SPORTS.uz talqini bo‘yicha top-5 chempionatlar hafta ramziy terma jamoasi

  • 25 sentabr, 2020, 23:06
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Murabbiy: Roy Xojson (“Kristal Pelas”)

Tecno

Har yili turli klublar mavsumda omadli start oladi. Ular egallab turgan o‘rinlar qanchadir muddat bizni hayratda qoldiradi. So‘nggi davrlarda APL miqyosida faqat “Lester” o‘z “ertagi”ni ro‘yobga chiqara oldi. Qolganlar esa, tez orada o‘z pog‘onalariga ravona bo‘laverdi.

“Kristal Pelas” 2 ta turdan so‘ng 6 ochko to‘plab 5-o‘rinda borayotgani u qadar hayron qoladigan narsa emas. Ammo bunday natijaga erishgan yana 4 jamoa orasida o‘rtamiyonalarning yo‘qligi ajablanarli. Qolaversa, londonliklar 2-turda “Manchester Yunayted”ni engib, 3 ochkoga ega chiqdi. Startda ham oson raqib bilan to‘qnash keldi, deya olmaymiz. “Sautgempton”ga qarshi bellashuvda Xojson shogirdlari minimal hisobda zafar quchdi. 

Ushbu turda eng yaxshi murabbiy, deya e’tirof etishimiz uchun Joze Mourino (“Tottenxem”), Karlo Anchelotti (“Everton”) va Alguasil Imanol (“Real Sosedad”) kabi nomzodlar ham mavjud edi. Ammo Xojson varianti bizni ko‘proq o‘ziga jalb qildi. 

Roy-Hodgson-Football365

Darvozabon: Alisson (“Liverpul”)

Turning eng markaziy bellashuvida 2 ta gol kiritgan Maneni ramziy terma jamoamizga kirita olmadik. Shu sababli, “Chelsi”ga qarshi o‘yindagi mersisaydliklarning ajoyib g‘alabasiga hurmatimizni izhor etish maqsadida Alissonga darvozani ishonib topshirdik. 

U bunga loyiq harakatlarni amalga oshirishga ham muvaffaq bo‘ldi. Penaltilarda deyarli adashmaydigan Jorjino braziliyalik kiper oldida ojiz qoldi. Shu orqali, Bekker o‘z jamoasini so‘nggi daqiqalar hayajonidan qutqarib qola oldi. 

Alisson

Chap qanot himoyachisi: Teo Ernandes (“Milan”)

“Real”ga kerak bo‘lmagan chap qanot himoyachilarining naqadar kuchli ekanini ko‘ryapsizmi?! Aslida, ularda hech qanday ayb yo‘q. Shunchaki, Marselo va Ferlan Mendi “Qirollik klubi” uslubiga ko‘proq mos tushadi. 

Teo uchun “rossonerilar” tarkibi yaxshiroq variant. Bu erda uning mehnatini qadrlovchilar ko‘proq. U yoshligini “Bernabeu” zaxira o‘rindig‘ida emas, “San Siro” maydonida o‘tkazishni tanladi va aytishimiz mumkinki, to‘g‘ri qaror qabul qildi. 

Bugun u Pioli jamoasida almashtirib bo‘lmas etakchi. Himoyada qanchalik ishonchli bo‘lsa, hujumda ham birdek foydali. 

Teo

Markaziy himoyachi: Ezri Konsa (“Aston Villa”)

O‘tgan mavsumning eng hayratlanarli jamoalaridan birini arang APLda jon saqlab qolgan klub taslim etishi ham qaysidir ma’noda sensatsiya. Kris Uaylder darvozabonidangina ayrildi va uning o‘rniga boshqa bir yaxshi posbon olib kelindi. Remzdeyl “Bornmut”dan kelganiga qaramasdan, “tumanli albion” birinchiligi doirasida yaxshi darvozabonlar sirasiga kiradi. 

Konsa esa, o‘sha uchrashuvda kiritilgan yagona gol muallifi sifatida ramziy terma jamoamizdan o‘rin olmoqda. 

Konsa

Markaziy himoyachi: Leonardo Bonuchchi (“Yuventus”)

“Yuventus” ancha chiroyli g‘alabani qo‘lga kiritdi. “Sampdoriya”ga qarshi uchrashuvda A Seriyaning istalgan klubi qiyinchilikka uchraydi. Kvalyarella hujumda turar ekan, har qanday mudofaa ham xushyor tortishi talab etiladi. 

Bonuchchi esa, himoyadagi ishlarini to‘la-to‘kis ado etish bilan bir qatorda, hujumga o‘tib gol ham urib keldi. 

Bonuchchi

O‘ng qanot himoyachisi: Timoti Kastan (“Lester”)

Debyutidayoq gol urgan futbolchining yulduzli o‘yinlari oldinda, shekilli. “Byornli”ga qarshi keskin bellashuvda u naqd 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi. 

Ushbu uzatmalar “tulkilar”ning g‘alabasini ta’minlab berdi. “King Pauer”ga yig‘iladigan futbol muxlislari uchun yana bir sevimli futbolchi paydo bo‘lmoqda. 

Kastan

Markaziy yarim himoyachi: Markinos (PSJ)

“Nitstsa”ga qarshi kechgan bahsda biz o‘zimiz ko‘rishga o‘rganib qolgan PSJni ko‘rdik. Chiroyli g‘alabaga erishgan Parij klubidan ham bitta futbolchi ramziy terma jamoamizdan joy olishi kerak, deb hisobladik. 

Markinos Silvadan keyin jamoaning haqiqiy etakchisiga aylandi. Eng muhimi, u Tuxelga super qulaylik yaratadigan darajada universal. U markaziy himoyada ham, yarim himoyada ham o‘ynayveradi. Bosh bilan o‘ynashda ancha yaxshi ko‘rinmoqda. 

“Nitstsa” darvozaboni ham uning golidan bebahra qolmadi. 

markinos

Markaziy yarim himoyachi: Joshua Kimmix (“Bavariya”)

Kimmixning super o‘yini “Shalke”ga qarshi bahsda amalga oshirgan 2 ta assisti bilangina cheklanib qolmaydi. U qolgan 6 ta golda ham hujumning qaysidir bo‘g‘inida faol harakat qildi. Evropaning top-klublari transfer siyosatini “Bavariya”dan o‘rgansa arziydi. 9 mln evrodan ham kamroq summaga jamoaga olib kelingan Joshua bugun myunxenliklarga nimalarni hadya etmoqda!

Kimmix

Chap qanot vingeri: Son Xyon Min (“Tottenxem”)

Qit’adoshimiz har mavsum qaysidir ishi orqali muxlislarni hayratda qoldirishni yaxshi ko‘radi. O‘tgan mavsumdagi reydi hali yodingizdan ko‘tarilib ulgurmagandir. Bu safar esa 40 daqiqa ichida 4 ta gol kiritib, jamoasiga ajoyib g‘alaba taqdim etdi. 

“Tottenxem”ga bu g‘alaba naqadar muhim ekanligini barchamiz yaxshi anglab turibmiz. Regilon va Beyl bilan kuchayguncha ham maksimal darajada ochko ishlab olish muhim. 

Son

O‘ng qanot vingeri: Serj Gnabri (“Bavariya”)

Nemis forvardi “Shalke”ni umuman ayab o‘tirmadi. Startdayoq Bundesliganing o‘ziga yarasha katta klubini bu qadar yirik hisobda yutgan “Bavariya”dan kelgusida yanada kuchli o‘yinlarni kutsak bo‘ladi. Serj esa bu mavsum bemalol to‘purarlik uchun kurashib ko‘rsa ham bo‘ladi. Bu yo‘lda unga Levandovski va Xoland munosib raqobat uyushtiradi.

Gnabri

Markaziy hujumchi: Dominik Kalvert-Lyuin (“Everton”)

“Everton” bu mavsum rostdan ham kuchaygani ko‘rinib turibdi. Xames transferi, dastlabki ikki o‘yinga qarab xulosa qiladigan bo‘lsak, o‘zini oqladi. Kolumbiyalikning o‘zi ham ko‘ngli to‘lib futbol o‘ynayotgan bo‘lsa kerak. Dominik esa, bu mavsumda to‘purarlikni maqsad qilgan ko‘rinadi. Birinchi uchrashuvda ham aynan u g‘alaba goliga mualliflik qilgandi. O‘tgan gal uni ramziy terma jamoamizga kirita olmagandik. Mana, bu tur o‘zidan boshqa nomzodlarga “non” qoldirmadi.

Kalvert

Markaziy hujumchi: Xarri Keyn (“Tottenxem”)

Mourino Keynga tanaffusda nimalardir degani aniq. U orqaroqda to‘pni qabul qilish, qaramasdan uni Songa uzatish bo‘yicha aniq ko‘rsatma olmagan bo‘lsa, qanday qilib gollar bu qadar bir xil bo‘lishi mumkin. Tasodiflar tasodifan bo‘lmaydi, deyisharmidi?! 

U 4 ta assist amalga oshirishdan tashqari, uchrashuvni golsiz ham tark etmadi. Haqiqiy top-hujumchi!

Keyn

superliga (3)

*Izoh: Kecha bo‘lib o‘tgan UEFA Superkubogi bellashuvi ushbu ramziy terma jamoada inobatga olinmagan


Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!