TsSKAning ikki futbolchisi Evropaga ketishga tayyor. Ular kimlar?
TsSKA Rossiya Premer-ligasida yuqori o‘rinlar uchun kurashmoqda. Vladimir Fedotov shogirdlari hozircha musobaqa jadvalida to‘rtinchi pog‘onada bormoqda.
“Armiyachilar”ni uchinchi o‘rindagi “Dinamo”dan atigi bir ochko ajratib turibdi va bu chempionatning qolgan qismi qizg‘in davom etishidan dalolat beradi.
Chempionat va kubok o‘yinlarida TsSKAning muvaffaqiyatini ta’minlayotgan futbolchilarga Evropaning turli klublaridan qiziqish bo‘layotgani haqida ma’lumotlar tarqatilmoqda. Xususan, Abbosbek Fayzullaevni “Bavariya” va “Parma” kuzatayotgani, legionerimizning hujum chizig‘idagi sherigi Fyodor Chalov “Monako” nishoniga tushgani haqidagi xabarlar ko‘p muhokama qilinyapti.
“Armiyachilar”ning braziliyalik legioneri Kellven jamoadoshlari orasidan ikki nafari Evropaning kuchli ligalarida o‘ynashga tayyorligini ta’kidladi.
- Chalov Evropaga ketadigan payt keldimi? Bunga hech qanday shubha yo‘q. Fyodorning o‘zi Evropada o‘ynashni orzu qiladi. U ajoyib o‘yinchi.
TsSKAdagilardan nafaqat Chalov, balki Ivan Oblyakov ham Evropaga ko‘chib o‘tishga tayyor, deb o‘ylayman.
Ularning har ikkisi ham Evropaning kuchli chempionatlarida o‘ynay olish imkoniyatiga ega, - dedi Kellven.

Fyodor Chalov TsSKA klubi akademiyasining tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Asosiy jamoaga 2016 yili qabul qilingan. O‘shandan beri mohir hujumchi “armiyachilar” safida 253 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 86 ta gol va 43 ta assist rasmiylashtirdi.
Transfermarkt portali 26 yoshli futbolchini 12 million evroga baholamoqda.
Ivan Oblyakov esa, TsSKAda 2018 yilning yozidan beri o‘ynamoqda. Hujumkor futbolchi hozirgacha 204 ta uchrashuvda qatnashib, 20 ta gol va 34 ta assist qayd etdi.
Kellvenning o‘zi “armiyachilar” safiga 2023 yilning yozida kelgan. O‘tgan yili yozda TsSKA klubi uchta transferni amalga oshirib, Kellven, Viktor Davila va Abbosbek Fayzullaevni o‘z tarkibiga qo‘shib olgandi. Hozir har uchala charm to‘p ustasi asosiy tarkibning muqim o‘yinchisi sanaladi.



Fikrlar