Superliga. 14-turda nimalar ro‘y berdi?

  • 5 avgust, 2022, 20:10
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

1-3 avgust kunlari Superligada ikkinchi davraning dastlabki turi bo‘lib o‘tdi. Bellashuvlarda bir qator voqeliklar kuzatildi. Quyida turning e’tiborga molik voqeliklari haqida fikr yuritamiz.

“Olimpik” Superligada 5 tadan gol urishga o‘rgandi

Bu mavsum elitaga chiqqan “Olimpik”ning ishtahasi karnay. Avval “Bunyodkor”ga, endi “Surxon”ga 5 ta gol urdi. Timur Kapadze shogirdlari “qaldirg‘ochlar” ustidan qozongan g‘alabasidan so‘ng Shuhrat Maqsudovning kursisini qimirlatib yuborgandi. Hozir esa termizliklar murabbiyi Anxel Lopesga tanqid toshlari otilgan. Ispaniyalik mutaxassis “Surxon”ga o‘z qarashlarini singdirguncha yana yirik hisobda taslim bo‘lsa, birinchi reys bilan o‘z yurtiga jo‘nab ketishi hech gap emas.

Ha aytgancha, “Olimpik” joriy mavsum 5 tadan gol urayotgan yagona jamoa. Ular bu ishni ikki bor uddaladi. Demak, Kapadze shogirdlari bilan o‘yinda hazillashib bo‘lmaydi.

Superligada yozda amalga oshirilgan eng yaxshi transferlar TOP-10

20220705160351_IMG_5747 (1)

Maksim Shatskixning omadli debyuti

“Sherlar” yozgi transferlar davrida ancha o‘zgardi. Tarkibdagi legionerlarga javob berildi. O‘rniga boshqalari keldi. Bosh murabbiy Slavche Voyneski ham iste’foga chiqarildi. Jamoa tarbiyalanuvchisi Maksim Shatskix amaldagi chempionlar murabbiyiga aylandi.

Maksim debyutini autsayder jamoaga qarshi uchrashuvda o‘tkazdi. Buni yaxshi tomoni raqibning kuchsizligi, yomoni ham shu. Chunki futbolchilarda raqibga to‘g‘ri baho bermay, mensimaslik kayfiyati paydo bo‘lishi mumkin. Sal qolsa bu holat “Paxtakor”ga pand berib qo‘yishi mumkin edi. Katta o‘zgarishlardan so‘ng jamoada shunday tebranishlar bo‘lishi tabiiy.

Shu bilan birgalikda samarqandliklar safida bir qator tajribali futbolchilar paydo bo‘lgandi: Erkin Baydullaev, Marat Bikmaev, Elguja Grigalashvili. Bikmaev Superliga-2022dagi ilk golini poytaxtliklar darvozasiga urdi. Marat bu o‘yinda dublga erishdi.

20220718161611_IMG_7919

Hujumchilarga ish qoldirmagan himoyachi

39 yoshli Jasur Hasanov hali ham o‘z qanotida etakchilardan. Uning reydlari jamoasiga foyda berishda davom etmoqda. Jizzaxliklarning birinchi golida Hasanovning hissasi katta. U 90 foiz ishni bajardi.

Ikkinchi golda Avaz O‘lmasaliev o‘z darvozasini ishg‘ol qildi. Himoyachi posbon oldinga chiqayotganini ko‘rmadi shekilli huddi hujumchilardek darvozaga to‘pni yo‘lladi. “So‘g‘diyona” hujumchilariga ortiqcha ish qoldirmadi.

Diyor Imomxo‘jaevning gapida jon bor. "Bunyodkor" shundan ham quruq qolishi mumkin

IMG_1123

Jerard kabi sirpangan Xolmuhammedov

O‘yin derbi nomiga mos o‘tdi. Qiziq kartochka, VAR, jiddiy kurash va boshqalar.

Qo‘qonliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozonayotganida Murod Xolmuhammedov sirpanib ketib, raqibga to‘pni sovg‘a qildi. Farg‘onaliklar bu vaziyatdan gol urdi.

2013-2014 yili APLning hal qiluvchi bahsida Stiven Jerrard ham “Chelsi”ga qarshi bellashuvda sirpanib ketib, jamoasini chempionlikdan mosuvo qoldirgandi. Shuning uchun Xolmuhammedovning oyog‘i toyib ketgani fojea sifatida qaralmasa ham bo‘ladi. Boz ustiga o‘sha kuni Yaypanda yomg‘ir yog‘gandi.

Ushbu bellashuv hech kimni befarq qoldirmadi. Taniqli sharhlovchi Xayrulla Hamidov telegramdagi sahifasida "Vodiy derbisi" degan ta’rif shunaqa o‘yinlarga aytilsa to‘g‘ri bo‘ladi. APL boshlanib ketdimi deb o‘ylabman… degan fikrni bildirdi. Farg‘ona derbisini sog‘ingandik…

photo_2021-12-10_10-24-52 

Samvel Babayan 6 ochkolik o‘yinda “Nasaf”ni taslim etdi

Bu o‘yin haqida ortiqcha to‘xtalib o‘tishning hojati yo‘q. Yilda o‘tkaziladigan eng muhim o‘yinlardan biri edi. “Ajdarlar” Qarshida 4 yildan beri “lochinlar”ni enga olmayotgandi. Endi seriya yana cho‘ziladigan bo‘ldi. 

Uchrashuvning qiymati ancha baland, 6 ochkolik o‘yin edi. Chempionlik yo‘lidagi ikki jamoaning o‘zaro kurashi va bunda namanganliklar zafar quchdi. Samvel Babayan to‘g‘ri taktika qo‘llab, o‘zi 3 ochko oldi hamda “Nasaf”ni 3 ochkodan mosuvo qoldirdi.

“Navbahor” muhim qadamlardan birini tashladi va bu orqali niyati qanchalik jiddiy ekanligini namoyish qildi.

Samvel Babayan yopishga qiynalayotgan “Navbahor”ning nozik nuqtasi

20220802160244_IMG_0118

Derbidagi yana o‘sha g‘alaba va yana o‘sha futbolchiga ko‘rsatilgan qizil kartochka

Ochig‘i, bu bellashuvda aksariyat insonlar olmaliqliklarning imkoniyatini balandroq hisoblayotgandi. Tarkib va o‘z oldiga qo‘ygan maqsaddan kelib chiqsak, Mirjalol Qosimov shogirdlari ancha yorqinroq namoyn bo‘ladi. Lekin AGMKdagi tajriba ishtiyoq oldida ojizlik qildi. Futbolda taxminlar doim ham o‘zini oqlamasligini yana bir bor ko‘rdik.

Qolaversa, Sardor Rahmonov 1-turda “Metallurg”ga qarshi o‘yinning 20-daqiqasida qizil kartochka olib jamoasini qiyin ahvolga solib qo‘ygandi. Buni qarang-ki, javob bahsida ham Rahmonov maydondan chetlatildi 40-daqiqada. Birinchi o‘yinga qaraganda, derbida 20 daqiqa ko‘proq harakat qildi himoyachi, o‘sish bor.

Undan avval “Olimpik” bilan bahsda qizil kartochkaga ravo ko‘rilgandi va shunda olmaliqliklar imkoniyatni boy bergan. Rahmonov bu ketishda bir mavsumda qizil kartochkalar olish bo‘yicha rekord o‘rnatsa kerak.

photo_2022-01-05_16-49-31

“Lokomotiv” sobiq Lokochilarga qarshi

Lokolashgan “Qizilqum” Toshkentga tashrif buyurdi. Navoiyliklar safida asosiy tarkibda maydonga tushgan 7 futbolchi “Lokomotiv” safida to‘p tepgan. Shuning uchun “Lokomotiv” stadioni “Qizilqum” uchun begona emasdi. E’tiborga molik tomoni, "Lokomotiv" o‘z uyida qizil libosda harakat qilardi. Bu gal "Qizilqum" qizil formada maydonga tushdi. Logotiplarga e’tibor qaratmagan inson "Lokomotiv" ikkiga bo‘linib o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazmoqdami? degan hayolga kelishi mumkin.

IMG_2820

O‘yinda Javohir Alijonov tomonidan kiritilgan gol mezbonlarga 3 ochko keltirdi. Ajab emas, keyingi mavsum Javohirni ham “Qizilqum”da ko‘rib qolsak. 

 

Bekzod ISAEV

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!