
"Turon"ning nega g‘alaba qozona olmayotganiga javob topdim, xorijliklar bilan nimaga erishdik, hech narsaga! - Igor Shkvirin bilan ochiq suhbat
Tajribali mutaxassis Igor Shkvirin “Turon” klubi bosh murabbiyiga aylangan holda yana qizg‘in ish faoliyatiga qaytdi. Endi oldingidek barcha mas’uliyat uning zimmasida bo‘ladi.
Igor Anatolevich eskitdan mana shunday tartibda ishlashga o‘rgangan. Unda murabbiy sifatida o‘zidan yaxshi nom qoldirish va natija ko‘rsatish istagi kuchli. “Turon” esa Shkvirin uchun yangi chaqiriq bo‘ldi. Chunki ko‘zga ko‘ringan mutaxassis Superliga debyutanti va hali g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan klubni boshqarishga rozi bo‘ldi.
Ustiga-ustak, debyutant klub yangi murabbiy boshchiligidagi ilk o‘yinni ham o‘tkazishga ulgurdi va baxtga qarshi “Turon”ning g‘alabasiz seriyasi yana davom etdi.
Xabaringiz bor, o‘tgan turda yaypanliklar o‘z maydonida “Mash’al” bilan durang o‘ynadi – 0:0. Lekin Shkvirinning rejalari jiddiyga o‘xshayapti. Bosh murabbiy esa sports.uz muxbirining suhbatlashish taklifiga rozilik bildirdi. Mazkur intervyu o‘zida bir qator qiziqarli mavzularni qamrab olgan.
“Mening futbolda o‘ziga xos qarashlarim bor”
- Igor Anatolevich, “Turon” futbol klubining bosh murabbiyi vazifasiga tayinlanganingiz bilan tabriklayman! Ayting-chi, yaqqol autsayder bo‘lib turgan jamoani qabul qilish – bu tavakkalona ishmi?
- Futbolda tavakkalchilik doim bo‘lgan. Nafaqat autsayder, balki bosh murabbiyi u yoki bu sabab bilan o‘zgargan va etakchilik qilayotgan klubni qabul qilish ham haqiqiy tavakkalona ishdir. Bejizga tavakkalchining ishini Xudo o‘nglabdi, deyishmaydi axir. Agar sen boshqaruvingdagi klubda bo‘layotgan holatni sinchkovlik bilan kuzatmas ekansan, bu ham bir tavakkalona ishga o‘xshab ketadi. Mening futbol borasida o‘ziga xos qarashlarim bor. Jumladan, qo‘l ostimdagi o‘yinchilarni tanlash va ularga qo‘yiladigan talablar masalasida ham o‘zimga xos tamoyillarim mavjud. Qo‘l ostimdagi o‘yinchilarning men tasavvur qiladigan futbol namoyish qilishlarini istab, shunga mos ijrochilarni tanlash payida bo‘laman. O‘z tamoyillarimdan qaytmagan holda natija ko‘rsatishga intilaman. Albatta, tanaffus yuzaga kelgan paytda tarkibni kuchaytirish payida tushamiz. Shuning evaziga bugungiga nisbatan kuchliroq o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz.
- Sizni anchadan beri u yoki bu klub bosh murabbiyi sifatida ko‘rmasdan kelayotgandik. Ayting-chi, o‘tgan vaqt davomida xizmatingizga qiziqishlar bo‘ldimi?
- Takliflar bo‘ldi, ammo birortasi meni o‘ziga unchalik jalb etgani yo‘q. Shunchaki, ishga qatnash – bu men uchun qiziqarli mashg‘ulot emas. Menga o‘zim boshqaradigan klub bilan qandaydir vazifani bajarish yoqadi. Binobarin, bugungi klubim “Turon”ning oldiga chempionatdagi o‘z o‘rnini saqlab qolish vazifasi qo‘yilgan. Biz kuchlilar ligasida qolish uchun oxirigacha harakat qilishga tayyormiz. Muayyan bir vazifaning borligi men uchun ishni juda qiziqarli qiladi. Futbolda har qanday klub rahbariyati bosh murabbiy oldiga vazifa qo‘yadi. Jumladan, “Turon” mutasaddilari menga klubni Superligada saqlab qolish vazifasini qo‘ydilar. Agar menga birinchi yoki ikkinchi ligadagi va o‘z oldiga muhim vazifa qo‘yilmagan klubdan taklif bo‘lganida buni hech ikkilanmay rad etgan bo‘lardim. “Pro” litsenziyasiga ega mutaxassis shunga monand ravishda ish olib borishi kerak. Ish kishiga huzur bag‘ishlamog‘i darkor. Agar sen murabbiy sifatida klub oldiga qo‘yilgan vazifalarni birin-ketin bajarar ekansan, bu senga zavq-shavq bag‘ishlamasdan qolmaydi.
“Rahbariyat meni tanlab xato qilmaganliklarini isbotlab berishga harakat qilaman”
- Aytishlaricha, “Turon” rahbariyati bilan muzokaraning ikir-chikirlarini darhol hal qilishga erishibsizlar. Qiziq, oldindan bir-biringizni tanirmidingiz?
- Rostini aytsam, men ularni ilgari uchratmaganman. Dastlab Qo‘qonga, so‘ngra Yaypanga kelganimdan keyin “Turon”ni boshqarish masalasini hal qilishga kirishdik. Birgalikda o‘tirib hammasini muhokama qildik va hamkorlik borasida kelishib oldik, bori shu. Yuqorida ta’kidlaganingizdek, hammasi chindan ham tez fursatda hal etildi. Ilgari faoliyatimda bunchalik tez nihoyasiga etgan muzokaralar bo‘lmaganligini aytib o‘tishim darkor. O‘z navbatida endi men rahbariyat ishonchini qozonishim lozim. Ularga meni tanlab xato qilmaganliklarini isbotlab berishim uchun astoydil mehnat qilishim darkor. Bu klubga tajribam bilan yordamim tegishidan umid qilib qolaman.
- Ma’lumki, chempionatda o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun kurash olib borayotgan jamoada ishlar boshqalarga nisbatan juda ko‘p bo‘ladi. Agar malol kelmasa, rejalaringiz bilan o‘rtoqlasha olasizmi?
- Qanday rejalarni nazarda tutyapsiz?
- Masalan, birinchi davra nihoyasiga etyapti. Tanaffus paytida qanday ishlarni amalga oshirmoqchisizlar?:
- Sizni tushundim, masalan, birinchi davra tugaganidan so‘ng, yig‘in o‘tkazish uchun Toshkentga bormoqchimiz. Albatta, bundan avval futbolchilarga biroz hordiq chiqarishlari uchun ikki kun dam olish imkonini havola qilamiz. Shundan so‘ng, Toshkentda to‘planamiz. Albatta, hammasi o‘zimizga taalluqli bo‘lmagan vaziyatdan kelib chiqadi. Ya’ni, men pandemiya bilan bog‘liq holatni nazarda tutyapman. Rejamizda uch hafta davomida yig‘inni Toshkentda tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shundan keyin Yaypanga qaytib birinchi davraning oxirgi o‘yinini o‘tkazib, ikkinchisining bahslariga hozirlik ko‘ramiz.
“Ko‘z ostimizga olib qo‘ygan futbolchilarning teng yarmini olib kelsak ham xursand bo‘lamiz”
- Igor Anatolevich, sizningcha, klub nima sababdan shu kungacha g‘alaba qozona olmasdan kelmoqda? Bu savolning javobini topa oldingizmi?
- Bu savolga javob topdim, lekin uni ochiq bayon etmoqchi emasman. Chunki menga qadar klubni boshqargan hamkasblarimga bu sira yoqmaydi. Albatta, har qanday murabbiylar singari ular ham vaziyat shunday tus olmasligi uchun harakat qilishgan. Hamkasblarimning ishini muhokama qilishga, ularni vaziyat taqozo etgan taqdirda ham tanqid ostiga olishga sira o‘rganmaganman. Tayinlanganimdan so‘ng o‘tkazilgan yig‘ilishdayoq o‘zimdan oldin ishlagan murabbiylarga rahmat aytganman. Ular o‘zlaridan nimanidir klubga berishga harakat qilishgan. Shunday ekan, boshqalarning mehnatini qadrlamaslik noto‘g‘ri bo‘lardi. Har qanday mutaxassisning o‘ziga xos ishlash usuli bor. Murabbiy futbolni o‘z tasavvurlari darajasida ko‘rib, shunga monand ravishda ishlar tashkil etishga intiladi. Hayotda birorta inson xato qilmaslikdan kafolatlanmagan. Jumladan, futbolda ham shunday. Biz oddiy insonlar barchamiz xato qilishga moyilmiz. Xato qilmasdan yashashning iloji yo‘q. Uzoq yillar ishlab kelayotgan inson ham, albatta, xato qilmasdan qo‘ymaydi. Bu murabbiylarga ham taalluqli jihatdir. Savolingizning ikkinchi qismiga kelsak, “Turon”ning nima sababdan shuncha uchrashuvda birorta g‘alaba qozona olmagani – bu mendan oldin jamoada ishlagan murabbiylarning vazifasidir. Ular nima sababdan shunday holat yuzaga kelganini tahlil qilishlari darkor. O‘ylaymanki, ular klubning nega oxirgi o‘rinda qolib ketganini tahlil qilishga erishadilar. Bu mening vazifam emas. Zimmamdagi vazifa butunlay boshqa. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, oldimga qo‘yilgan asosiy vazifa “Turon”ni quyi pog‘onadan oldinga olib chiqish va Superligada jon saqlab qolishini uddalashdir.
- Tez orada yozgi transfer oynasi ochiladi. Aftidan, sizda bu masala yuzasidan qandaydir rejalar bor bo‘lsa kerak, shunday emasmi?
- Ha, menda bu masala yuzasidan reja bor. Muayyan futbolchilarni ko‘zlab qo‘yganman. Agar o‘sha ko‘zlab qo‘ygan futbolchilarni jamoaga olib kela olsak, juda soz bo‘lardi. Umuman olganda, har qanday klubda transfer bilan bog‘liq masala silliq kechishining aslo iloji yo‘q. Rejalar bo‘ladi, lekin rejani 100 foiz amalga oshirish biror-bir klubga nasib etmagan. Agar o‘zimiz ko‘z ostimizga olib qo‘ygan futbolchilarning teng yarmini “Turon”ga olib kelsak ham xursand bo‘lishimiz darkor...
- Bu masalada sizga murabbiylar shtabida aynan kim yordam beryapti?
- “Turon”da qolgan Anvar Berdiev, yaqinda bu erga kelgan Shuhrat Rahmonqulov menga shu masalada ko‘maklashishadi. Men bu mutaxassislarni anchadan beri bilaman. Hozircha shuni aytishim mumkin.
“Terma jamoani mahalliy murabbiylardan biriga topshirgan ma’qulroq”
- O‘zbekiston terma jamoasi JCh saralash bahslarida tarixda ilk bor ikkinchi bosqichdayoq kurashdan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Bunday muvaffaqiyatsizlikning sababini nimada ko‘rdingiz? Terma jamoamiz Saudiyaga yutqazib qo‘yib, hammasidan quruq qoldi...
- Nima uchun aynan Saudiya Arabistoni?! Bunga qadar ham terma jamoamizda muvaffaqiyatsiz o‘yinlar bo‘ldi. Men JCh-2022 uchun o‘tkazilgan o‘yinlardagi bunday ishtirokni saralashlardagi eng omadsizi deb hisoblayman. Chunki bunga qadar biz terma jamoani qaysi murabbiy boshqarmasin, albatta saralashning yakuniy bosqichiga chiqqanmiz. O‘shanda ham Abramov, Babayan kabi murabbiylar bilan ham shu ishni uddalaganmiz. Men bunday muvaffaqiyatsiz ishtirokning asosiy sababi sifatida terma jamoada bosh murabbiy almashganini ko‘rsatishim mumkin. Falastindan qabul qilingan mag‘lubiyatdan keyin shunday o‘zgarish bo‘ldi. Bu o‘zgarish yakunda o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Oldingi murabbiy Kuper matbuot anjumanlaridan birida o‘yinni himoyaga tayangan holda tashkil etamiz degandi. Ammo men uning boshqaruvidagi terma jamoada mana shunday o‘yinni ko‘rganim yo‘q. Hatto o‘rtoqlik uchrashuvlaridan birida terma jamoamiz yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi. Odatda murabbiylarning ko‘pchiligi hujumkor futbol o‘ynashga harakat qilamiz, deyishadi. Biroq Kuper...Bizga bu safar nimadir etishmay qoldi. Zarur paytda kiritilgan gollar, boya berilgan ochkolar etishmaganligi evaziga shu ahvolga tushib o‘tiribmiz.
- Sizningcha, O‘zbekiston terma jamoasining yangi murabbiyi mahalliy bo‘lgani yaxshimi yoki chetdan olib kelgan ma’lqumi?
- Bizda shu paytgacha terma jamoada qancha xorijlik murabbiy ishladi? Kuperga qadar nemis mutaxassisi ham termamizda ishlagan. Ular bilan nimaga erishdik, hech narsaga! Mening fikrimcha, terma jamoani mahalliy, futbolimizni ichidan juda yaxshi biladigan murabbiy boshqargani ma’qul. Masalan, Ro‘ziqul Berdiev o‘z ishi bilan ko‘pchilikda yaxshi taassurot qoldirib keladi. U “Nasaf”dagi faoliyati davomida eng yaxshi futbolchilar tarqalib ketganiga qaramay, ko‘pchilikka umuman tanish bo‘lmagan yoshlardan raqobatbardosh bo‘lgan klubni shakllantira olgan. Uning qo‘l ostidagi “Nasaf”ning bugungi kunda ikkita frontda – Superliga va OFK Kubogida qanday ishtirok etayotganini barcha ko‘rib turibdi. Menimcha, Berdievni ham nomzodlardan biri sifatida ko‘rish yaxshi bo‘lardi. Bu mening fikrim albatta. Uning ishini chetdan kuzatib kelayotganim bois ham shunday deyapman. Yana mening fikrim shundan iboratki, bizga xorijlik mutaxassis kerak emas. Chunki shunday murabbiy kelsa, avvaliga mahalliy mentalitet va futbolga moslashishi uchun yarim yildan ortiq vaqt kerak bo‘ladi. Nemis mutaxassisi ishni xuddi armiyadagi rejim kabi olib boradi. Ovqatlanishga saf tortib ketish, qisqa daqiqalarda eb-ichish...Menimcha, ularda shunday bo‘lsa kerak. Bizda ishlar bu tariqa olib borilmaydi. Bizning chempionatda o‘zini ko‘rsatgan mahalliy murabbiylardan biriga terma jamoani boshqarishni topshirish ma’qulroq, deb hisoblayman.
“Odil pullar uchun emas, mamlakat sha’ni uchun jonini bergudek to‘p surdi”
- Odil Ahmedov terma jamoadagi faoliyatini yakunlashga qaror qildi. Bu to‘g‘ri to‘xtammidi?
- Odil Ahmedov bugun necha yoshda? Agar u 25 yoshida terma jamoadagi faoliyatimni yakunlayman deb e’lon qilganda ham bundan ajablanish mumkin bo‘lardi. O‘shanda undan nima uchun bunday qarorga kelding deb so‘rash mantiqqa mos kelardi. U terma jamoada ancha yillar o‘ynadi, o‘zidagi borini berdi. U faxriy yoshida ham shunday to‘p surdi. Odil Ahmedovning terma jamoadan ketishga qaror qilgani meni sira hayron qoldirgani yo‘q. U shu yoshida ham 100 foiz kuch bilan to‘p surishga intildi. Men uni haqiqiy vatanparvar deb bilaman. Chunki Odil o‘zidagi borini terma jamoaga berishga harakat qildi. Qolaversa, u qo‘li yupqa inson emas. Faoliyati davomida etarlicha pul topishga erishdi. Shunday bo‘lsa ham u terma jamoaga kelgan paytda bor kuchini ishga soldi. Mana shuni vatanparvarlik desa bo‘ladi. Shu xislati uchun ham men uni hurmat qilaman. U pullar uchun emas, mamlakat sha’ni uchun jonini bergudek to‘p surdi.
- Mo‘ydin Mamazalumovni siz kashf etgansiz. Uni Olmaliqdagi o‘yinlari orqali muxlislar taniy boshlashgan. Eshitishimcha, sobiq shogirdingiz “Turon”ga qaytishi mumkin ekan...
- Bunday ma’lumotlarni qaerdan olyapsiz, bilmayman-u, bu haqda o‘ylanib qoldim...
“Evropa chempionatida favorit? “Belgiya!”
- Bugungi kunda butun dunyo qiziqish bilan kuzatib borayotgan “EVRO-2020” uchrashuvlarini tomosha qilyapsizmi?
- Albatta, kuzatib boryapman. Ayniqsa, kechagi uchrashuvlar haqiqiy dahshatning o‘zi bo‘ldi! Xorvatlarning ispanlarga qarshi olib borgan bahsi menda juda katta taassurot qoldirdi. Avvaliga xorvatlar hisobda oldinga chiqib olishdi. Keyin 1:1 hisobi bo‘ldi. Shundan so‘ng, raqiblar kim o‘zarga gol kiritish borasida bahslashishga tushib ketdilar. Futbolning haqiqiy jozibasi mana shunday bellashuvda yuzaga keladi. Bu nafaqat har qanday ishqibozni, balki futbol murabbiyini hayajonga solmasdan qo‘ymaydi. Juda qiziqarli bahs. So‘nggi pallada hisobni tenglashtirish, o‘yinning qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tkazilishi...Bunaqasini har doim ham ko‘ravermaysiz. Ispanlar baribir tajriba borasida xorvatlardan ustunlik qilib, qo‘shimcha bo‘limlarda birin-ketin ikkita gol urishga erishdilar. Shuningdek, menda Frantsiya – Shveytsariya uchrashuvi juda katta taassurot qoldirdi! Bu bellashuv ham xuddi Ispan va xorvatlarniki kabi stsenariy ostida o‘tdi-yu, ammo hammasi penaltilar seriyasida hal bo‘ldi. Men ikkala uchrashuvni chempionatdagi eng zo‘r bellashuvlar deya bemalol ayta olaman. Bilasizmi, mendan chempionat boshlanishi oldidan qaysi terma jamoaga muxlislik qilishim va g‘olib kim bo‘lishi mumkinligi haqida so‘rashgandi. Men azaldan niderlandlarga ishqibozlik qilib kelaman. Eng qizig‘i, ular kishiga yoqadigan futbol namoyish etib kelsalar-da, ko‘pincha quruq qo‘l bilan qolib ketishadi. Bu safar ham baxtga qarshi mana shunday bo‘ldi.
- Sizningcha, “EVRO-2020”ning asosiy favoriti kim?
- Bu savolga dabdurustdan javob qaytarish mushkul. Ayniqsa, kechagi bo‘lib o‘tgan dramatik o‘yinlardan keyin kishi nima deyishga ham hayron bo‘lib qolarkan. Bugun yana g‘oliblikka da’vogar ikkita terma jamoa – Angliya hamda Germaniya “Uembli”da to‘qnash keladi. Bellashuvdan so‘ng, qaysidir biri birinchilikdan chiqib ketadi. Agar inglizlar yutqazishsa, o‘z uyida qolib, buni buyog‘iga oddiy tomoshabinga aylanishadi. Agar nemislar o‘yinni boy berishsa, uylariga qaytishadi. Hozircha falon-falon terma jamoa favorit, deya ko‘rsatish mushkul. Nazarimda, Belgiya asosiy favoritdek ko‘rinyapti.
- Demak, asosiy favorit Belgiya?..
- Men Belgiyani favoritlardan biri demoqchiman...
Fikrlar