Temur Kapadze: "Futbolchilarim bundan ham yaxshi o‘ynay olishadi, buni bilaman"
“Olimpik” – “Andijon” (0:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Timur Kapadze ishtirok etdi.
- Timur aka, avvalo uchrashuv haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
- Birinchi navbatda “Andijon” jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman. Uchrashuv boshida standart vaziyatdan gol o‘tkazganimiz o‘z ta’sirini o‘tkazdi. “Andijon” shundan keyin deyarli himoyaga urg‘u berdi. Bu himoyani yorib o‘tishda qaerdadir mahorat etishmadi. O‘ylaymanki, baribir foydali o‘yin bo‘ldi. Zich himoyani yorib o‘tishga harakat qildik. Qandaydir imkoniyatlar bor edi. “Andijon” yaxshi himoyalandi va bizga deyarli imkon bermadi.
- Ramazon oyi sababli uchrashuvlarni 17:00 ga belgilanayotganiga munosabatingiz qanday?
- Albatta, xohlaysizmi-yo‘qmi, ta’sirini o‘tkazadi. Qorin ochgan, suvsiz o‘ynash...Birinchidan, jismoniy yuklama og‘ir. Organizm “nagruzka” olyapti va sog‘liqqa bu qanaqadir ta’sir qiladi. Ro‘zador odamni qanday holatda bo‘lishi va o‘zini qanaqa his qilishini bilamiz. Kechroq bo‘lsa yanada yaxshi. Agar imkoniyatimiz bo‘lganida kechki 9 da o‘ynasak...Marokashda bo‘lganimizda o‘yinlar 21:30 da boshlandi. Ro‘zani ochib, 3 soatdan keyin o‘yin boshlanardi. Hech qanaqa qiyinchilik sezilmasdi. Afsuski, bizda bu masalada imkoniyat yo‘q. Mashg‘ulot jarayonlarimizni ham kechroq o‘tkaza olmayapmiz. Lekin projektorlarimiz bor va nisbatan uchrashuvlarni kechroq o‘tkazsak bo‘ladi. Bugun uchrashuv davomida ikkala jamoa ham bir xil holatda edi.
- “Olimpik” keyingi uchrashuvlarni “Turon” va “Buxoro”ga qarshi o‘tkazadi. Bu yil Superligaga qaytgan klublarga qarshi “Olimpik” so‘nggi ikkita uchrashuvda yo‘qotgan ochkolarini qaytarib oladimi?
- Biz uchun asosiysi, yigitlar qanday harakat qilayotganidir. To‘g‘ri, ahamiyat bersak, ko‘p jamoalar oson o‘yin o‘ynashyapti. Ko‘proq kuch va uzatmalar orqali harakat qilishyapti. Biz ham shunaqa futbol o‘ynasak bo‘ladi. Lekin ochilib, chiroyli, kombinatsiyaga boy o‘yin ko‘rsatishlarini istayapman va shu tomonga urg‘u qaratyapmiz. Natija keladi, men bunga aminman. Jamoamiz hech kimdan kuchsiz emas. Biz boshqa vazifaning yo‘lidamiz. Futbolchilar rivojlanishlari kerak. Bunday himoyaviy o‘yinga ertaga boshqa klubga qarshi ham duch kelamiz. Uchrashuvdan kerakli xulosani chiqaramiz. Futbolchilar yanada yaxshiroq o‘ynaydilar. Bilasizlar, bizda qizil kartochka olgan bir nechta futbolchilarimiz bor. 5 nafar o‘yinchimiz yordam bera olmayapti. Ular asosiy futbolchilarimiz. Ikkinchi bo‘limda ayniqsa bilinyapti. Tajribaliroq va individual jihatdan kuchliroq o‘yinchilarimiz tushishganida yanada foydaliroq bo‘lardi. O‘ylaymanki, keyingi bahslarda hammasi qaytadi.
- Ko‘pincha xatolarni o‘yinchilarni yoshligi bilan izohlaysiz. Ular qachon katta bo‘lishadi?
- Tajriba yillar davomida keladi. U bir kunda bo‘lib qolmaydi. Menman, mahorati ko‘p bo‘lgan jamoa ham yorib o‘tishda qiynaladi. Bular 20,21, 22 yoshdagi yigitlar, rivojlanishyapti. Bu kabi uchrashuvlarni o‘tgan yili ko‘rishdi. Raqiblar ham oson jamoalar emas. Ular ham tayyorgarlik ko‘rishyapti. Chunki oldilarida o‘z vazifalari bor. Har bir jamoani yaxshi futbolchilari bor. Sizlar faqat bizni klubga qaramanglar, boshqalar ham oson taslim bo‘lmayapti. Albatta, kuchli bo‘lishimiz kerak va yana nimanidir ustida ishlashimiz lozim. O‘yindan-o‘yinga holatimizni yaxshilaymiz. Mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqaramiz. Futbolchilarim bundan ham yaxshi o‘ynay olishadi, buni bilaman. Barchasini vaqt ko‘rsatadi.
“Andijon” matbuot xizmati.
Fikrlar