Terma jamoamiz sobiq sardori butsalarni mixga ildimi? Odil Ahmedov bilan katta intervyu

  • 15 dekabr, 2021, 09:00
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston MTJda uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan Odil Ahmedov yaqindagina "Ofsayd" ko‘rsatuvida mehmon bo‘ldi. Qizg‘in o‘tgan suhbat davomida Ahmedov terma jamoa, Babayan va Abramov haqidagi muxlislarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob berib o‘tdi.

Hozir 34 yoshdasiz. Aytingchi, faoliyatingizni davom ettirish borasida qanday rejalaringiz bor?

- Ochig‘i, Xitoy klubi bilan o‘rtada yana bir yillik shartnomamiz bor. Chin yurtida pandemiya sababli futbol juda katta moliyaviy qiyinchiliklarga duch keldi. Ayrim klublar hatto, yopilib ham ketdi. Hozirgi jamoam menga bir necha oydan beri maosh to‘lamayapti. Yangi yildan so‘ng, faoliyatimni davom ettirish borasida yakuniy qarorga kelaman. Hozir biror narsa deyishim mushkul. To‘g‘ri, mahalliy klublarda to‘p surish varianti yo‘q emas. Shu yoshda ham bemalol Superliganing istalgan vakili safida to‘p surishga jismonan va ruhan kuchim etadi, biroq hamma narsaning o‘z vaqti bor. Barchasini o‘ylab ko‘rib, faoliyatimni O‘zbekistonda davom ettirishim to‘g‘ri kelmaydi, deb o‘ylab qoldim. Chiroyli ketishni ham bilish kerak. Yangi yilda boshqa klubda faoliyatimni boshlarman, balki butsalarimni mixga ilarman. Oldindan biror narsa degim yo‘q!

4 ta JCh saralashida to‘p surgansiz, ammo mundialda o‘ynay olmadingiz. Shu kunga qadar terma jamoani mundialga olib chiqish uchun eng ko‘p mehnat qilgan murabbiy sifatida kimni ko‘rsatasiz?

- Kimnidir alohida ko‘rsatish adolatdan bo‘lmaydi. Sababi, Babayan va Qosimov davrlarida maqsadga juda yaqin kelganmiz. Samvel aka davrida Janubiy Koreyani enga olmagandik. Mirjalol aka bilan Qatarga yana 2 ta gol urganimizda olam Guliston edi. Shu bois, har bir murabbiyning qilgan mehnatini qadrlash kerak, deb hisoblayman.

photo_2020-11-25_23-47-41

Nima deb o‘ylaysiz, Babayanga bo‘lgan xalqimizdagi negativ fikrlar nega hali-hamon o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q?

- To‘g‘risi, bunga Babayanning tarkibga Lobanov va Sergeevni chaqirgani asosiy sabab. Tan olish lozim, o‘sha davrlarda terma jamoaning birinchi raqamli posboni Ignatiy Nesterov edi. U tajriba va reaktsiya bobida kuchliroq, ammo yakuniy so‘zni bosh murabbiy aytadi. Shu omil sababli, yakunda Lobanov birinchi raqamga aylandi. Igor borasida biroz boshqacha vaziyat. U kuchli hujumchi, ammo ruhiy bosimni engib o‘ta olmadi. Futbolchi bir yo ikki o‘yinda omadsizlikka uchrasa, uchinchi bahsda o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotib qo‘yadi. Sergeev mashg‘ulotlarda barchadan kuchli ekanligini isbotlar, ammo o‘yinga chiqqanda o‘zini yo‘qotib qo‘yardi. Ochig‘i, o‘sha davrlarda hozirgidek asosiy tarkibda bir nechta hujumchi bo‘lmagan. Forvardlar bo‘lgan, ammo barchasi o‘rta darajadan baland emasdi. Natijada, Babayan majburan Igordan foydalangan. Balki, shu yo‘sinda uning yangi qirralarini kashf etmoqchi bo‘lgandir, lekin Igorni hech qachon keyin qimmatroqqa sotish maqsadida terma jamoaga chaqirmagani aniq. Agar biz JChga chiqqanimizda, Babayan eng yaxshi odam, Sergeev eng zo‘r futbolchiga aylangan bo‘lardi.

Bundan chiqdi, futbolchilarimiz bo‘sh stadionda yaxshiroq to‘p surar ekan-da?

- Balki shunaqadir. Sababi, bizning futbolchilar kuchli bosimni engib o‘tishga qodir asabga ega emas. Shunday vaziyatlar bo‘ladi-ki, ular "termaga chaqirmasa edi", "ishqilib asosiy tarkibda maydonga tushmay",-deb o‘ylab qoladi. Nega Jaloliddin Masharipov xorijda bemalol o‘ynab ketdi? Chunki u tavakkal qilishdan, muxlislarning hushtagidan qo‘rqmaydi. Aslida, shunday bo‘lishi lozim. Bizda esa, xato qilishdan qo‘rrqan futbolchilar to‘pni darrov boshqa sherigiga uzatib yuboradi. Hech kim o‘yinni o‘z qo‘liga olishni istamaydi. Agar Evropa yoki janubiy amerikaliklar singari ruhan kuchli bo‘lganimizda, natijalarimiz bundan yaxshiroq bo‘lgan bo‘lardi.

5381573742308

Nega terma jamaomiz ruhshunoslari bu muammo bilan ishlamaydi?

- Bizda so‘nggi 10 yil ichida psixolog ishlamagan. 2007 yilda shu masala borasida ish olib borishgan, ammo keyinchalik barcha vazifa bosh murabbiy zimmasiga tushdi. To‘g‘ri, bu uning asosiy vazifalaridan biri, biroq u barcha futbolchi bilan birma-bir suhbat qurishga ulgurmaydi. Ruhiy dalda berish o‘yin oldidan umumiy tarzda bo‘ladi.

"Futbol o‘ynashimiz kerak, yoki bunday futbolni yig‘ishtirib qo‘yishimiz lozim!" Bu alamli mag‘lubiyat haqidagi intervyu juda mashhur bo‘lgan edi?!

- Xitoyga bir nechta reyslar bilan uchib borganmiz. Maydonga chiqqach, juda ko‘plab vaziyatlardan foydalana olamdik. O‘yindan keyin jahl ustida kiyinish xonasida yigitlarni tergamoqchi edim. Alamli mag‘lubiyat sababli hissiyotlarimni intervyuda jilovlay olmadim. Bu so‘zlarning davomini kiyinish xonasida davom ettirganman. Jahon chempionatiga chiqadigan terma jamoa yarimta imkoniyatdan ham foydalanishi kerakligini aytganman.

photo_2021-12-14_14-36-12

Terma jamoaning ko‘plab futbolchilari o‘z klublarida katta maosh evaziga to‘p suradi. Jarohat olsa, yaxshigina daromaddan quruq qolishi mumkin. Shu faktor termamizning natijalariga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkinmi?

- Agar gap men haqimda ketsa, bu umuman haqiqatga yaqin bo‘lmagan fikr. Sababi, siz terma jamoaga kelganingizda klub bilan shartnomangizda ko‘rsatilgan maoshni olasiz. Jarohat olsangiz ham, zaxirada o‘tirsangiz ham. Shunaqa vaziyat bo‘lgan. Biz uyda Xitoy va Eronga qarshi o‘ynashimiz kerak edi. "Krasnodar"dan jarohat bilan kelganman. Rossiya klubi shifokorlari menga jarohat bilan maydonga chiqishni taqiqlagan. Hatto, jarimaga tortishlarini aytib, ogohlantirishgan. Kerak bo‘lsa, shartnomangni ham bekor qilishimiz mumkin, deyishgan. Shunga qaramay, ertasi kuni maydonga chiqqanman. Men uchun MTJni manfaati hamma narsadan ustun. Aynan shu jamoa sababli biz legionerga aylanganmiz va katta maoshlar olamiz. Vatan jamoasidan hech narsa ustun emas. Agar bor kuchingiz bilan harakat qilmasangiz, Yaratgan tomonidan ham sizga jazo keladi. O‘ylashimcha, faqat men emas, boshqa futbolchilar ham shunday fikrda. Klub va terma jamoada to‘p surish boshqa-boshqa narsa.

Saudiya Arabistoni bilan so‘nggi bahsda o‘zingiz himoyada to‘p surishni so‘raganmisiz? Bu barchaga qiziq bo‘lgan savol.

- Terma jamoaga kelishimdan avval qovurg‘amni sindirib olgan edim. Jarohatim bo‘lishiga qaramay, ikki o‘yinda ishtirok etdim. Vadim Abramovni oldiga bordim va og‘riq borligi uchun ikki taym 100 foiz kuch bilan harakat qila olmasligimni aytdim. Jismoniy holatim bunga tayyor emas edi. Uzog‘i bilan 20-30 daqiqaga kuchim etishini ma’lum qildim. U meni ikkinchi bo‘limda maydonga tushirishini aytdi. O‘yin kuni esa, himoyada to‘p surishga ko‘rsatma berdi. Bunday vaziyatda qarshilik qilishning imkoni yo‘q. Himoyada to‘p surmayman, desangiz, yakunda yana men aybdor bo‘lib qolardim. Balki, 2011 yilni tarjibasiga suyangandir. Men murabbiyning tanloviga zid fikr bildirmaganman. Formam a’lo darajada bo‘lgan paytlari ham Vadim Abramovga boshqa pozitsiyada to‘p surmayman, demaganman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Bobur Lutfullayev
15/12/2021 11:05
INTERVYUNI KÒCHIRIB MUALLIFNI NOMINI YOZMAGAN. UYALISH KERAK SPORTS.UZ