"Surxon" "chaqilmas yong‘oq" bo‘ladimi? Qanday legionerlarga qiziqyapti? Klub qaysi o‘rin uchun kurashadi? Yoxud bosh murabbiydan rejalar xususida
Termizning “Surxon” klubi o‘tgan yili yo‘l qo‘yilgan xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqardimi yoki yo‘qmi, buni yangi mavsumda bilib olamiz. Hozircha ishlar bir tekis davom etyapti.
Bilasiz, yaqinda klubga Rufat Akramxo‘jaev bosh murabbiy etib tayinlandi. Aynan uning boshchiligidagi murabbiylar shtabi tayyorgarlik ishlarini olib bormoqdalar. “Surxon” bosh murabbiyi esa sports.uz uchun o‘zining rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
“Surxon”ning taklifi men uchun yoqimli syurpriz bo‘ldi”
- Bosh murabbiylikka taklif qilishlari men uchun kutilmagan bo‘ldi. Avvalambor, “Surxon” rahbariga ushbu lavozimga taklif qilib, ishonch bildirgani uchun minnatdorlik bildiraman. O‘yinlarimiz hamda natijalarimiz bilan ishonchni oqlashga harakat qilamiz. Ayniqsa, muxlislarimizni ham g‘alabali o‘yinlarimiz bilan xursand qilishimiz kerak. “Surxon” men uchun begona emas. 2018 yili ham bu jamoada ishlaganman. O‘shanda iliq taassurotlar qolgan. Har bir murabbiyning futbolga qarashi bor. Biz ham o‘zimiz tanlagan yo‘ldan borgan holda yaxshi jamoa shakllantiramiz. Bir so‘z bilan aytganda, “Surxon”ning taklifi men uchun yoqimli syurpriz bo‘ldi.

“Tarkibning 80 foizi o‘zgardi”
- Tayyorgarligimizning ikkinchi haftasi boshlandi. Barchasi reja asosida davom etyapti. Selektsiya bo‘yicha ishlar olib borilyapti. Futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazyapmiz. Rahbariyat oldimizga sakkiztalikka kirishni maqsad qilib qo‘ygan. Shunga qarab tarkibni shakllantirishga harakat qilyapmiz. Jamoani u qadar yoshartirib yubormoqchi ham emasmiz. Muhimi, kelajakni o‘ylab jamoa tuzyapmiz. Yoshlar bilan tajribali futbolchilarning uyg‘unlashuvini amalga oshirmoqchimiz. Ana shunda iqtidorli yoshlarda ham o‘zlaridagi ishonch ortadi. Tarkibning 80 foizi o‘zgardi. Xabaringiz bor, ko‘plab o‘yinchilarimizning shartnomalari tugagani sababli ketishgan. Biz o‘zimizning o‘yin uslubimizga moslashtirgan holda o‘yinchilarni yig‘yapmiz. “Chaqilmas yong‘oq” ko‘rinishidagi jamoani tuzmoqchimiz. Faqat boshlagan ishimizning mevasini berishi uchun vaqt kerak. Barchasi birdaniga sodir bo‘lib qolmaydi. Yoshlar jamoamizdagi iqtidorlar asosiy tarkibga bosqichma-bosqich o‘tishadi. Rejamiz bo‘yicha 21 yanvarda “So‘g‘diyona”, 26 yanvarda “Andijon” hamda 29-kuni AGMK bilan o‘ynaymiz. Tayyorgarligimiz Toshkentda olib boriladi.

“Yangi o‘yinchilar haqida murabbiylar bilan maslahatlashib bir qarorga kelamiz”
- Superligada to‘p surgan bir qator o‘yinchilarni ko‘ryapmiz. Ularning yoshi har xil, lekin o‘yin uslubi o‘xshash bo‘lishi mumkin. Katta va kichik yoshdagi futbolchilarning o‘yinlarini kuzatib, kimning qanday imkoniyatga egaligini o‘rgangan holda murabbiylar shtabi bilan maslahatlashib kimlarni olib qolish bo‘yicha bir qarorga kelamiz. Agar 21 yoshli o‘yinchi bilan 29 yoshli futbolchining o‘yini bir xil bo‘lsa, unda 21 yoshdagisini olib qolamiz. Nuriddin Hasanov, Asror G‘ofurov, Alisher Salimov, Xusniddin G‘ofurov, Azamat Ahmedov, Behruz Shoydulov va yana bir qancha o‘yinchilarimiz shug‘ullanishyapti.
“Rossiya, Ukraina, Serbiya va Erondan legionerlarni ko‘ryapmiz”
- Rahbariyat legioner o‘yinchilarni taklif qilishimizga ruxsat bergan. Bu masala bo‘yicha ham ishlayapmiz. Yaqin kunlarda hal bo‘lib qoladi. Hozirgi paytda muzokaralar davom etyapti. Legioner olish kerak ekan deb, ko‘r-ko‘rona taklif qilavermaymiz. Bizning muhitga tezroq moslasha oladigan o‘yinchilarni chorlaymiz. Biz ko‘rayotgan futbolchilar Rossiya, Serbiya, Eron, Ukraina kabi mamlakatlardan. O‘tgan yilgi legionerimiz - Darko Stanoevich bilan ham muzokara olib boryapmiz. Uni yana jamoamizda qolish ehtimoli bor. Menimcha, yaqin kunlarda barchasi ma’lum bo‘lib qoladi. Darko bilan kelishib qolsak, “Surxon”da to‘p surishiga qarshi emasmiz, qaytanga u jamoani kuchaytiradi. Yurtimiz futbolini yaxshi bilgani uchun moslashishiga ko‘p vaqt ketmaydi.

“Jamoani shakllantirishning o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor”
- Tarkibni boshqatdan shakllantirishning o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor, albatta. Jamoani yig‘ib olganingiz bilan baribir futbolchilarni jipslashtirish kerak bo‘ladi. Murabbiylar nimani xohlayotganini ularga yaxshilab etkazib berishi uchun ham baribir vaqt zarur. Biz yig‘ayotgan o‘yinchilar etarli darajada professional. Agar to‘g‘ri yo‘nalishda davom etsak, buni ham tezda engib o‘tamiz.

Fikrlar