
UFC 247 turniri haqida yoxud Jon Jons erasi yakuniga etmoqdami? (Tahlil)
Bugun, barcha jangovar sport turi ishqibozlarining diqqat e’tiborida UFC 247 turniri bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, mazkur jang kechasining asosiy kardida bir qator qiziqarli janglar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Valentina Shevchenko va Ketlin Chukagyan, Derrik Lyuis va Ilir Latifi hamda markaziy jangda vazn toifasidan qat’iy nazar UFC reytingi etakchisi, yarim og‘ir vazn toifasining amaldagi chempioni Jon Jons va Dominik Reyeslar qarama-qarshiligi har qanday muxlisni e’tiborini tortishi tabiiy edi. Ular o‘rtasidagi janglar kutilgan va kutilmagan voqeyliklarga boy bo‘ldi deb ayta olamiz.
Balki nimasi kutilmagan, favoritlar Jons, Valentina va Derrik g‘alaba qozondiku degan savol tug‘ilishi mumkindir. To‘g‘ri, Valentina Shevchenko va Chukagyan jangi bundan mustasno. Chunki bu erda barchasi to‘g‘ri bo‘ldi va xech qanday bahs-munozaralarga o‘rin qolmadi.
Lekin, qolgan ikki jangda tortishishga arzigulik va biroz adolatsizlik yuzaga kelgandek taassurot uyg‘ondi. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim!
Hullas, ushbu uch jang haqida biroz fikr yuritamiz...
Derrik Lyuis - Ilir Latifi
Mazkur jangda Lyuisning imkoniyati yuqori edi. Sababi, Latifi o‘z vazn toifasini o‘zgartirgan ya’ni, yarim og‘ir vazndan og‘irga o‘tgandi. Derrik esa o‘z dvizionida harakat qilardi. Shunday bo‘lsada, har ikkisida ham o‘ziga xos motivatsiya mavjud edi. Ya’ni, ularning so‘ngi janglari muvaffaqiyatsiz yakunlangan. To‘g‘ri, Derrik bundan avvalgi jangida Blagoy Ivanov ustidan g‘alaba qozona olgandi. Lekin bunga qadar Daniel Korme hamda Junior Dos Santosdan mag‘lubiyatni qabul qilib olgan. Shvetsiyalik Latifida ham omadsizlik davri hukm surmoqda. U bugungi bahsga qadar, oxirgi ikki jangida Kori Anders va Vulkan Ozdemirga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi. Shuning uchun, bu to‘qnashuv har ikkisi uchun ham muhim edi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Jang o‘rta darajada o‘tdi. "Super" ham emas, zerikarli darajada bo‘ldi deb ham ayta olmaymiz.
Ochig‘i, bu safar UFC hakamlarining faoliyatiga yuqori baho berish shunchaki ahmoqlik desam aybga buyurmaysiz. Albatta, bu yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek mening shaxsiy fikrlarim...
Chunki, bu jangda Latifi yaxshi harakat qilgandi. Shaxsan men uchun shved g‘alaba qozondi. Lekin yakunda okean orti vakiliga g‘alaba taqdim etildi. To‘g‘ri, mutaxassis emasman, ehtimol adashayotgan bo‘lishim mumkindir!
VALENTINA ShEVChENKO – KETLIN ChUKAGYaN
Bu to‘qnashuvda barcha tahminlar o‘zini oqladi. Hozirgi kunda qirg‘izistonlik jangchi qiz dvizionida “yagona” desak adashmaymiz. Unga super engil vazn toifasida xech qanday raqobatchi qolmadi. Boshqa kim bor? Agar, Valentina yana ushbu dvizionda jang qiladigan bo‘lsa, navbatdagi raqibi Joan Kaldervud bo‘lishi mumkin. Shotland qizining darajasi Valentinanikiga yaqin ham yo‘lay olmaydi. Bunga uning janglarini ko‘rsangiz ham ishonch hosil qilasiz. Qolaversa, Joanni Chukagyan ham mag‘lubiyatga uchrata olgan. Ikkinchi variant Velli Chan navbatdagi jangida Yoanna Yendjeychik ustidan g‘alaba qozona olsa, ehtimol Dana Uayt unga Shevchenko bilan jangni berar. Lekin, bu to‘qnashuvdan ko‘ra, Channing Jessika Andrade bilan revansh o‘tkazishi haqiqatga yaqinroq. Xullas, yana boshqa dvizion vakili Amanda Nunes bilan uchinchi jangdan boshqasi Valentina uchun qiyinchilik tug‘dirmasa kerak. Qirg‘izistonlik jangchini ayni vaqtda enga olishga qodir Amanda holos va o‘z o‘rnida braziliyalik "Lioness" ustidan g‘alba qozona olish salohiyatiga ega bo‘lgan yagona ayol jangchi ham aynan Shevchenkodir.
Demak, kutamiz...
Jon Jons –Dominik Reyes
Bu to‘qnashuvda ham hakamlar uchun yuqoridagi gap... 1-2 va 3-raundlarda Reyes ustunlik qildi. To‘g‘ri, qolgan ikki raund Jons hisobiga yozildi. Shunday bo‘lsada, ushbu raundlar mobaynida ham Dominik xavfli holatlarni yuzaga keltira oldi. To‘g‘rirog‘i, Jons bu raundlarda ham avvalgi raqiblari bilan bo‘lgan janglardagidek harakat qila olmadi. Reyes kuchini teng taqsimladi. Charchab qolmadi. To‘g‘ri toliqish yuzaga kelgandek bo‘ldiyu, lekin Amerika futbolida toblanganligi unga foyda berdi. Ya’ni mutlaqo “o‘chib” qolmadi. Mana Jons qatorasiga ikki jangiki qiyinchiliklarga uchramoqda. Bundan avvalgi Tyago Santos bilan to‘qnashuvda ham muammolar paydo bo‘lgandi. Demoqchimanki, unga munosib raqiblar ushbu dvizionda ham paydo bo‘lmoqda.
Endi Pound-for-Pound etakchisining navbatdagi raqiblari kim bo‘lishi mumkin?
Agar, Reyes va Tyago Santos bilan revansh janglari bo‘lmasa, UFC Kori Anders va Yan Blaxovich o‘rtasidagi to‘qnashuv g‘olibi bilan jang tashkil qilsa kerak. Yana kim biladi deysiz? Chunki Jon Jons og‘ir vazn toifasiga o‘tishni ham rejalashtirayotganini aytgandi. Bir so‘z bilan aytganda buni ham vaqt ko‘rsatadi. Kuzatishda davom etamiz!
Fikrlar