
SPORTS.uz talqinida La Liga ramziy terma jamoasi
Ispan futboli ushbu mavsum avvalgilaridan farqli ravishda futbol ixlosmandlariga ko‘proq intriga taqdim qila oldi. Endi La Ligada asosiy masala chempionlik poygasidagina bo‘lib qolmay, evrokubok yo‘llanmalari uchun kurashadigan jamoalar ham ancha raqobatbardosh bo‘lib qoldi.
Ammo biz mavsumni jamoalar tomonidan emas, futbolchilar, fenomenlar jihatidan tahlil qilamiz.
Murabbiy: Zinedin Zidan (4-3-3)
O‘rinbosar sifatida olib kelingan Zidanning bu qadar salohiyatga egaligini kim bilibdi, deysiz?! Aksariyat kuchli futbolchilar murabbiylikda omadli bo‘lmaydi. Frantsiyalik «oltin bosh» sohibini esa qay jabhada kuchliroqligini tanlashga ham ojiz qoladi kishi.
Zidan Ronaldu ketgach, o‘zining 9 yillik etakchisidan ayrilgan jamoada boshqa qahramonlarni topib bera oldi.
Zidan joriy mavsumni, asosan, klassik 4-3-3 uslubida o‘tkazdi. Biz ham ramziy terma jamoamizni tuzishda ushbu taktik sxemaga amal qilamiz.
Darvozabon: Tibo Kurtua
"Samora" sovrinini ikki Madrid klubida qo‘lga kiritgan birinchi posbon – Kurtuaga bo‘lgan ishonchsizliklar yodingizdami? Ha, belgiyalikda etakchilik hislatlari yo‘q. Jamoasi yomon o‘ynayotgan paytda katta sahnaga chiqib, qahramonliklar ko‘rsata olmasligi mumkin. Ammo «Real» himoyasi joriy mavsumdagi kabi ishonchli harakat qilishda davom etsa, Tibo ham o‘z darajasini namoyish etish barobarida bu kabi e’tiroflarning ko‘piga sazovor bo‘lishi mumkin. Himoya kuchi darvozabonga ham muvaffaqiyat olib kelishiga Kurtua yaqqol misol. Aslini olganda, mavsum davomida 76 marta seyv amalga oshirgan darvozabon bu borada liganing 13-natijasini qayd etib turibdi. Birinchi pog‘onadagi Aitor Fernandes hisobida esa naqd 158 ta seyv bor.
Zidanning bo‘rondek yopirilgan tanqidlarga qaramay, unga imkon berishi ham tahsinga loyiq. 18 ta «quruq o‘yin» qariyb yarim mavsum gol o‘tkazmaslikka barobar. Demak, 28 yoshli futbolchi haqli ravishda terma jamoamiz darvozasini qo‘riqlaydi.
Chap qanot himoyachisi: Mark Kukurelya
«Xetafe» mavsumning pandemiyagacha bo‘lgan qismini kuchli to‘rtlik jamoasidek o‘tkazdi va shunday bo‘layotgan edi. Ammo har 2-3 kunda futbol o‘ynash uchun klubda ulkan zaxira bo‘lishi lozim. Ispaniyalik qanot himoyachisi esa joriy mavsumda jami 37 ta (!) bellashuvda maydonga tushdi. Yana bir e’tiborli jihati, Mark mana shu bahslar mobaynida biror marta ham kartochka ishlab olmagan.
Bir tarafdan, uning ramziy terma jamoamizga kiritilishi grand jamoalar chap qanoti vakillarining beqaror o‘yini va tez-tez rotatsiyaga uchraganidadir.
Markaziy himoyachi: Jerar Pike
Pikening yoshi o‘tib borayotgani bor gap. Ammo Gvardiola tiki-takasi faxriylaridan hisoblangan himoyachi ba’zi ko‘rsatkichlari bilan hujumkor futbolchilarning ham havasini keltiradi. U joriy mavsum hammadan ko‘p – 2460 ta aniq pas uzatgan. Solishtirish uchun, ikkinchi pog‘onadagi Busketsda 2315 ta va uchinchi natijani qayd etgan Toni Krossda esa 2184 ta shunday uzatma mavjud.
Har bitta o‘yinda o‘rta hisobda 6,29 marotaba raqiblaridan to‘pni olib qo‘ygan. Jamoasi bilan 14 ta bahsda darvozasi daxlsizligini saqlab qolishga erishgan.
Markaziy himoyachi: Serxio Ramos
Biz Bekkenbauer, Kempbell yoki Roberto Karlos kabi o‘tmish himoyachilarini sharaf bilan eslaymiz. Serxio Ramos ham yakuniga etib borayotgan faoliyati orqali kelgusida bu kabi afsonaviy himoyachilar ro‘yxatida birinchilardan bo‘lib tilga olinishi aniq. «El Kapitano» ushbu mavsumda «Real»da tom ma’noda etakchiga aylandi. Penalti bo‘ladimi, jarima zarbasimi – muhimi u eng zarur pallalarda hatto hujumchiga aylanib jamoasi uchun muhim gollarni kiritdi. Eng asabiy lahzalarda «Qirollik klubi» himoyasini xotirjamlik bilan boshqardi. Butun mavsum mobaynida 11 ta gol urishga elitadagi ba’zi jamoalarning manaman degan hujumchilari ham muvaffaq bo‘la olmagan. To‘p olib qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatkich o‘yin boshiga 6,03 tani tashkil etdi.
O‘ng qanot himoyachisi: Xesus Navas
«Sevilya» bu mavsum kuchli uchlikka juda yaqin keldi. 38 uchrashuvda 5 tagina ko‘proq gol urganida andalusiyaliklar bronza medalga ega chiqardi.
Ushbu pozitsiyada Xesus Navas qayd etilganining boisi joriy mavsum aynan ispan loterali raqobatchilari Karvaxal, Tripper va Semedudan ko‘ra fenomenal o‘yin ko‘rsatdi. U La Liganing barcha 38 uchrashuvida ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldi. O‘z hisobiga 7 ta pas ham yozdirib qo‘yishga ulgurdi.
Tayanch yarim himoyachisi: Kazemiro
Kazemiro tayanch yarim himoyachisining sof vazifalarini bajarib kelmoqda. Ushbu mavsum Ispaniyadagi boshqa hech bir futbolchi raqib hujumini Kazemirochalik ko‘p va xo‘b zararsizlantirmagan. U yakkakurashlarda g‘alaba qozonish borasida ham La Liga etakchilari qatorida.
«Real» g‘alabasida butun tarkibning hissasi katta. Biz madridliklar jamoaviy futbolining imkon qadar eng yorqin vakillarini ajratib olmoqdamiz.
Markaziy yarim himoyachi: Koke
«Atletiko» nima bo‘lgan taqdirda ham uchlikka kirdi. Demakki, ulardan kimdir ramziy terma jamoamizdan joy olishi lozim edi. Biz jamoa etakchisi Kokeni «matraschilar» safidagi ushbu nomga eng munosib futbolchi, deb topdik. 4 ta gol va 5 ta assist muallifiga aylangan ispan futbolchisi ushbu ko‘rsatkich bilan «Atletiko»ning qariyb har 5 ta golidan birida ishtirok etgan bo‘lib chiqadi. Vaholanki, Koke hujum uchligini to‘p bilan ta’minlovchi futbolchilar sirasiga kiradi.
Hujumkor yarim himoyachi: Lukas Okampos
Aslida, Okampos 26 yoshda va u futbol olami uchun yangilik emas. Ammo uning joriy mavsum La Ligada o‘tkazgan o‘yini avvalgi yillardagi harakatlariga nisbatan ancha salmoqli bo‘ldi. U bir necha yillik sargardonlikdan so‘ng Andalusiyada o‘z klubini topgandek. Hujumkor futbolchining debyut mavsumidayoq 33 uchrashuvda maydonga tushishi katta natija. Natija ham maydonga tushadigan-da: 14 gol va 3 assist.
Chap qanot hujumchisi: Xerar Moreno
Mavsumning ispaniyalik eng yaxshi hujumchisiga topshiriladigan "Sarra" sovriniga munosib topilgan futbolchiga chap qanot hujumini ishonib topshiramiz. «Sariq suvosti kemasi»ning 7-raqami sohibi hisoblangan futbolchi joriy mavsumda 35 ta turda maydonga tushib, 18 ta gol va 6 ta assist muallifiga aylandi. «Vilyarreal» kelgusi mavsum Evropa Ligasi guruh bosqichida o‘ynaydi.
Achinarlisi, ular ham «Xetafe» singari pandemiyagacha Chempionlar ligasi uchun jiddiy kurashayotgan edilar.
O‘ng qanot hujumchisi: Lionel Messi
«Barselona» ikkinchi Argentinaga aylanmoqda. Messi qanchalik kuchli o‘ynamasin ularni bir qadamlik joygacha olib kelishga qodir, xolos. “JCh-2014” yodingizda a?! Uni Maradona bilan solishtirishlari mutlaqo to‘g‘ri. Diego ham jamoasini finalgacha etaklab kelgan. Hal qiluvchi bahsda jamoadoshlari uning elkasidagi mas’uliyatini engillashtirishga muvaffaq bo‘lgan. Messida-chi?!
«Barselona» ushbu mavsumda shu qadar muammoli ediki, hatto bu gap-so‘zlar tashqariga ham bolalab ketdi. Leo ketishi haqida ham mish-mishlar qaytalandi. Ushbu mavsum haqli ravishda vitse-chempionlar old chizig‘idan bittagina futbolchi ramziy terma jamoamizga kiradi.
Markaziy hujumchi: Karim Benzema
O‘zi ishtirok etgan har bir uchrashuvda golli vaziyatda qatnashgan markaziy hujumchi La Ligada boshqa yo‘q. Frantsuz ayniqsa, restartdan keyin ancha yaxshi futbol namoyish etdi. 21 ta gol va 8 ta assist bilan to‘purarlar poygasida Messiga eng yaxshi raqobatchilik vazifasini munosib uddaladi. Zidanning jamoaviy futbolidan ajralib chiqib, bu kabi katta ko‘rsatkichlarni yuzaga keltirish oson emas.
«Oltin to‘p-2020» bekor qilinmagan taqdirda biz Benzemani eng yaxshi da’vogarlar orasida ko‘rgan bo‘lardik.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
La Liga yakunlari: natijalar, faktlar, rekordlar
SPORTS.uz talqini bo‘yicha kuchli beshlik chempionatlarida tur ramziy terma jamoasi
Fikrlar