
Toshkentda vorkaut mashqlari uchun birinchi bepul maydoncha ochildi
Poytaxtimizning Yunusobod tumanida vorkaut mashqlari uchun birinchi bepul maydoncha foydalanishga topshirildi. Qurilish g‘oyasi va loyihalari hamda moliyalash mamlakatimizdagi mahalliy "Buka" brendi tomonidan amalga oshirildi. Maydoncha vorkaut uchun barcha zarur snaryadlar bilan jihozlangan bo‘lib barcha yosh toifasidagilar uchun mo‘ljallangan.
Maydonchadagi sport jihozlarining barchasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va "Street Workout Uzbekistan" (sw.uz) hamjamiyatining tajribali vorkaut sportchilari sinovdan o‘tkazgan. Ular mazkur maydonchaning ochilish marosimida mahallada yashovchilarga mahorat saboqlarini o‘tkazdi va ular barcha snaryadlarda mashqlar bajardi. Loyiha mualliflari ob’ekt bir kun ham bo‘sh turmasligiga, atrofdagi uylarda yashovchi kishilarning sevimli dargohiga aylanishiga ishonch bildirmoqda.
"Buka Boxing Sportswear" kompaniyasi O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzining ommalashuvi va sportning rivojlanishida faol ishtirok etmoqda. Kompaniya yaqin kunlarda vorkaut maydonchalarini boshqa tumanlarda ham qurib, shahar aholisining jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishlariga imkoniyat yaratishni rejalashtirgan. Ularning bu say-harakatlari samarasida bolalarimizning sport bilan oshno bo‘lib o‘z vaqtlarini foydali va mazmunli o‘tkazadilar. Eng muhimi sog‘lom bo‘lib voyaga etadilar.
«Biz boshqa kompaniyalar ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashadi va ochiq havoda sport bilan shug‘ullanish mamlakatimiz bo‘ylab keng quloch yoyadi, degan umiddamiz. Shunda mahallaning har bir a’zosiga, ayniqsa bolalarga sport bilan bemalol shug‘ullanish imkoni tug‘iladi», - deydi "Buka Boxing Sportswear" kompaniyasi direktori Otabek Anvarov.
Ma’lumot uchun: Vorkaut – bu bruslarda, turniklarda, polda mashqlardir. Ba’zi elementlari gimnastikadan olingan, ba’zilari yangidan o‘ylab topilgan. Ya’ni bu mutlaqo yangi ko‘cha madaniyatidir. Shunisi muhimki, vorkautning har bir mashqida badanning barcha mushaklari o‘z og‘irligi tufayli ishlaydi. Agar doimiy ravishda shug‘ullanilsa, kuch va chidamlilik yaxshi rivojlanadi.
Fikrlar