
Timur Ibragimov: Mayk Taysonning teleshoularida ishtirok etganman
- Odatda, sportchilar faoliyatini yakunlaganidan so‘ng, murabbiylik qila boshlashadi. Lekin sizni bu boradagi faoliyatingiz haqida ham ma’lumot yo‘q. Hozirda nima bilan mashg‘ulsiz?
- Asosan, biznes bilan shug‘ullanmoqdaman. To‘g‘ri, doimiy tarzda murabbiylik faoliyatimni olib borayotganim yo‘q. Lekin ba’zida yoshlarga ustozlik ham qilib turaman.
- Umuman olganda havaskorda ham professional boksda ham muvaffaqiyatli faoliyat olib bordingiz. O‘zingiz qaysi biridagi natijalaringizdan qoniqish xosil qilgansiz?
- O‘ylaymanki, bu savolga muhlislar javob bergani maqul. Qaysi biridagi natijalarimiz muxlislarni mamnun etgan bo‘lsa, demak biz uchun ham o‘shanisi muxim (kuladi).
- Havaskor boksda turli xil turnirlarda ishtirok etdingiz. Lekin sportchining baribir eng esda qolarli musobaqasi bo‘lsa kerak. Siz bu borada qaysi turnirni yodga olgan bo‘lardingiz?
- Barchasini kechagidek eslayman. Biroq, havaskor boks bo‘yicha AQShda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik alohida esimda qolgandi. Batafsil to‘xtalib o‘tmayman. Bir so‘z bilan barchasi men uchun ideal tarzda bo‘lib o‘tganini ayta olaman xolos.
- Adashmasam, -81 va -91 kg vazn toifasida ringa chiqqansiz. Mashg‘ulotlarda, Ruslan Chagaev, Rustam Saidov, Sergey Mixaylovlar bilan sparring ishlagan bo‘lsangiz kerak. Ularning kuchli jixati nimada edi?
- Ha, 81 va 91 kg vazn toifalarida harakat qilganman. Sanab o‘tganlaringizni barchasi bilan birgalikda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida birga bo‘lganmiz. Musobaqalarda ishtirok etganmiz. Yaqin do‘stlar edik. Albatta, ular bilan ko‘plab sparringlarda birga ishlaganmiz. Nima ham derdim, ularning natijasiga qarasangiz barchasi ayon bo‘ladi. Jahon darajasidagi juda kuchli yigitlar edi.
- Professional boksga o‘tishingiz va umuman promoushen, promouter, kontraktlar to‘g‘risida ma’lumot bera olasizmi?
- Sizga shuni ayta olamanki, profi boksga pul ishlash uchun o‘tganman. Musobaqalarda proumoter ko‘rib kolgan va shartnoma imzolaganmiz.
- Mayk Tayson, Sultan Ibragimovlar bilan bitta zalda shug‘ullangansiz. Ular bilan ham mashg‘ulotlar jarayonida bevosita to‘qnash kelgan bo‘lsangiz kerak?
- Darhaqiqat, 2004 yil AQSh da Mayk Tayson bilan sparring sherik sifatida ishlaganmiz. Boks qirollaridan biri bilan uchrashish, u bilan mashg‘ulotlarda ishlash cheksiz zavq bag‘ishlagan. O‘z o‘rnida undan ko‘p narsa o‘rganganman. Bir oy mobaynida Arizonada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida birga bo‘lganmiz. Qolaversa, u bilan bog‘liq teleshoularda ham ishtirok etganman. Sulton yaqin do‘stlarimdan biri snaladi. U bilan ko‘p vaqtlar bitta joyda istiqomat qilganmiz. Birga ishlaganmiz. O‘z o‘rnida doimo, ikkimiz birgalikda mashg‘ulot o‘tkazar edik.
- Faoliyatingiz mobaynidagi eng kuchli deb hisoblaydigan murabbiylar ismi sharifini ayta olasizmi?
- Qadrdonlarim Marat Qurbonov hamda Mels Kitabovlarni aytishim mumkin. Bu murabbiylar juda ko‘p yoshlarni etuk mahorat egasi bo‘lishida katta mexnatlari singgan.
- Timur Ibragimov, G‘ayrat Matkarimov, Nuraddin Atakov, Alisher Raximov, Isroil Madrimov, Abdurasul Ismoilov nega sanab o‘tayotganimni anglagan bo‘lsangiz kerak. Kimlardir qolib ketmadimi?
- Albatta, xorazmlik bokschilarni sanab o‘tdingiz. Marat Kitabovni unutdingiz. Aslida, iqtidorli yigitlar juda ko‘p edi.
- Hozirgi kundagi bokschilarimizdan qay birlari sizning jang olib borish uslubingizda harakat qiladi?
- Isroil Madrimov degan bo‘lardim. Hozirda, uning harakatlari juda yoqyapti.
- Nima deb o‘ylaysiz, Sizning davringizdagi “Oltin avlod” bilan hozirgi bokschilarimizni taqqoslaganda qay tomon kuchliroq ko‘rinish oladi?
- Hozirgi kunda mashg‘ulotlar butunlay o‘zgargan. Imkoniyatlar, yaratilayotgan sharoitlar ideal darajada. Boks federatsiyasining ham moliyaviy xolati bizning davrimizga qaraganda anchagina barqaror ko‘rinish olgan. Hukumatimiz tomonidan boksga juda katta e’tibor qaratilyapti. Albatta, bu omillar chempionlarning etishib chiqishi uchun asos bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz: Timur Ibragimov professional boksda 38 ta jang o‘tkazib, ularning 33 tasida g‘alaba qozongan. To‘rt marta mag‘lubiyatga uchragan holda, bir bora durang natijaga qayd etgan.
Ahmadbek EShMATOV suxbatlashdi.
Fikrlar