
Superliganing 10 turi davomida qancha muxlis stadionga keldi?
Futbolda har qancha chiroyli o‘yin bo‘lmasin, unda muxlis bo‘lmasa bor jozibasini yo‘qotadi. Bu yilgi futbol bo‘yicha O‘zbekiston superligasi muxlislarga jumdayam manzur bo‘lmoqda. Har turda biri-biridan qiziqarli o‘tayotgan uchrashuvlarga guvoh bo‘lishdan tashqari tanaffuslarda estradamiz ijodkorlari ijrosidagi kontsert dasturlari ularning 15 daqiqa ichida zerikib qolmasliklarini ta’minlamoqda. Stadionlarda tomoshabinlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarning yaxshilanib borishi esa muxlislar tashrifini yanada ko‘paytiradi. Keling, ushbu maqolamiz orqali ortda qolgan 10 tur ichida stadionlarga tashrif buyurayotgan muxlislarning sarhisobini qilsak. Lavhani bir qiziqarli fakt bilan boshlasak. Ortda qolgan so‘nggi 10-turda barcha turlar orasida eng ko‘p muxlis tashrif buyurish bo‘yicha rekord ko‘rsatkich qayd etildi. Bu gal 6 stadionga tashrif buyurgan muxlislar soni 88 564 nafarni tashkil qilmoqda. Umumiy barcha o‘yinlarga kelgan tomoshabinlar soni esa 737954ga etdi.
Eng ko‘p muxlis kelgan o‘yin.
Bu rekord 3-tur doirasidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Lokomotiv” uchrashuviga to‘g‘ri keldi. Namanganliklarning mavsumdagi ilk o‘yinini tomosha qilish uchun stadionga 25300 tomoshabin kelgan.
Eng kam muxlis kelgan o‘yin.
Bu qo‘shtirnoq ichidagi nominatsiya qaysidir jamoaning o‘yiniga tomoshabinlar kam kelayotganini kamsitishdan emas. Odatda eng baland ko‘rsatkich haqida gap ketganida, yonida minimal ko‘rinishi ham tilga olib o‘tiladi. Buni qarangki, bu yo‘nalishda 5-tur doirasida amaldagi O‘zbekiston chempioni “Lokomotiv” hamda “Qo‘qon-1912” jamoalari o‘rtasidagi bahs qayd etilgan. O‘sha qarama-qarshilikni tomosha qilish uchun 3123 muxlis kelgan.
Eng muxlis kelgan stadion.
Bu borada, shubhasiz, “Bunyodkor” stadioni etakchi. “Qaldirg‘ochlar”ning uy uchrashuvlarini tomosha qilish uchun jami 103236 ishqiboz tashrif buyurgan. Ikkinchi o‘rinda “Buxoro” bormoqda. Ulug‘bek Boqoev jamoasining o‘yinlari roppa-rosa 99 ming muxlis ko‘z o‘ngida o‘tdi. “Paxtakor” markaziy stadioni esa bu borada “kuchli uchlikni” yopib turibdi. “Sherlar”ning uchrashuvini tomosha qilish uchun jami 84552 muxlis kelgan. Qolgan ko‘rsatkichlar quyidagicha.
O‘rtacha tashrif.
Yana bir jihatni e’tiborga olish kerakki, reglamentga ko‘ra, jadvalda kuchli 4likdagi jamoalar mana shu 10 turning 6tasini o‘z maydonida o‘tkazishgan. Beshinchi o‘rinda turgan “Navbahor” esa 4 bor mezbon bo‘ldi. “Qizilqum” maydonida 7 ta bahs o‘tgan bo‘lsa, Qo‘qonda 3 ta uch uchrashuvi bo‘ldi. Shu nuqtai nazardan o‘rtacha tashrifni hisoblab chiqsak. Agar namanganliklarning bu boradagi ko‘rsatkichiga qaraydigan bo‘lsak, ularning yaqqol peshqadam ekanliklariga guvoh bo‘lamiz. “Navbahor”ning har bir o‘yiniga o‘rtacha 19760 muxlis to‘g‘ri kelmoqda. Bu borada “Bunyodkor” ikkinchi, “Buxoro” esa uchinchi o‘rinda turibdi.
Ushbu raqamlar, ayniqsa, viloyatlarda futbol havosi poytaxtnikidan ko‘p bo‘lsa borki, kam emasligini ko‘rsatib turibdi. Chempionatimizning oldinda kutib turgan bellashuvlari ortda qolgan uchrashuvlardan qiziqarli o‘tishiga, shu bilan birga muxlislarning tashrifi ham yanada ortisha hech qanday shubhamiz yo‘q.
Fikrlar