
Temur Kapadze: "Bu turnirda oson raqibning o‘zi yo‘q!"
U23 Osiyo Kubogi 1-turidan o‘rin olgan O‘zbekiston va Turkmaniston terma jamoalari o‘rtasidagi bahsda vakillarimiz 1:0 hisobida zafar quchdi. Bellashuvdan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida Temur Kapadze ishtirok etib, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"Avvalambor, Assalomu alaykum! Birinchi o‘yin qiyin bo‘lishini bilardik. Muhimi, g‘alaba qozondik. Har ikki bo‘limda imkoniyatimiz ko‘p bo‘ldi. Shogirdlarim so‘nggi soniyalarga qadar kurash olib bordi. Raqib har ikki bo‘limda yaxshi himoyalandi, qo‘shimchasiga, darvozabon ham juda yaxshi o‘ynadi. Shu sabab oldingi chiziqda qiynaldik. Menimcha, futbolchilarda biroz hayajon ham sezildi.
Aytganimdek, birinchi bahsning bosimiga o‘rganishimiz lozim. Shogirdlarim hujumlarga yakuniy nuqtani qo‘yishda qiynaldi. Jasur Jaloliddinov jamoasida ham uncha ko‘p o‘ynamayapti. Shu bois, bugun u bilan kichik muammo yuzaga keldi. Menimcha, bu jiddiy jarohat emas.
Raqib butun o‘yin davomida qarshi hujumda o‘ynadi, ammo bunga ko‘p ham imkon bermadik. O‘yinni qayta ko‘rib chiqamiz va xatolarimizni tuzatishga harakat qilamiz.
Mashg‘ulot jarayonida standart vaziyatlar bo‘yicha katta ish olib bordik. Buni davom ettirib, keyingi bahslarda yanada yaxshiroq taktikalar o‘ylab topamiz.
Futbochlilar turli xil jamoalardan kelgan va ular bir-birini yaxshi tushunishi uchun vaqt kerak. O‘ylaymanki, o‘yindan o‘yinga bu holat yaxshilanadi.
Biz guruhdagi qolgan raqiblarni o‘rganib chiqdik. Turnirda oson raqibning o‘zi yo‘q!
Shogirdlarim Katanets boshchiligidagi milliy terma jamoaga chaqirilganidan xursandman. Bu barchamiz uchun foydali bo‘lardi. Bir necha futbolchini asosiy jamoaga qo‘yib yuborsak ham ularning o‘rnini to‘ldirishga qodir yigitlar bor.
Hojimat Erkinov:
"Bu birinchi o‘yinimiz bo‘lgani uchun biroz qiynaldik. Vaziyatlardan unumli foydalana olmaslik qimmatga tushishi mumkin edi. Hayriyat, bunday bo‘lmadi. Keyingi bellashuvga yanada kuchliroq bo‘lishga harakat qilamiz".
Fikrlar