
Terma jamoamizning 19 yoshli etakchisini Evropada kutishyapti. Futbolchimiz takliflar haqida nima deydi?
O‘zbekiston U-20 terma jamoa sardori hamda “Bunyodkor” klubi a’zosi Umarali Rahmonaliev oxirgi paytlarda juda tez tilga olinyapti. 18 avgust kuni 19 yoshni qarshilaydigan ajoyib iqtidor egasi qisqa fursat ichida mutaxassislarning e’tiborini tortyapti.
Futbolchi birinchi davrada “Bunyodkor” safida 10 ta uchrashuvda maydonga tushdi va raqiblar darvozasini 5 bor ishg‘ol etdi. U gol urgan o‘yinlarda “Bunyodkor” mutlaqo yutqazmagan. Aniqrog‘i, Rahmonalievning gollaridan so‘ng jamoasida 4 ta g‘alaba va 1 durang qayd etilgan.
Shuningdek, jamoasining hujumlarida ham juda faol. Maydonda uning foydali ish koeffitsienti juda yuqori. Umarali O‘zbekiston U-20 terma jamoasida ham etakchilardan biriga aylanib olgan. Bosh murabbiy Ravshan Haydarov bu futbolchidan maksimal foydalanishga harakat qilmoqda. Hozirda bu futbolchiga chetdan yaxshi takliflar tushyapti. Shu sababli o‘yinchi tez orada bir qarorga kelishi kerak.
Kecha O‘zbekiston U-20 terma jamoasi Chig‘atoyda “Andijon”ga qarshi nazorat uchrashuvini o‘tkazdi. Unda Umarali sardorlik bog‘ichi ostida maydonga tushdi va o‘zidan ajoyib taassurot qoldirdi. Uchrashuvdan so‘ng Rahmonaliev Sports.uz muxbirining bir qator savollariga javob berdi.
- O‘rtoqlik o‘yini sizga yoqdimi?
- Bugungi o‘yinga kelsak, “Andijon”ga qarshi maydonga tushdik. Bu raqib pro liganing etakchilaridan biri va yaxshi jamoa. Shuning uchun kuchli o‘yin bo‘lishi aniq edi. Biz hozir o‘quv-mashg‘ulot yig‘inidamiz. Asosan “CAFA” musobaqasiga tayyorlanyapmiz. Qolaversa, oldimizda turgan Osiyo chempionati saralash bahslariga ham hozirlik ko‘rib boryapmiz. “Andijon”dek jamoaga qarshi o‘yin o‘tkazish biz uchun yaxshi sinov hisoblanadi. Ko‘rganingizdek, uchrashuv hujumkor va jangovar ruhda o‘tdi. “Andijon”ning ham chempionatga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganligi sezilib turibdi. Bu jamoaning keyingi o‘yinlariga omad tilab qolaman.
- Terma jamoa ham yaxshi shakllanayotgani ko‘rinyapti. Shuningdek, Janubiy Amerikada kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlar o‘tkaziladi...
- Lotin Amerikasidagi uchrashuvlarda ham jamoaviy o‘yinni shakllantirib bormoqchimiz. Oldimizda vazifalar ko‘p. Osiyo va jahon chempionatlariga munosib tayyorlanishimiz kerak. Shuning uchun jamoamiz yanada jipslashib, o‘z o‘yinlarimiz bilan yorqin taassurot qoldirib, O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilish bizning vazifamiz. O‘zbekiston darajasini butun dunyoga tanitmoqchimiz.
- “Bunyodkor” klubidagi taqdiringiz to‘g‘risida ham so‘ramoqchiman. Boisi, sizga chetdan takliflar bo‘layotgandi. Hozirda bu borada ishlar qanday ketmoqda?
- Albatta, chet el klublaridan takliflar chiqyapti. Hozir muzokaralar olib borilyapti. Hali ularda transfer oynasi yopilgani yo‘q. Nasib qilsa, aniqlik kiritiladi va bu haqida “Bunyodkor” batafsil ma’lumot beradi.
- Takliflar Evropadanmi?
- Ha, Evropadan.
- Aynan qaysi klublar?
- Buni aytolmayman, sir bo‘la qolsin.
- Legionerlikka tayyormisiz?
- Tayyorman deb o‘ylayman. Balki hozir biroz vaqtli bo‘lishi mumkin. Lekin to‘xtamasdan ishlashda harakat qiladigan bo‘lsak, hamma narsani ilojisi bor, deb o‘ylayman.
Fikrlar