
Superliga. Raqamlardagi ustunlik "Nasaf"da, taqvim esa "Neftchi"da engilroq (prevyu+taqvim)
Xabaringiz bor, bugun Superligada 21-tur uchrashuvlari davom ettiriladi. Turning markaziy qarama-qarshiligi Qarshida bo‘lib o‘tadi. Unda "Nasaf" jamoasi Farg‘onaning "Neftchi" klubini mehmon qiladi.
Prevyu
"Nasaf" va "Neftchi" jamoalari O‘zbekiston chempionatida o‘zaro 49 bor to‘qnash kelishgan. Shulardan 20 o‘yinda qarshiliklarning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, 18 o‘yinda Farg‘ona jamoasi uch ochko egasiga aylangan. 11 uchrashuvda esa tomonlar murosa ko‘chasini tanlashgan. To‘plar nisbati 65:56, ustunlik "Nasaf" tomonida. O‘zaro o‘yinlarda qayd etilgan eng yuqori hisoblar quyidagicha: "Nasaf" – "Neftchi" 4:1, "Neftchi" – "Nasaf" 4:0.
Ayni paytda jamoalar musobaqa jadvalida yonma-yon joylashishgan: "Neftchi"-3, "Nasaf" esa 4-o‘rinda. Ochkolar orasidagi farq ham minimal ko‘rinishda.
Chempionlik uchun kurash
Bugungi g‘alaba jamoalarning kamida medallar uchun kurashish imkoniyatini oshiradi. Chempionlik yo‘lida esa ikkala jamoani ham oldinda bir qator muhim o‘yinlar kutib turibdi. "Neftchi" zaxirasida 1 ta o‘yin bor. Mavsum yakuniga qadar farg‘onaliklar "Nasaf"dan tashqari "Bunyodkor", "Turon" va "Navbahor" bilan safarda o‘yinlar o‘tkazadi. O‘z uyida esa "Surxon", "Olimpik" va "Qizilqum" jamoalarini mehmon qiladi.
"Nasaf"da esa taqvim biroz murakkabroq. "Ajdarlar" qolgan 6 turda uyida "Neftchi", "Metallurg" va "So‘g‘diyona" bilan o‘ynasa, "Navbahor", "Paxtakor" va OKMK maydonlariga safar qiladi.
Qayd etish kerakki, uch frontda kurash olib borayotgan "Nasaf" va bor e’tiborini faqat Superligaga qaratgan "Neftchi" futbolchilaridagi jismoniy holat mavsum oxirigacha turli dinamikada bo‘ladi. Shuningdek, MTJ va OTJning oktyabr va noyabr oyidagi yig‘inlari uchun "Nasaf"dan kamida 6 nafar futbolchi jalb etilsa, "Neftchi"da bu raqamlar taxminan ikki barobarga kamroq bo‘ladi. Yuqoridagi faktorlar jamoalarning bo‘lajak bahslaridagi natijalariga ta’sir etmay qolmaydi.
Ma’lumot uchun, bugungi "Nasaf" - "Neftchi" uchrashuvi soat 18:30 da start oladi.
Fikrlar