"Terma jamoadan umidimni uzganman, vaziyat o‘zgarmasa ketaman, o‘zimni-o‘zim reklama qilmoqchi emasman" yoxud Temurxo‘ja Abduholiqov oldida qator takliflar bor

  • 9 iyul, 2022, 20:47
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Birinchi davradan keyin Superliganing to‘purarlar bahsida ikkita hujumchi - Temurxo‘ja Abduholiqov bilan Shoxruz Norxonov 7 ta gol bilan peshqadamlikni bo‘lishib turishibdi.

Tecno

Ushbu maqola esa Navoiy klubida o‘ynayotgan hujumchi haqida. Ya’ni, “Qizilqum”ning 31 yoshli futbolchisi Temurxo‘ja Abduholiqov Sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.

Bu yildan e’tiboran ilk bor “Qizilqum” sharafini himoya qilayotgan Temurxo‘ja hamon xavfli hujumchi ekanini barchaga ko‘rsatib qo‘ymoqda. Lekin ikkinchi davrani futbolchi boshqa klubda o‘tkazishi ham mumkin.

- “Qizilqum” safida sizni jamoa uchun foydali harakatlaringiz ko‘p bo‘ldi. Shunday ekan, birinchi davradan qay darajada qoniqdingiz?

- Bu jamoaga va sheriklarimga ham bog‘liq. Atrofingizdagi futbolchilar yaxshi bo‘lsa, siz ham yaxshi o‘yiningizni ko‘rsata olasiz. Men ham maksimal darajada o‘z o‘yinimni ko‘rsatishga harakat qildim. Yomon emas. Ammo bundan ham yaxshirog‘ini kutgandik. Yo‘l qo‘yilgan xatolarni ikkinchi davrada takrorlamaslikka harakat qilamiz.

temurxo‘jayo

- “Qizilqum”da to‘purarlik salohiyatingizni ko‘rsatyapsiz. Shu bois muxlislar orasida nega Abduholiqov terma jamoaga chaqirilmayapti, degan savol paydo bo‘lgan. To‘g‘ri, bu Katanetsga beriladigan savol. Ammo o‘zingiz ham chaqirishlarini kutyapsizmi?

- Yo‘q, umuman kutmayapman. 20 yoshimdan beri shu savolni berishadi. Hali uni qo‘yishadi, hali buni qo‘yishadi. Men eng yaxshi formada bo‘lgan paytimda ham qo‘yishmagan. Formam ko‘ngildagidek bo‘lmaganida esa chaqirmay qo‘yishgan. Sizga to‘g‘risini aytaman, terma jamoa o‘yinlarini ko‘rmayapman ham. Qo‘ying, terma jamoadan umidimni uzganman. Chaqirsa ham o‘ylab ko‘raman.

- Nega bunchalik ishtiyoqingiz so‘ndi?

- Ko‘rib turibsiz-ku, o‘ynamayotganlar ham o‘ynayapti. Menga ayting-chi, terma jamoada o‘zi kimlar o‘ynashi kerak? Hozirgi paytda eng yaxshi formadagilar to‘p surishi kerak, to‘g‘rimi? Xo‘sh, bizda qanaqa bo‘lyapti? Yoshartirishyapti, mayli, lekin ular ertaga o‘ynab ketadimi-yo‘qmi? Ertani o‘ylashayotgani yaxshi. Biroq ertaga ular kutilgan o‘yinni ko‘rsata olishadimi? Ularga o‘xshaganlaridan nechtasi chiqib yo‘q bo‘lib ketdi? Bugun natija ko‘rsatish kerak.

temurxo‘ja3

- Nima bo‘lganda ham “Qizilqum” tarkibida o‘z so‘zingizni ayta olyapsiz. Temurxo‘ja Abduholiqov hamon to‘purarlar ro‘yxatida bor ekanini ko‘rsatyapti...

- Men o‘tgan yili ham ko‘rsatganman. 15 ta gol urib adashmasam ikkinchi o‘rinda bo‘lganman. Lekin o‘tgan mavsumda men futbol o‘ynamasligim kerak edi, aslida. To‘g‘ri, 2020 yilda pandemiya tufayli og‘irroq bo‘lgandi.

- Klubingizni o‘zgartirgan taqdiringizda ham barqarorlikni davom ettiryapsiz. Kimdir jamoani o‘zgartirsa, ko‘nikish, o‘yinga moslashuv kabi vajlar bilan ancha vaqt o‘tib ketib qoladi. Sizda esa bunday emas va boshidanoq gol urish bo‘yicha sermahsullikni ko‘rsata olyapsiz. Xo‘sh, bu nima bilan bog‘liq?

- Bilmasam, nima bilan bog‘liq?! Bu yil “Qizilqum”da yaxshi jamoa yig‘ildi. Oldin birga to‘p surgan futbolchilar bor va ular bilan bir-birimizni bir qarashdayoq tushunamiz. Jamoadoshlarimga moslashishim oson kechdi. Chunki ular bilan oldin o‘ynaganman.

- Birinchi davraning oxirgi turida “So‘g‘diyona”ni yirik hisobda yutdinglar. Ungacha biroz barqarorsizlik kuzatildi. Nima bo‘ldi?

- Har xil muammolar. Hamma narsani gapiraverish yaxshi emas.

temurxo‘ja1

- Turli gap-so‘zlar chiqdi, murabbiy bilan o‘rtada muammo borligi ham aytildi...

- Jamoaning ichidagi gaplarni ommaga olib chiqish to‘g‘ri emas, deb o‘ylayman. Shuning uchun o‘zimiz hal qilishimiz kerak. Hamma gapni aytib, klubni va futbolchilarni imijiga ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun barchasini tinchgina hal qilgan ma’qul.

- Demak, vaziyat hali hal etilmadimi?

- Endi hal bo‘lishi kerak. Biz hozir ta’tildamiz. Og‘ir birinchi davrani o‘tkazdik. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

- Ma’lumotlarga ko‘ra, jamoa etakchilari ketish payiga tushib qolgan. Bu holat siz bilan ham taalluqlimi?

- Ha. Agar vaziyat shunaqa davom etaversa ketamiz.

- Jamoa bosh murabbiyni xohlamayaptimi?

- Hammasini mayda detallarigacha aytmoqchi emasman. Biz qo‘ldan kelganicha o‘ynayapmiz. Hammasi yaxshi tomonga o‘zgarsa, qolamiz. Aks holda ketishga majbur bo‘lamiz.

temurxo‘ja2

- Siz bilan “Paxtakor” jiddiy qiziqayotgani rostmi?

- 3-4 ta jamoalar bor, ular ham vaziyat qaysi tomonga o‘zgarishini kutib turishibdi. Hozir nima bo‘lishini bilmayman, hammasi menga qorong‘u. O‘zim ham kutyapman.

- Aynan qaysi klublardan takliflar oldingiz?

- Qo‘ying, hozir o‘zimni-o‘zim reklama qilmoqchi emasman. Futbol olamidagilar kimlar qiziqayotganini bilishadi.

- “Qizilqum”ga o‘tganingizdan afsuslangan paytingiz bo‘lmadimi?

- Yo‘q, hozircha. Barchasi yaxshi tarafga o‘zgarsa afsuslanmayman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!