Tojikiston ustozi Segrt: "O‘zbekiston guruh masalasini osonlik bilan hal qiladi, Katanets bilan nima haqida gaplashganimiz sir emas, ammo..."

  • 12 may, 2023, 15:58
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Qatar poytaxti Doxada Osiyo Kubogi guruh bosqichiga qur’a tashlandi. Musobaqa qatnashchilari o‘z raqiblarini bilib oldilar. Bizning yon qo‘shnimiz – Tojikiston ilk bor Osiyo Kubogida ishtirok etadi va ular “A” guruhida mezbon Qatar bilan bitta guruhdan joy egalladi.

Tecno

Tojikiston terma jamoasi ustozi Petr Segrtni oldinda muhim o‘yinlar kutyapti. Qolaversa, u bizning futbolimizga befarq emas. Boz ustiga Doxada O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov va terma jamoamiz ustozi Katanets bilan ham o‘zaro muloqotda bo‘ldi. Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raev qur’adan so‘ng Tojikiston termasi bosh murabbiyi Segrt bilan suhbatlashdi.

- Siz boshchilik qilayotgan Tojikiston Osiyo Kubogida “A” guruhidan joy oldi. Qur’adan ko‘nglingiz to‘ldimi?

- Bu biz uchun muhim, chunki Tojikiston birinchi marta Osiyo Kubogi musobaqasida ishtirok etyapti. Ushbu final bosqichida qatnashish Tojikiston uchun juda katta muvaffaqiyat hisoblanadi. Birinchi navbatda shuni aytib o‘tishim kerakki, bizda Qatarga nisbatan katta hurmat bor. Chunki ular amaldagi Osiyo Kubogi g‘olibi hisoblanishadi. Yana qo‘shimcha tarzda aytish joizki, bir qator kuchli jamoalardan – Xitoy va Livanga qarshi ham o‘yin o‘tkazamiz. Ushbu uchrashuvlarda qo‘limizdan kelganicha yaxshi harakat qilib, guruhdan chiqishga intilamiz.

segrt2

- Ayting-chi, qur’adan oldin qaysi termalarni kutgandingiz? Guruhdagi qaysi raqiblarni to‘g‘ri topdingiz?

- Men ochig‘i, Livanni kutgandim. Ammo yordamchim va vitse-prezident Qatarga tushishimizni umid qilishgandi. Bosh kotibimiz esa bizni Qatar, Xitoy va Bahrayn bilan bir guruhdan joy olishimizni taxmin qilgandi. Uning taxmini juda yaqin bo‘ldi. Bu kuchli guruh. Lekin Osiyoning 24 ta kuchli jamoalari bilan o‘ynash har doim ajoyib bo‘ladi.

- O‘zbekiston joy olgan guruh haqida nima deya olasiz va terma jamoamizning Osiyo Kubogidagi imkoniyati qanday?

- O‘zbekistonda kuchli jamoa bor. Assotsiatsiyada kuchli mutaxassislar yig‘ilgan hamda bosh murabbiy Srechko Katanets ham juda murabbiy hisoblanadi. Osiyo Kubogi final bosqichlarida qatnashish borasida yaxshi tajriba mavjud. O‘ylaymanki, O‘zbekiston guruh bosqichidagi masalani osonlik bilan hal qiladi. Keyingi bosqichlarda barcha jamoalarning holatini ko‘ramiz. Bunday bosqichda har qanday natijani kutish mumkin.

segrt

- Siz uchun “o‘lim” guruhi qaysi?

- Barcha guruhlar kuchli. Osiyo Kubogida oson guruhlar bo‘lmaydi.

- Qur’a tashlash marosimidan avval terma jamoamiz bosh murabbiyi Srechko Katanets bilan gaplashdingiz. Sir bo‘lmasa, nima haqida gaplashdinglar?

- Avvalo, ko‘rganimdan juda xursandman. U nafaqat ajoyib va kuchli murabbiy, balki insoniylik tomondan ham juda yaxshi. Nima haqida gaplashganimiz - bu sir emas, lekin sizga ayta olmayman (kuladi).

segrt3

- O‘zbekiston U20 terma jamoamiz tez orada Argentinadagi jahon chempionatida ishtirok etadi va ochilish uchrashuvida mezbonlarga qarshi o‘ynaydi. Termamizdan mundialdan nima kutyapsiz?

- Sizlarda juda zo‘r bo‘lgan 20 yoshgacha futbolchilar yig‘ilganini ko‘rdik. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi boshliqlari, mutaxassislari bilan gaplashdim. Ular so‘nggi yillarda ajoyib ishlarni amalga oshirishyapti. Yosh jamoalar bilan ham yaxshi ishlashyapti. Murabbiy sifatida qilinayotgan ishlarga o‘zimning maqtovlarimni aytgan bo‘lardim. Bilasiz, Germaniyada ham faoliyat olib borganman. U erda bolalar futboliga katta e’tibor qaratiladi. Shu jihatdan yosh o‘yinchilarni rivojlantirish qay darajada qiyin jarayon ekanligini yaxshi bilaman. Shuningdek, Gruziyada ham 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar jamoasida faoliyat olib borganman. Bu yo‘nalishdagi tajriba menga asqotadi. Shu jihatdan bu sohani ham yaxshi bilaman. Uelsda ishlagan paytimda ham yosh futbolchilar bilan yaxshi natijalarga erishganmiz. Argentina kuchli raqib. Albatta, O‘zbekistonni nafaqat Argentinaga qarshi uchrashuvda, balki butun musobaqa mobaynida ham yaxshi imkoniyatlari bor. Hech bo‘lmasa durang, balki g‘alabaga ham erishishi mumkin, bilib bo‘lmaydi. Boisi, O‘zbekiston oxirgi yillarda yaxshi rivojlandi. Bunday turnir juda qiyin. Masalan, 2022 yilgi mundialning guruh bosqichida Saudiya Arabistonining Argentinaga qarshi uchrashuvini eslab ko‘ring. Bunday bahslarda hech narsani oldindan taxmin qilib bo‘lmaydi. Argentina – O‘zbekiston bahsi men uchun 50\50. Albatta, men O‘zbekistonga muxlislik qilaman. Chunki bizning yaxshi aloqalarimiz bor. Ajoyib odamlaringiz bor. O‘zbekistonda bo‘lganman va ular ham meni qo‘llab-quvvatlashadi, degan umiddaman.

- Sizningcha, qaysi terma jamoalar Osiyo Kubogi finaliga chiqadi?

- Buni aytish men uchun juda ham oson. Chunki har qanday musobaqaning o‘z tarixi bor va bu tarixlar musobaqa boshlanishi bilan boshlanadi. Har bir bosqichdagi uchrashuvlar tarixga yozilib boradi.

segrt1

- O‘zbekiston chempionatida to‘p surayotgan tojikistonlik legionerlarni ham kuzatayotgandirsiz-a?

- Albatta, Tojikiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida tojik ligasini kuzatib boraman. Biroq O‘zbekistonda ham kuchli chempionat bor. Futbolchilari ham kuchli va ajoyib liga deb aytish mumkin. O‘zbekiston va Tojikiston Osiyo miqyosidagi musobaqalarda bir-biriga qarshi o‘ynab turishadi. Albatta, O‘zbekiston Tojikistonni ko‘proq mag‘lubiyatga uchratgan. Ammo Tojikiston murabbiyi sifatida umid qilamanki, biz ham kelgusida sizlarni mag‘lubiyatga uchrata olamiz. Biz barchamiz bir necha haftalardan so‘ng CAFA musobaqasida bu savolga javob olishimiz mumkin. O‘zbekistonliklarga omad tilayman.

Shuhratbek Jo‘raev.    

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!