Superligada shunday o‘yin borki, vaqt qanday o‘tib ketganini sezmay ham qolsak kerak...

  • 22 aprel, 2023, 13:56
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 7-turida sizni yana bir vodiy derbisi kutayotganini bilsangiz kerak-a? Bu safar Yaypanda “Turon” “Navbahor”ni qabul qiladi. Buni yangi vodiy derbisi deb hisoblasak ham bo‘laveradi. Chunki yaypanliklarni Superligada qatnashayotganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Shunga yarasha o‘zaro uchrashuvlar ham olis tarixga borib qadalmaydi. Har qanday holatda ham bu vodiy derbisi. Derbilar qanday o‘tishini va o‘tayotganini ko‘rib turibsiz.

Bu o‘yin ayniqsa “Turon” uchun juda qadrli va ahamiyatli. Nega deganda, yaqinda Yaypan jamoasiga rossiyalik Denis Bushuev bosh murabbiy etib tayinlandi. “Navbahor”ga qarshi bahs esa uning “Turon”dagi debyutiga aylanadi. Har qanday murabbiy yangi jamoasidagi ilk o‘yinni g‘alaba bilan boshlagisi keladi. Busiz ham barcha “Turon” yangi mutaxassis qo‘l ostida qanday o‘yin ko‘rsatishiga qiziqyapti. Lekin tanganing orqa tomoni ham bor. Yangi murabbiyning uslubiga moslashishga ulgurishadimi? Bunga ham ma’lum vaqt kerak bo‘lishini bilasiz. Lekin yana bir jihatini unutmaslik kerakki, bunday derbilarda istalgan jamoa borini beradi va ayniqsa, maydonda katta ishtiyoq evaziga to‘p surishlari shubhasiz. Raqib “Navbahor” bo‘lsa, o‘yinchilarga ortiqcha motivatsiyaning ham keragi bo‘lmay qoladi.

turon2_2

Yuqorida aytganimizdek, bu jamoalarning o‘zaro uchrashuvlar tarixi uzoqqa bormaydi. Hammasi yaqindagina boshlangan. “Turon” o‘tgan yili pro ligada o‘ynadi. Undan oldingi, 2021 yilgi Superligada o‘tkazgan debyut mavsumida “Navbahor”ga qarshi ikkita bahsda maydonga tushgan. O‘shanda Namangandagi uchrashuvda hisob ochilmagan. Yaypanda “Turon”ga qarshi bahsda “Navbahor” 1:0 hisobida g‘alaba qozongan.

Yana bir gap: “Turon”da “Navbahor”ning sobiq futbolchilari to‘p surmoqda. Birinchi navbatda Azim Ahmedov tilga olinadi. Namanganliklarning ko‘p yillik sardori va etakchisi o‘tgan mavsum yakuniga etganidan so‘ng “Navbahor”ni tark etdi. Bu yil esa “Turon”da faoliyatini davom ettirmoqda. Bundan tashqari, Rahim Davron, Quvondiq Ro‘ziev, Xurshid Muxtorov, Xushnud Avilov singari ilgari “Navbahor” sharafini himoya qilgan futbolchilar endi sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushadilar. Ular uchun mazkur bahsning mavqei va ahamiyati o‘zgacha kasb etishi muqarrar. Ayniqsa, Ahmedov bunday o‘yinlarda bosh rolga chiqadi. Chunki Namangan farzandi, “Navbahor”ga mehnati singgan yigit. U namanganlik ishqibozlarning mehrini qozongan. Endi o‘zi uchun qadrdon klubiga qarshi to‘p surishini kuzatish yanada qiziq.  

turon4_1

Qizig‘i, ushbu tur oldidan har ikkala jamoa ham vodiy derbisida qatnashishdi. “Turon” Farg‘onada “Neftchi” bilan uchrashuvda oxirgi daqiqalarda urilgan gol evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. “Navbahor” esa Namanganda “Andijon”ni qabul qilib 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bu gal yana derbi doirasidagi uchrashuvda ishtirok etishadi. Bilasiz, “Navbahor” Samvel Babayan boshchiligida faqat va faqat chempionlik uchun kurash olib bormoqda. Ammo ortda qolgan 6 ta turning 2 tasida namanganliklar yutqazishga ulgurdilar. Ikkalasi ham safardagi o‘yinlarda bo‘lib, “Paxtakor” va OKMKga mos ravishda 2:1 hisoblarilda imkoniyatni boy berdi. O‘z maydonida esa darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan holatda raqiblarini mag‘lub etib kelmoqda. “Navbahor” hozircha ushbu chempionatda safarda hali yutgani yo‘q. Derbida yoqimsiz seriyasiga chek qo‘yishini ashaddiy ishqibozlari intiqlik bilan kutmoqda.

Maydonda ikkala jamoa chinakam jangga kirishishi shubhasiz. “Turon” dastlabki g‘alabasiga erishish uchun, “Navbahor” bo‘lsa mehmonda ham uch ochkoni olish ishtiyoqida maydonda kurashadilar. Yakuni qanday bo‘lishini bilmadigu, lekin vaqt qanday o‘tib ketganini sezmay ham qolsak kerak.   

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
ibroximmm
22/04/2023 16:19
Шухрат мавзуни вохима килиб тулдириш шартмас хозирги кунда бош кахрамон командалар эмас судиялар булиб коляпти Суперлига кийматини йукотиб булди ПФЛ Бир тийин буб колди кароччи
Кахрамонжон Сафаров
23/04/2023 12:44
Фикр билдираётган укамиз ИБРОХИМЖОНни куллаб-куватлайман яхши ва чиройли уйинларни харомга чикараётган бу бефаросат судьялар Водий командаларини синдириш нафас олдирмаслик билан овора булиб колишган агар Водий ва Воха командалари булмаса Узбек Футболи 00000 га тушиши аник бу номард хакамлар яхшигина ойлик олаётгани хаммага маълум оила бола-чакасига пулни халол олиб кирсин колгани АЛЛОХ дан тухфа булаверади гнида асимовни ойлигини мен хам беришга тайёрман агар тугри уйин бошкарса лекин НЕФТЧИ- Бухоро уйинига жавобгарлиги конуний ва инсонийлик даражасида хал этилсин харомхурлигини халоллаб куйинглар
Timur Ahmedov
23/04/2023 14:37
Dangal sonida bezrayib intervyu berganichi bu uyzsizlar