
Superligada ikki xil kayfiyatdagilar yoxud mag‘lubiyatsiz va g‘alabasiz odimlayotgan jamoalar to‘qnashganda...
Chempionatni ishonchli boshlagan “Bunyodkor”ni 4-turda “Turon”ga qarshi o‘yini bor. 2 aprel sanasida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvga ikkala jamoa ikki xil kayfiyatda etib keldi, desak balki mubolag‘a qilmagan bo‘larmiz. Boisi, “Bunyodkor” 3 ta bahsning barchasida g‘alaba qozongan bo‘lsa, “Turon”da 3 ta uchrashuvda 1 durang va 2 mag‘lubiyat bor, hali g‘alaba qozongani yo‘q.
Agar natijalar nuqtai nazaridan solishtiradigan bo‘lsak, “Turon”ga g‘alaba suv va havodek zarur ekanini anglash qiyin emas. “Bunyodkor”da bo‘lsa kayfiyati a’lo darajada va futbolchilarida g‘olibona ruh ancha kuchaygan. Gol urish borasidagi samaradorligi ham ancha yaxshi. Raqiblar darvozasiga 7 ta gol urgan va o‘z darvozasidan 2 ta to‘p olib chiqqan. 13-pog‘onadagi “Turon” esa 3 ta uchrashuvda 3 ta gol urgan 5 marta darvozasidan to‘p o‘tkazib yuborgan.
Darvoqe, bu jamoalarning o‘zaro o‘yinlar tarixi uzoqqa borib qadalmaydi. Hammasi ikki yil oldin boshlangan. “Bunyodkor” va “Turon” klublari ilk bor 2021 yilgi mavsumning birinchi davrasida to‘qnash kelishgan. O‘shanda Yaypandagi o‘yinda “Bunyodkor” javobsiz 3 ta gol urgan. Mirjahon Mirahmadov, Farruh Ikromov va Ibrohim Tomivaning gollari yirik hisobdagi g‘alabani ta’minlagan. Ikkinchi davrada “Bunyodkor” maydonidagi bahsda esa mezbonlar yana 3 ta gol urgan va raqib 1 marta javob qaytargan – 3:1. “Bunyodkor”dan Xurshid G‘iyosov, Umarali Rahmonaliev va Nurillo To‘xtasinovning gollariga “Turon” hujumchisi Humoyun Murtazoev bitta gol bilan javob qaytargan. “Bunyodkor” safida gol urgan futbolchilarning barchasi bugungi kunda boshqa klublar sharafini himoya qilishmoqda. O‘zaro o‘yinlarda “Turon” safida hozircha yagona gol muallifi bo‘lib turgan Murtazoev hamon yaypanliklar uchun to‘p surishda davom etyapti.
Bilasiz, “Turon” bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov Yaypanga bu yil o‘zi bilgan bir qator futbolchilarni olib keldi. Tajribali ijrochilarga ega. Biroq hali jamoa o‘z o‘yinini topib ulgurgani yo‘q. Shuning uchun ham “Turon” hozircha g‘alaba qozona olmayapti.”Bunyodkor” esa ko‘rsatayotgan o‘yiniga munosib tarzda musobaqa jadvalida yuqori o‘rinlardan birida yuribdi. Ayniqsa, “qaldirg‘ochlar” safida tezkor futbolchilar va iqtidorli yoshlar jamlangan. “Bunyodkor”ning o‘yin uslubi borligi ortda qolgan uchrashuvlarda ham namoyon bo‘lyapti.
Shuni ham esdan chiqarmaslik kerakki, “Turon”ning g‘alabasiz ekani ularni bo‘lajak uchrashuvga yanada jiddiy tayorlanishiga turtki berishi shubhasiz. Ashurmatov jamoasi rahbariyat va muxlislarning oldida yuzini yorug‘ qilishi uchun albatta “Bunyodkor”ga qarshi bellashuvda ijobiy natija qayd etishi talab qilinadi. “Bunyodkor” esa g‘alabali seriyasini buzishni xohlamaydi, albatta. To‘g‘ri, futbolda yutqazmaydigan jamoaning o‘zi yo‘q. Lekin “Turon” raqibini engishning uddasidan chiqa oladimi? Hamma gap mana shunda.
O‘tgan turda Baxtiyor Ashurmatov jamoasi nihoyat o‘z uyida “Surxon” bilan uchrashuvda ilk g‘alabasini qo‘lga kiritadi deb turilgan bir paytda faqat bir ochko ishlab olgandi xolos. Bu “Turon” uchun mag‘lubiyatga teng bo‘ldi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. O‘sha uchrashuvda yaypanliklar tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqarib yuborishgandi. Bunisi endi yanada jiddiy. Aftidan, “Bunyodkor” – “Turon” qarama-qarshiligi ancha tomoshabop ruhda o‘tadigandek...
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar