi: Marko Stanoevich (“Nasaf”)
Markoning zarba berishiga yo‘l qo‘yaverar ekansiz, Qarshidan mag‘lubiyat bilan qaytaverasiz, hurmatli “Nasaf” raqiblari. Bugungi kunda Superligada harakat qilayotgan eng samarali legionerlardan biri hisoblangan Stanoevich “Surxon”ga qarshi bellashuvda butun mavsumning eng chiroylisi bo‘lishga nomzod bo‘lgan golni urdi. “Surxon”ning o‘yinni qutqarishga bo‘lgan eng kichik umidlarini ham bu shedevr so‘ndirib qo‘ya qoldi. Shuningdek, mana shu gol “ajdarlar”ni ilhomlantirib, yana gollar urish uchun oldinga boshladi.

Markaziy yarim himoyachi: Quvondiq Ro‘ziev (“Navbahor”)
Namanganliklarni “Turon”ga qarshi o‘yindagi durang qanoatlantirmaydi, to‘g‘ri. Uchrashuvda g‘alaba qozonilmasligida oldingi chiziq vakillari aybdor hisoblanadi. Ammo Ro‘ziev bu bahsda sheriklariga maksimal darajada imkoniyat yaratib berishga harakat qildi. “Lochinlar”ning mavsum oralig‘idagi eng aqlli xaridi doimgidek maydon markazining eng faol futbolchisi bo‘ldi. Ammo hujumdagilar uning harakatlarini doim ham muvaffaqiyatli davom ettira olmayaptilar.

Chap qanot yarim himoyachisi: Javohir Sidiqov (“Lokomotiv”)
Mikael Sekeyraning uslubi futbolchilardan yuqori texnik mahoratni talab etadi. Qisqa pas bilan o‘ynaluvchi bu uslubdagi futbolda murabbiyga bitta yaxshi driblyor kerak bo‘ladi. Sidiqov “temiryo‘lchilar”ga ayni shu maqsadda olib kelingandi. Bora-bora uning ham o‘yinida oldinga siljishni ko‘rmoqdamiz. Sadriddin Abdullaevning aqlli uzatmasini Javohir o‘z vaqtida payqay oldi va aniq zarba yo‘llab, hisobni ochdi.

O‘ng qanot yarim himoyachisi: Muhammadanas Hasanov (“Qo‘qon-1912”)
“Metallurg”ga qarshi o‘yinda qo‘qonliklar yarim himoyachisi bir necha marotaba o‘z qanotidan juda katta tezlik bilan oldinga o‘tdi. Unga qarshi himoyalangan futbolchilar har gal undan ortda qolaverdi. Hasanov shu kuni o‘z faoliyatidagi eng yaxshi o‘yinlaridan birini ko‘rsatgan bo‘lsa, ajab emas. Ammo yuqorida qayd etganimizdek, hujum markazidagi futbolchilarga shu kuni omad etishmadi.

Markaziy hujumchi: Husayn Norchaev (“Nasaf”)
Qarshiliklarning yangi mavsumdagi asosiy hujumchisi ham muvaffaqiyatli o‘yinlari bilan e’tiborimizni qozonmoqda. O‘tgan mavsumda Abdixoliqovga zaxira vazifasini o‘tagan Husayn Superliga havosidan bahramand bo‘lishga erishgandi va gollar ham urishga muvaffaq bo‘lgan. Bugun ushbu yosh iqtidor egasi “Nasaf” hujumining asosiy kuchi hisoblanadi. Gollarining soni ham kundan kunga ko‘payib bormoqda.

Markaziy hujumchi: Shohruz Norxonov (“So‘g‘diyona”)
“So‘g‘diyona” ketma-ket ochko yo‘qotishda davom etmoqda. Bu bilan ortidagi raqiblariga va oldindagi “Paxtakor”ga katta imkoniyat yaratib bermoqda. “Mash’al”ga qarshi bellashuvda bunday holat yuzaga kelishiga qaysidir ma’noda jizzaxliklarning o‘zi ham sababchi bo‘lib qoldi.
Norxonov esa o‘z gollarini sonini oshirishda davom etmoqda. Penaltini Jasur Hasanov emas, klub to‘purari Shohruz tepganida, balki barchasi boshqacha yakunlangan bo‘larmidi? Lekin endi bu kabi gaplarni gapirish oson. Uchrashuv yakunlanib ulgurgan.

.jpg?1618667359336)
Abdulvosid Valixonov tayyorladi



Fikrlar