Tezkor: Shomurodov transferiga narx belgilandi!

  • 25 aprel, 2024, 08:17
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Sardiniyaning “Kalyari” klubi sport direktori Nereo Bonato mavsum yakunlanishi bilan tarkibni tartibga solish rejasini tuza boshladi.

Buning uchun, eng avvalo, “Kalyari” yuqori diviziondagi joyini saqlab qolishi lozim edi. Chempionat yakunlanishiga besh tur qolganida sardiniyaliklar 14-pog‘onada bormoqda va xavfli hududdan to‘rt ochkoga uzoqlashgan.

Keyingi paytda “Atalanta”, “Napoli”, “Inter”, “Yuventus” kabi   qudratli klublardan ochko tortib olgan “Kalyari”ning qolgan uchrashuvlarda ham ligada qolish imkoniyatini qo‘ldan boy bermasligi haqiqatga yaqin.

Klubning ligada qolishi oydinlashishi bilan Nereo Bonato kelasi mavsumni shakllantirish uchun reja tuza boshladi.

Italiyaning eng nufuzli sport nashri Corriere dello Sport gazetasi yozgi transferlar bozorining eng qizg‘in savdolaridan biri Eldor Shomurodov atrofida bo‘lishini yozmoqda.

O‘zbek legioneri aslida “Roma”ga tegishli. Lekin poytaxt klubida o‘zini ko‘rsatishga imkon berishmadi. Shomurodov joriy mavsum oxirida o‘z darajasida o‘ynay boshladi. Hozir hamyurtimiz “Kalyari”ni ligada olib qolish yo‘lida kng ko‘p samara keltirayotgan asosiy figuraga aylandi.

Italiyada bir qancha manbalar Eldor Shomurodovning transferini to‘liq amalga oshirish borasida muxlislar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Bir necha so‘rovnomalarda ovoz berganlarning 80 foizga yaqini o‘zbek hujumchisi “Kalyari”ga kerakligini bildirgan.

Shomurodov qisqa fursatda “Kalyari”ning asosiy transfer nishoniga aylandi. Bir yil avvalgi kelishuvga ko‘ra, sardiniyaliklar yillik ijara uchun bir million evro to‘lagan. O‘zaro bitimda o‘zbek futbolchisini to‘liq  transfer qilish uchun “Kalyari” yana to‘qqiz million evro berishi kerakligi belgilangan.

Yana bir manba – cagliarinews24.com sayti eksperti Eliya Serraning ta’kidlashicha, Nereo Bonato Shomurodov transfer qilish imkoniyatlarini o‘rganishni boshladi. Bu mutaxassis “Roma” mutasaddilarini Eldor 5 million evro evaziga qo‘yib yuborishga ko‘ndirishga harakat qiladi.

Qolaversa, “Kalyari” prezidenti Tommazo Julini jamoaning ligada qolishiga katta hissa qo‘shayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va to‘purari uchun 5 million evro to‘lanishini kafolatlashi kutilyapti.

O‘tgan yili yozda asosiy hujumchi sifatida taklif etilgan Andrea Petanya “Montsa”ga qaytarilib yuboriladigan bo‘ldi. Sardiniyaliklar mavsum davomida o‘zini ko‘rsata olmagan va asosiy tarkibdagi joyini yo‘qotgan  bu hujumchini transfer qilmaslikka qaror qildi.

Bundan tashqari, mavsumning ikkinchi yarmida ichki raqobatda Janluka Lapadula, Zito Luvumbo va Eldor Shomurodovga bas kela olmagan tajribali forvard Leonardo Pavoletti ham yozda o‘z o‘rnini bo‘shatishi aytilmoqda.

Mana shu omillarni inobatga olib, “Kalyari” murabbiylar shtabi kelasi mavsumda Eldor Shomurodovni asosiy markaziy hujumchi sifatida o‘ynatmoqchi.

Eldor Shomurodovning o‘zi kelajakda qaysi jamoada o‘ynashini joriy mavsum yakunlanganidan keyin hal qilishiini bildirgan edi.

TsSKA afsonasi Akinfeev Fayzullaevga nega tanbeh berdi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!