Superligada 18-tur o‘yinlari boshlandi. "Paxtakor" - "Navbahor" va boshqa uchrashuvlar haqida
Bugundan Superligada 17-tur bahslari start oladi. Uchrashuvlardan avval jamoalarning imkoniyatlari borasida so‘z yuritamiz.
"Qo‘qon 1912" - "Mash’al"
Bugundan Superligamizda 18-tur bahslariga start beriladi. Ushbu turni "Qo‘qon-1912"- "Mash’al" uchrashuvi ochib beradi. Turnir jadvali markazidan o‘rin olgan har ikki klub o‘tgan turda mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgani va mehmonlarning turnir jadvalidagi ahvoli havas qilarli darajada emasligi, uch ochko uchun jiddiy kurash bo‘lishidan dalolat. Umid qilamizki, bu safargi uchrashuv birinchi davradagi kabi ko‘plab bahs munozarali holatlardan holi bo‘ladi.
"Andijon" - "Metallurg"
Jadvalning so‘nggi pog‘onasini band etib turgan "Andijon" "Bobur Arena"da "Metallurg"ga qarshi maydonga chiqadi. Pro ligaga tushib ketishga asosiy davogar bo‘lib turgan vodiyliklar 17-turda Muborakdan uch ochko bilan qaytishga muvaffaq bo‘ldi. Bekobodliklar esa amaldagi chempion "Paxtakor"dan 0:3 hisobidagi mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Ikki klub ham jadvalning quyi qismida ekanligidan kelib chiqib ko‘pchilik uchun oddiy bo‘lib ko‘ringan bu o‘yin yakunda hayot-mamot masalasini hal qilib qo‘yishi mumkin. Shunday ekan e’tibordan qochirmang.
"Paxtakor" - "Navbahor"
Superligada bu mavsum mag‘lubiyat nima ekanligini bilmay kelayotgan "Paxtakor" o‘zi uchun noqulay raqib hisoblanmish "Navbahor"ga qarshi saf tortadi. "Lochinlar" oldingi yillarga qaraganda biroz kuchsizlangan bo‘lishiga qaramasdan etakchi klublarga qarshi alohida tayyorgarlik ko‘rishini AGMK bilan bahsda ham yana bir bor namoyish etdi. "Sherlar"ning maqsadi esa mag‘lubiyatsiz seriani davom ettirish ekani aniq. Natija qanday bo‘lishidan qat’iy nazar bizni 90 daqiqa printsipial raqobat kutib turgani shubhasiz.
AGMK- "Turon"
Medallar uchun kurash olib borayotgan AGMK musobaqa debyutanti "Turon"ni mehmon qiladi. Har bir yo‘qotilgan ochko olmaliqliklarni ikkinchi pog‘onadan uzoqlashtirgani bois g‘alabadan boshqa natija ularni qoniqtirmaydi. O‘z navbatida oldiga katta maqsadlar qo‘yib Superligaga chiqqan "Turon"ni "Lokomativ" va "Nasaf"ga qarshi kechgan og‘ir o‘yinlardan keyin yana bir jiddiy sinov kutib turibdi. Ko‘ramiz Igor Shkvirin sobiq jamoasiga qanday sovg‘alar tayyorlab qo‘ygan ekan.
"Lokomativ" - "Surxon"
Mavsum boshida jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urgan "Lokomativ" sekin-asta o‘z o‘yinini topib bormoqda. Ispaniyalik mutaxassis balki o‘ziga bildirilgan ishonchni kelasi mavsumlarda to‘lig‘icha oqlar, hozircha uning jamoasi 8-o‘rinda bormoqda. Ularning bu turdagi raqibi "Surxon"da esa vaziyat undanda og‘irroq. Surxondaryolik futbolchilar 17-turdan keyin 14 ochko jamg‘arishga erishgan xolos. Hozir ularga raqibning kim ekanligi qaysi shahar jamoasi ekanligi qiziq emas ularga keragi faqat g‘alaba.
"So‘g‘diyona" - " Bunyodkor"
Ulug‘bek Baqoev boshchiligida raqobatbardosh jamoaga aylangan "So‘g‘diyona" ayni paytda musoqaba jadvalida ikkinchi bo‘lib turibdi. Nihoyat, jizzaxliklarning mehnati meva berishni boshlagandek ammo, 18-turdagi raqib ham anoyi emas, "Bunyodkor". "Qaldirg‘ochlar" AGMKni izma-iz taqib etib kelmoqda. Toshkentda kechgan bahsda g‘olib aniqlanmagani ham klublar teng kuchga ega ekanliklaridan dalolat beradi. Shubhasiz bu uchrashuv turning markaziy bahsi hisoblanadi. Ko‘ring ketgan vaqtingizga achinmaysiz.
"Nasaf" - "Qizilqum"
Jadvalda yonma-yon borayotgan "Nasaf" va "Qizilqum" 18-turda Qarshidagi "Markaziy" stadionda o‘zaro to‘qnash keladi. Nom jihatidan mezbonlar biroz ustunroq ko‘rinsa-da, navoiyliklarning bu yilgi o‘yinlari ham tahsinga loyiq. Ro‘ziqul Berdiev doimgidek akademiyadan etishib chiqqan yoshlardan ajoyib tarkib tuza olgan bo‘lsa, mehmonlarda Elguja Grigalashvili va Mate Vatsadze kabi sifatli legionerlar bor. Ular jamoaning yaxshi natijalarga erishishiga katta hissa qo‘shmoqda. Umuman olganda, "Nasaf"ning kuchiga shubha yo‘q, ammo bu o‘yindan keyin biz "Qizilqum"ning imkoniyatlariga qay darajada ekanligiga oydinlik kiritib olishimiz mumkin bo‘ladi.
Ma’ruf TOShBEKOV



Fikrlar