"To‘g‘risini aytsam, ketmoqchi edim..." yoxud "So‘g‘diyona" futbolchisining klubda qolishiga nima turtki bo‘lgani va jamoadagi o‘zgarishlar haqida

  • 7 yanvar, 2023, 10:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yangilanayotgan “So‘g‘diyona” tarkibida o‘zgarishlar yuz beryapti. Ayniqsa, bir qator etakchi futbolchilar jamoa bilan xayrlashishdi. Lekin bir necha mavsumdan buyon klub sharafini himoya qilib kelayotgan Javohir Qahramonov “So‘g‘diyona”ni tashlab ketmadi.

O‘tgan yili barcha – 26 ta o‘yinda maydonga tushib 5 ta gol urgan hujumkor futbolchi endi jizzaxliklarning etakchisiga aylansa ham ajab emas. U O‘zbekiston Kubogi va OFK Kubogi bahslarida ham jamoasi sha’nini munosib himoya qilishga harakat qildi.

- Javohir, “So‘g‘diyona” klubidagi taqdiringiz nima bo‘ldi?

- Menimcha, “So‘g‘diyona”da qolsam kerak.

- Ko‘pchilik klubdan ketyapti. Ular do‘stlaringiz edi, bu hol kayfiyatingizga ta’sir qilmayaptimi?

- Albatta, ta’sir qiladi. Ularga omad tilab qolamiz va yangi o‘yinchilar bilan tanishib yangi mavsumgacha tayyor bo‘lishimiz kerak. Ketgan yigitlar bilan ham gaplashib turamiz. Garchi ketishgan bo‘lsa ham biz bir oila bo‘lib qolganmiz. Ularga jamoamiz uchun shuncha mehnat qilishganiga minnatdorchilik bildiramiz.

javoxir4_1

- Nega ko‘pchilik ketib qoldi, deb o‘ylaysiz?

- Nima ham derdim, o‘zlarini boshqa jamoalarga sinab ko‘rmoqchi bo‘lishdi. Shuning uchun bu masalada nimadir deya olmayman.

- Sizni ham ketadi, deb o‘ylagandik. Bu erda qolishingizga nima turtki bo‘ldi?

- Ha, to‘g‘risini aytsam ketmoqchi edim. Ammo ko‘pchilik bilan maslahatlashdim va bir qarorga keldim. Rizqimiz qaerda bo‘lsa o‘sha erda bo‘lamiz.

javoxir2_2

- Jamoada endi o‘zingizni etakchi rolida his qilyapsizmi?

- Yo‘g‘e, nimaga bunday deysiz? Futbolda bir kishi o‘ynamaydi, jamoa bilan o‘ynaladi.

- Yangi bosh murabbiy Yorqin Nazarov bilan gaplashdingiz. Klubda qolishingizda murabbiyning roli qanchalik bo‘ldi?

- Ha, murabbiy bilan gaplashib oldik. Jamoada qolishimni xohladi. Klub xo‘jayini ham “So‘g‘diyona”da bo‘lishimni istadi. Qolsam xursand bo‘lamiz deyishdi. Shu bois biz bir to‘xtamga keldik.

javoxir1_3

- O‘tgan yilgi “So‘g‘diyona” bilan bu yilgi “So‘g‘diyona” o‘rtasida katta farq bor, deb ayta olasizmi?

- Ha, bor albatta. Ammo bu borada nima ham deya olardim? Bu – futbol. Unda hamma narsa bo‘ladi. Kimdir ketadi, o‘rniga boshqasi keladi.

- Klub endi qanday maqsad uchun kurashadi?

- Har doim maqsadimiz bitta bo‘laveradi. Yuqori o‘rinlar uchun kurashamiz.

- “So‘g‘diyona” kuchsizlanib qolyapti, deyayotganlar ko‘p. Bu fikr sizga yoqmasa-da, lekin bu gapda biroz haqiqat bor, deb ayta olasizmi?

- Hali mavsum boshlanmadi-ku. Hozirdan bir nima ayta olmayman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. O‘zimiz ham ko‘proq mehnat qilsak ko‘p narsaga erishsa bo‘ladi.

javoxir_2

- Klubdan qaysi futbolchining ketganiga ko‘proq achindingiz?

- To‘purarimiz ketganiga.

- Xavotirga tushgan muxlislarga nima deya olasiz?

- Barchasi hali oldinda. Hammasi yaxshi bo‘ladi, Xudo xohlasa.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!