
Tokio-2020: Delegatsiyamiz qo‘lga kiritgan litsenziyalar soni 14 taga etdi
Noyabr o‘zbek sporti uchun unutilmas voqeliklarga boy bo‘lmoqda. Boisi, oy davomida para-atletlarimiz jahon chempionati orqali Tokio Paralimpiadasiga 8 ta, sportimiz tarixida ilk bor zamonaviy beshkurashchilarimiz Olimpiya o‘yinlariga bir emas, ikkita litsenziyaga ega bo‘lishdi.
Velosportchimiz Murodjon Xolmurodovning Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma olgani haqidagi rasmiy xabar esa bugun barcha o‘zbek sporti muxlislarini xursand qilishi turgan gap. Hamyurtimiz aprel oyida Toshkentda o‘tkazilgan veloshosse bo‘yicha Osiyo chempionatida beshinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. Aynan ushbu natija sportchimiz uchun Tokio Olimpiadasi eshigini ochmoqda. Boisi undan yuqori natija qayd etgan sportchilar jahon chempionati orqali Olimpiada yo‘llanmasiga ega bo‘lishdi. Tokio-2020 Xolmurodovning faoliyatidagi ikkinchi Olimpiada bo‘ladi. Hamyurtimiz avval 2012 yil London Olimpiadasida ham yurtimiz sharafini himoya qilgan.
Shu tariqa Tokio Olimpiadasiga qo‘lga kiritilgan litsenziyalarimiz soni 14 taga etdi.
Manba: olympic.uz
Fikrlar