
"UFC 302" turniriga oid juda qiziq ma’lumotlar va statistikalar!
Islam Maxachev va Dastin Pore!
Islam hozirda eng uzun kamarini himoya qilayotgan chempionlardan biri - 2 marotaba (Leon Edvards, Veyli Jang va Aleshandre Pantoja kabi);
Yakshanba tongida Maxachev g‘alaba qozonsa, titulni 3 marta muvaffaqiyatli himoya qilgan tarixiy chempionlar klubiga qo‘shiladi. Xabib Nurmagomedov, Frenki Edgar, Benson Xenderson va BiDjey Pennlar bu vaznda kamarlarni rekord darajada 3 marotaba ketma-ket himoya qila olishgan.
Maxachevning 13 jangdan iborat g‘alabali seriyasi ayni damda amaldagi eng uzun g‘alabali seriya hisoblanadi. Maxachev so‘nggi yillarda zarba aniqligi borasida ham keskin yuksalishga erishgan. Hozirda uning zarbalari aniqligi foizi 60 % ga teng. U bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqatgina Djastin Geybdjidan ozgina orqada (Geydjining ko‘rsatkichi 61%)
Maxachev urinishlarning 61 % ida raqiblariga muvaffaqiyatli teykdaunni amalga oshirgan. Masalan, bu natija afsonaviy BiDjey Penning 66% lik muvaffaqiyatli teykdaun natijasidan sal pastroq. O‘zi esa 91 % teykdaunlardan himoyalangan. Bu borada u hozircha Gleyson Tibau natijasidan ortda bormoqda (92%).
Dastin Pore yakshanba tongida g‘alaba qozonsa, mutlaq chempionlik uchun eng uzun janglar seriyasini boshdan kechirgan jangchiga aylanadi (31 jangdan so‘ng chempionga aylanadi).
Oldinroq, Charlz Oliveyra chempion bo‘lish uchun promoushen tarkibida 28 jangda ishtirok etishiga to‘g‘ri kelgan ersa, Maykl Bispingning muvaffaqityai uchun 27 jang talab qilingan.
Engil vaznga o‘tganidan so‘ng Dastin Popening rekordi 14-4 (1 NC) bo‘lib, uning uchta mag‘lubiyati titul janglarida kuzatilgan. Pore hozircha 22 marotaba UFC promoushenidagi janglarda g‘alaba qozonib, eng ko‘p g‘alaba qozongan jangchilar ro‘yxatida Djim Miller (26 g‘alaba), Andrey Orlovskiy (23 g‘alaba) va Donald Serrone (22 g‘alaba) dan keyingi o‘rinlarda ketmoqda.
Pore 15 jangini muddatidan oldin yakunlagan va finishlar bo‘yicha Charlz Oliveyra (20), Djim Miller (18) va Donald Serronedan (16) ortda bormoqda. Pore, shuningdek, tarixdagi daxshatli straykerlardan biri hisoblanadi. U 11 marotaba raqiblarini nokautga uchratgan hisoblanib, bu ko‘rsatkichga ko‘ra faqat Derrik Lyuis (15) va Mett Braundan (13) ortda qolmoqda.
Va, albatta, Pore nokdaunlar bo‘yicha ham elit jangchilar toifasidandir. U raqiblarini nokdaun qilishda ham promoushenning tarixdagi top-5 jangchilari qatoridan joy olgan. Serrone (20), Anderson Silva (18), Djeremi Stivens (18) va Edson Barboza (16). Jangdan keyingi bonus bo‘yicha Pore hisobida 14 marotaba 50 ming $ miqdoridagi qo‘shimcha mablag‘lar mavjud.
Shon Striklend - Paulo Kosta!
Sobiq o‘rta vazn chempioni Shon Striklend o‘rta vaznga ko‘chib o‘tganidan so‘ng 9 jangda ishtirok etgan. 6 g‘alaba va 3 mag‘lubiyat. 3 mag‘lubiyatidan ikkitasi ochkolar hisobiga ko‘ra, deyarli tengma-teng janglarda sodir bo‘lgan. Djared Kannone va Drikus dyu Plessiga qarshi. Va faqat bir marotaba o‘rta vaznda Aleks Pereyradan nokautga uchragan.
O‘rta vazndagi janglarida Shon Striklend o‘zining boks ko‘nikmalarini daxshatli darajada namoyon qila olmoqda. Masalan, 9 jangdan faqat ikkitasida raqiblari unga nisbatan ko‘proq aniq zarbalar yo‘llay olishgan. Striklend esa, Israel Adesanya, Deared Kannone, Nassurdin Imavov, Yurayya Xoll, Drikus dyu Plessilarga stoyka masalasida dars o‘tib qo‘ya olgan.
Striklend nafaqat pragmatik, balki, yorqin janglar ko‘rsatishni ham boshlab yuborgan. U so‘nggi uchta jangida 3 marotaba bonus sohibiga aylandi.
Uchta vaznda yarim o‘rta, o‘rta va yarim og‘irda g‘alaba qozongan kam sonli jangchilardan. Shuningdek, zarbalar aniqligi va zarbalarga chap berish bo‘yicha o‘z divizionida 2-o‘rinda bormoqda. (Aniq zarba berish borasidan Dyu Plessidan, zarbalarga chap berish va blok qo‘yish borasida Nassurdin Imavovdan ortda).Eng muhimi, Shonni haqiqiy ochko mashina deyishimiz mumkin. Faoliyatidagi promoushenda qayd etilgan 15 g‘alabasidan 11 tasi ochkolar hisobiga amalga oshirilgan.
Paulo Kosta esa Striklendning g‘irt antonimi. G‘alabalarning asosiy qismini nokautlar evaziga qozongan ersada, lekin so‘nggi janglarida uning nokaut kuchi yo‘qolib qolganday. Shuningdek, Kosta so‘nggi 5 jangida 3 marotaba mag‘lubiyatga uchradi. G‘alabalari esa pensioner Yoel Romero va Lyuk Rokxoldlar ustidan qozonildi.
Turnir davomida kuzatishga arzirli jangchilar...
Jailton Almeyda - teykdaun mashina, yarim og‘ir vazn jangchisi, bira to‘la og‘ir vaznda jang qilmoqda va bahodirlar vaznida ham o‘zining kurash raqsiga barchani o‘ynatmoqda. Qisqa vaqt ichida, janglarda raqiblarini 27 marotaba erga muvaffaqiyatli bosa olgan va hattoki mag‘lub bo‘lgan bo‘lsada kurash borasida og‘ir vazndagi fenomen - Kyortis Bleydsni ham 9 marotaba teykdaunga ola bilgan. Bu safargi raqibi, moldovalik Aleksandr Romanov ham kurashchi. Ko‘ramiz bu jang qanday kecharkin?!
Aleksandr Romanov - o‘z o‘rnida Sasha ham anoyi jangchilardan emas. Faoliyatidagi (16-3) 16 g‘alabasidpn 15 tasini finish orqali muddatdan oldin yakunlagan bo‘lsa, shulardan 11 tasida 1 raunddayoq raqibini taslim qilishga erishgan.
Rendi Braun - yarim o‘rta vazn jangchisi Rendi ajoyib seriya qayd etib kelmoqda. Xususan, 2021-yildan boshlab hisoblaganda 7 jang o‘tqazgan Braun faqatgina Djek Della Maddalenaga mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, qolgan 6 jangida g‘alabaga erishgan.
Elizeu Zaleski dos Santos - prospektlar kushandasi deya qaraladigan braziliyalik kapoeyra ustasi top jangchilar hisoblanmish Shon Striklend, Benua Sen-Deni, Abubakar Nurmagomedov va Omari Axmedovlarni mag‘lubiyatga uchratgan va Rinat Faxretdinovni nokdaunga tushirib, jangi durang bo‘lishigacha olib borgan.
Roman Kopylov - o‘rta vazndagi eng yorqin stoyka vakillaridan bittasi, so‘nggi jangida Entoni Ernandezga sabmishen evaziga mag‘lub bo‘lgan va o‘zining 4 jangdan iborat nokautli seriyasiga barham berdi. Bu safargi raqibi kikboksing bo‘yicha zalvorli natijalarga ega. Serkan O‘zchag‘layan va Aleks Pereyra ustidan qozongan g‘alabalari, menimcha, ortiqcha ta’rifga muhtoj emas. Ikki stoyka jangchisi bahsi bomba bo‘ladi.
Mahmudjon Jabborov tayyorladi!
Fikrlar