
Toshkent ilk bor «Katta dubulg‘a» turkumidagi musobaqaga mezbonlik qiladi
Xalqaro dzyudo federatsiyasi 2021 yilning Tokio Olimpiadasigacha bo‘lgan davri uchun musobaqalar taqvimini e’lon qildi. Ahamiyatlisi, taqvimdan biz uchun ahamiyatli bir qator musobaqalar joy olgan.
Yilni yana bir necha kundan so‘ng boshlanadigan Qatar Masters turniri boshlab beradi. Shundan so‘ng dzyudochilar fevral oyida Isroilda jam bo‘lishadi. 5-7 mart oyida esa poytaxtimizda ilk bor «Katta dubulg‘a» turkumiga kiruvchi musobaqa bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Shuningdek, dzyudochilarimizni yana 3 ta «Katta dubulg‘a» turniri va 1 ta Osiyo chempionati qatori jahon chempionati ham kutib turibdi.
IJF 6-13 iyun kunlari Vengriya poytaxti yana bir bor kattalar o‘rtasidagi dunyo birinchiligiga mezbonlik qilishini ma’lum qilmoqda. Bu musobaqa Tokio Olimpiadasidan oldin so‘nggi rasmiy turnirdir va shu bilan Olimpiadaga reyting ochkolarini taqdim qiluvchi turnirlar yakuniga etadi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent 2021 yil kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilishi kerak edi. Biroq xalqaro tashkilot bilan kelishilgan holda u 2022 yilga ko‘chirildi. Katta ehtimolda Toshkentda o‘tadigan dunyo birinchiligi Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari uchun reyting ochkolarini taqdim qiladigan turnirlar qatorida bo‘ladi.
Fikrlar