Toni Fergyuson hamda Jastin Getji kimda imkoniyat yuqori? O‘zbek MMA olami vakillari javob berdi
9 may kuni (Toshkent vaqti bilan 10 may tongda) AQShning Florida shtatidagi “VyStar Veterans Memorial Arena” majmuasida "UFC 249" turnirining markaziy jangida Toni Fergyuson hamda Jastin Getji o‘zaro to‘qnash keladi. Xorij matbuotiga va internet tarmoqlaridagi fikrlarga e’tibor qaratsangiz, aksariyati Fergyusonning imkoniyati yuqori ekanligini taxmin qilishmoqda. Bu borada o‘zbek yakkakurash olami vakillari qanday fikrdaligini bilish uchun ularga murojaat qildik. Quyida, ushbu mulohazalarni sizlarga taqdim etamiz.
Azamat “Ajdar” Nuftillaev – MMA jangchisi
- Toni Fergyuson haqiqiy jangchi! U Getjiga hech qanday imkoniyat qoldirmaydi. Bu jangda “El- Kukuy” har doimgi ishini qiladi, ya’ni raqibiga jarohatlar etkazadi va g‘alabaga erishadi.

Nodir Qodirov – “Axmat” ligasining Osiyo mintaqasi prezidenti
-Har ikkisi yaxshi saviyadagi jangchilar hisoblanadi. Fergyuson uslubidagi rang-baranglik, har qanday qiyin holatdan ustamonlik bilan chiqib ketishi, tirsak zarbalari, jiu-jitsu va grepling borasidagi mahoratini alohida ta’kidlab o‘tish zarur. Jastinda esa, hayratlanarli zarba mavjudligini barcha yaxshi biladi. Qisqa qilib aytganda, qiziqarli jang bo‘ladi. Imkoniyat baribir Fergyusonda yuqori bo‘ladi. Sababi, Toni bu jangga anchadan buyon tayyorgarlik ko‘rib kelayapti, ya’ni o‘z rejalari batafsil yakuniga etgan holda etib keldi. Jastinda esa, bu vaqt oz muddatni o‘z ichiga oldi. Shuning uchun, bu to‘qnashuvda Toni g‘alaba qozonsa kerak. Aslida, taxmin qilishni o‘zi bo‘lmaydi. Barchasi oktagonda hal bo‘ladi.

Mansur “ Mangust” To‘g‘izboev – sobiq MMA jangchisi, referi
- Ikkisi ham xavfli jangchilar. To‘g‘risi, men Getjiga muxlislik qilaman va uning g‘alaba qozonishiga ishonaman. Chunki, u Fergyusonni o‘rganib chiqqan. Bo‘lmasa, bunday tavakkal qilmas edi.

Amin “ Bo‘ri” Ergashev – MMA jangchisi
- Bu jangda favorit Toni Fergyuson, deb hisoblayman. Sababi, Toni ruhiy tomonlama raqibidan ustun. Getji intervyularidan birida yutqazgan taqdirida ham oxiriga qadar jang qilishini aytib o‘tgandi. Bu ruhiy tomonlama jangdan avval mag‘lub bo‘ldi, deganidir. Yana qo‘shimcha qilib, Xabib bilan jang 5-marta bekor bo‘linishi tufayli, ko‘pchilik Nurmagomedovni Tonidan cho‘chiyapti, degan fikrga kelgan. Buni Getji ham ko‘rib, eshitib turibdi. Shu ham unga ruhiy jihatdan sarosima solib qo‘ygan. Albatta, bu shaxsiy fikrim! Shuningdek, imkoniyatlar borasida ham Fergyuson yaqqol ustun, degan fikrdaman. Chunki, zarbalar va “parter”da u mukammal harakat qiladi. Garchi Getji uni yiqitib olgan taqdirda ham tagida turib, Toni uning masalasini hal qilib qo‘yishi mumkin. Chunki unda “armbar” -(qo‘lni tortish) hamda “kimura” - (qo‘lni qayirish) uslublarini maromiga etkazib bajarish salohiyati bor. Qolaversa, tirsak zarbalari orqali ham raqiblarini qiyin ahvolga solib qo‘ygan holatlarni ko‘p guvohi bo‘lganmiz. Shunday ekan 100% Toni favorit va uning g‘alaba qozonishiga shubha qilmayman. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, bu mening fikrim. Aslida nima bo‘lishi yolg‘iz Yaratganga ayon.

Sirojiddin “Eshon” Eshonboev – MMA jangchisi
- Fergyusonda imkoniyat yuqori nazarimda... Chunki unda barchasi, ya’ni “parter”, zarbalar, jiu-jitsu juda yaxshi rivojlangan. Getjini ikkita jangini ko‘rganman. U haqida etarlicha ma’lumotga egaman, deb ayta olmayman. Guvohi bo‘lgan janglarimda u “stoyka”da yaxshi harakat qilgandi. Umuman olganda, Tonida imkoniyat yaxshiroq, deb o‘ylayman.

Zarruh “The Lion”Adashev – “Bellator” jangchisi
- Dastlabki ikki raund ichida Jastin nokaut evaziga yuta olmasa, 90% Toni Fergyuson g‘alaba qozonadi. To‘g‘ri Getjida xarakter bor. Lekin u mushohada qilmasdan oldinga tashlanaveradi. Toni esa, ancha ayyor jangchi hisoblanadi. U bilan o‘ylab jang qilmasa, mag‘lubiyatga uchrashi aniq. Chunki, Fergyuson har doim tik turib jang qiladiganlar uchun xavfli bo‘lib kelgan.

Humoyun “Amir” Ibragimov – MMA jangchisi
- Jastinga tayyorgarlik uchun 5 haftalik muddat berildi. Toniga qarshi bu muddat kam deb o‘ylayman. Shunday bo‘lsa-da, Getjida boshlang‘ich 3 ta raundlarda imkoniyat bo‘ladi. Chunki, Fergyuson 1 va 2- raundlarda u qadar faol jang ko‘rsatmaydi va ko‘p zarbalar o‘tkazib yuboradi. Jastin ushbu raundlar mobaynida nokaut evaziga jang taqdirini hal qilishi mumkin. Yakuniy xulosam shuki, ushbu to‘qnashuv, nokaut evaziga Jastinning g‘alabasi bilan tugaydi.

Lilya Shakirova – GFC chempioni
- Fergyuson g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman. Lekin Getji unga jiddiy qarshilik ko‘rsatadi va ajoyib jangni taqdim qiladi.

Shohruh Adashev – MMA jangchisi
Ochig‘i, ularning janglarini muntazam kuzatib bormayman. Shunday bo‘lsa-da, birinchi raundda Getji Tonini nokdaunga uchratadi. Lekin yakunda baribir Fergyuson og‘riqli uslub yoki texnik nokaut evaziga g‘alabani qo‘lga kiritadi.

Muhammadali Toshturg‘unov – kikboksingchi
- Men Toni Fergyusonga muxlislik qilaman. Uni janglarini, mashg‘ulotlarini doimo kuzatib boraman. Noodatiy mashqlarni bajaradi. Bu hammani ham qo‘lidan kelavermaydi. Bu to‘qnashuvda haqiqatdan ham Tonini g‘alaba qozonish imkoniyati juda katta. Chunki, u har tomonlama mukammal jangchi-da... Qo‘l-oyoq, “parter” da ishlashi, jismoniy holati, chidamliligi tomonlama bir bosh ustun deb o‘ylayman. Lekin jangovar sport turlarida kutilmagan natijalar ham qayd etilib turadi. Bitta zarba hal qilib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun, aniq taxmin qilish mushkul.


Fikrlar