"Surxon"dan nega ketmoqchi bo‘ldi? Jamoa o‘yinini qanday qilib kuchaytirdi? Klubning kelajagidan nima uchun xavotirda? Bahrom Haydarovdan ochiq munosabat

  • 19 avgust, 2021, 22:34
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Surxon” ikkinchi davrada yaxshi start oldi. Bekobodda “Metallurg” mag‘lub etildi, keyin “Andijon” ustidan g‘alaba qozondi. So‘ngra, O‘zbekiston Kubogi nimchorak finalda “Mash’al” ham taslim etildi. “Surxon” esa chorak finalga yo‘l oldi. Ko‘rinib turibdiki, bu jamoaning o‘yini va natijalari yaxshi tarafga o‘zgardi.

Bosh murabbiy Bahrom Haydarov jamoa o‘yinini yo‘lga qo‘ya olgan ko‘rinadi. Shu o‘rinda aynan murabbiy masalasiga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Mavsumga Rufat Akramxo‘jaev boshchiligida kirishgan jamoada keyinchalik murabbiy o‘zgardi. Akramxo‘jaev iste’foga chiqdi. Lekin uning o‘rniga aynan qaysidir mutaxassis rasman bosh murabbiy sifatida tanishtirilmagandi. Faqat Rustam Oripov bilan Bahrom Haydarov jamoani o‘yinlarga tayyorlab bordilar. Keyin rasman Haydarov mustaqil ravishda ishga kirishdi.

- Bosh murabbiy Rufat Akramxo‘jaev jamoadan ketgan bo‘lsa ham men texnik direktor sifatida Rustam Oripov bilan birga mashg‘ulotlarni olib bordik, - deya ushbu masalaga oydinlik kiritdi, Haydarov. - Baribir bosh murabbiy yo‘q paytda kimdir bu ishni bajarishi kerak edi. Chunki o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rish talab etilardi. Klub rahbarining tavsiyasiga binoan jamoani boshqarib turishimizni aytdi. “Surxon”da hadeb bosh murabbiy almashaverishi ham rahbariyatga yoqmasdi. To‘g‘risini aytsam, birinchi davra oxirlab borayotgan mahalda jamoadan ketishni xohladim. Bu haqda rahbariyatga aytdim. O‘z navbatida ular ham boshqa murabbiy qidirayotgandilar. Shu bois suhbatimiz ochiq-oydin bo‘ldi. Ammo keyin nima bo‘ldi, bilmaymanu, oxir-oqibat rahbariyat menga ishonch bildirdi. Unday bo‘lsa meni bosh murabbiy sifatida rasman tanishtirishlarini aytdim. Yozgi transfer oynasi paytida bir qator yangi o‘yinchilar olindi. Bu jarayonda men ham qatnashdim. Biroq qaysidir futbolchini o‘zim olib kelganim yo‘q. Chunki keyingi taqdirim u paytda mavhum edi. Ammo yangi futbolchilar borasida maslahatlashib turdik. “Mash’al” bilan uchrashuvdan keyin Toshkentda klub rahbari bilan gaplashdik. Jamoani sizga topshiraman deb ishonch bildirganidan keyin rozi bo‘ldim. Shundan so‘ng, mas’uliyat yanada kuchaydi. Hammasi yaxshilikka ekan, mana ikkinchi davra boshidan bosh murabbiy sifatida ishlab kelyapman. Bu bilan ish jarayonimiz o‘zgardi demayman, lekin omad ham biz tomonda bo‘lyapti.

baxrom1

Yodingizdami, “Surxon” birinchi davrada ko‘plab ochkolarni yo‘qotdi. Oqibatda klub “Andijon” bilan birga autsayder maqomida bo‘lib turgandi. Ammo ikkinchi davrani ketma-ket ikkita g‘alaba bilan boshlashi evaziga “Surxon” 11-o‘ringa ko‘tarildi. Jamoa qanday qilib o‘yinini yaxshilay oldi? Bunga bosh murabbiyning javobini eshiting:

- Eng birinchi sabab raqobatni kuchaytirdik. Qishda o‘yinchi olishga imkoniyatimiz kam edi. Ko‘p futbolchilarni shartnomalari bor va boshqalari puli bor jamoalarga ketayotgandilar. Bizda ham mablag‘ masalasi yomon emas. Lekin nimagadir o‘sha paytda o‘yinchi topishga qiynaldik. Yangi jamoa tuzildi. Menga biroz oson bo‘lgani shuki, jamoaning o‘zagi bor. Yozgi transfer paytiga kelib ikki-uchta chiziqni kuchaytirishimiz kerak edi. Butunlay o‘zgarish qilishga hojat yo‘q edi. Faqat muammoli pozitsiyalarni yopsak o‘yinimiz yaxshilanishi kutilgandi. Taxminimiz to‘g‘ri chiqdi. Javohir Sohibov, Nikita Pavlenko, Murod To‘ychiboev kabi o‘yinchilar bizga katta foyda keltiryapti. Ungacha o‘rinbosarlar tarkibidagi yoshlardan foydalanayotgandik. Men ham futbolchi sifatida o‘ynab yurgan paytimda agar raqobatchim kam bo‘lsa, bo‘shashib ketardim. Jamoamizda raqobatni kuchaygani o‘z-o‘zidan o‘yinimizni ham kuchaytirdi. Biroq murabbiylar shtabi tomonidan qo‘llanilayotgan uslubimiz o‘zgargani yo‘q. Jismoniy yoki taktik tomondan tayyorgarlik ishlarimiz o‘sha-o‘sha. Faqat bizda futbolchilar bo‘yicha tanlov kengaydi. Endi bizda asosiy tarkibda kimlar to‘p surishi aniq emas. Tanlov bo‘yicha imkoniyatlar kengaygani uchun boshlang‘ich tarkibga kimlarni tushirish borasida o‘ylanyapmiz. Bu murabbiyning ishini qiyinlashtiradi, lekin yoqimli holat. Ikkita o‘yinda yutib vahima qilish kerak emas. Hali hech nimaga erishganimiz yo‘q. Qiyin uchrashuvlarimiz oldinda. Jamoamizning kuchayotgani, o‘sib borayotgani keyingi o‘yinlarda – “Qo‘qon-1912”, “Lokomotiv”, “So‘g‘diyona” kabi raqiblar bilan bellashuvlarda bilinadi.

Murabbiy sifatida o‘rinbosarlar jamoasida ishlaymanmi yoki asosiy jamoadami, faqat oldimga maksimal vazifalarni qo‘yaman. Nimani istayotganimni va o‘yin uslubimizni yigitlarga singdirishga harakat qilaman. Bizda tajribasiz o‘yinchilar ko‘p. Chunki yuqori bosim ostidagi qiyin o‘yinlarda kam qatnashishgan. Muhitdan sezyapmanki, g‘alabalar orqali futbolchilarimizda o‘zlariga bo‘lgan ishonch oshyapti.

baxrom2

Har qanday g‘alaba jamoaga yaxshi kayfiyat bag‘ishlab, futbolchilarning ishonchini oshiradi. Lekin bir-ikkita g‘alaba bilan muammolar kamayib qolmaydi. Bilamizki, “Surxon”da hali qilinadigan ishlar ko‘p. Ayniqsa, mahalliy yoshlarni tarbiyalash, jamoaning o‘rinbosarlar tarkibini shakllantirish kabi ishlar bo‘yicha oqsayotgani bor gap. Bahrom Haydarovdan “Surxon”ning kelajagini qanday ko‘ryapsiz, deya so‘raganimizda shunday javob qaytardi.

- Jamoa kelajagi bo‘lishi uchun har yili tarkibni almashtiravermasdan o‘rinbosarlar tarkibiga ham ahamiyat berish kerak. Bu borada hali sharoit etarli emas. Afsuski, yoshlar jamoamizni bazasi yo‘q. “Surxon” jamoasi ham Termizda o‘z bazasiga ega emas. O‘rinbosarlar jamoasi bilan mustahkam aloqa bo‘lishida qiyinchiliklar yuz beryapti. Bunday pallada iqtidorli o‘yinchilarni yo‘qotishimiz mumkin. Boshqa klublarga ketib qolishlari hech gap emas. Shu bois yoshlar jamoasining ham moddiy-texnik bazasini yo‘lga qo‘yish muhim. Mayli, bu yilgi mavsumni niyatimizga yarasha yuqori o‘rinlardan birida yakunlab olarmiz. Lekin kelajakni o‘ylasak hamda barqarorlikning davomiyligini istasak, “Surxon”da men bosh murabbiy bo‘lamanmi yoki boshqasimi, klub uchun birinchi o‘rinda poydevor qo‘yilgan bo‘lishi lozim. Buning uchun yoshlar jamoalariga e’tibor kuchaytirilishi lozim. Ya’ni, tizim yaxshi ishlashi kerak. Rahbariyat “Surxon”ning etakchi jamoalardan biriga aylanishini xohlashsa, poydevor mustahkam bo‘lishi muhim.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!