Uganda O‘zbekiston uchun xavfli raqibmi?

  • 29 mart, 2022, 08:50
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi "Navruz Cup" musobaqasining final bahsida "Qora qit’a"dan tashrif buyurgan Uganda bilan kuch sinashadi. Xo‘sh, bugungi raqibimizning o‘yin uslubi qanday? Qaysi zonalarda kuchliroq xarakat qiladi? Kuchsiz tomoni nimada?

O‘yin sxemasi:4-2-3-1

photo_2022-03-29_00-40-12

Milutin Sredoevich shogirdlarining ustun tomonlaridan maksimum naf chiqarishga urinadigan mutaxassislar sirasiga kiradi. U Uganda termasi a’zolarining tezligi va jismoniy holatiga ishongan holda, anchagina hujumkor futbolni targ‘ib etadi. Futbolchilarning joylashuvi o‘yin davomida o‘zgarib turishi odatiy hol. Jismonan baquvvat bo‘lgan raqiblarimiz hujum va himoya chog‘ida turli xil ko‘rinishdagi pozitsiyalarni egallaydi. Sredoevich ko‘proq urg‘uni qanot himoyachilariga qaratish orqali kengroq o‘ynashga va raqibni to‘psiz ter to‘kishga majbur qiladi.

Qanot futbolchilari

Bunday sxemaga yaqin o‘tmishda Pochetinoning "Tottenxem"i va Raykardning "Barselona"sida guvoh bo‘lganmiz. Qanot himoyachilari butun o‘yin davomida Ugandaning asosiy quroliga aylandi. Ularning faol harakatlari bois, tayanch zonasidagi ikki futbolchi hujumlarga kamroq qo‘shiladi va raqibni tezkor qarshi hujumini kutib olish maqsadida markazda bo‘sh hududlarni yopish uchun qoladi. Oldindagi 3 ta yarim himoyachi esa, hujumlar chog‘ida markazga surilib, qanot himoyachilariga keng yo‘lak ochib berishga urinadi. Qarabsizki, Ugandaning hujumlari chog‘ida son jihatidan ustunlik paydo bo‘lmoqda. Yaxshi tanlov, ajoyib echim. Tan olish lozim, qanot himoyachilari borasida Ugandaning omadi kelgan.  Saviyali fulbeklarga ega, ammo maydon markazida ular darajasidagi pleymeyker yo‘q. Markazdan yorib kiruvchi uzatmalar yo‘qligi bois, Uganda uyushtirgan hujumlarning aksari juda sodda ko‘rinish oladi.

Tayanc zonasi

Tojikiston bilan o‘yinda shu omil pand berib qo‘ydi. Tezlik va jismoniy ustunlik afrikalik futbolchilardan bo‘lishiga qaramay, qo‘shnilarimiz markazdagi ustunlik evaziga o‘yinda faolroq bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.

Kuchli tomoni nimada

Birinchi navbatda pressing! Ochig‘i, ushbu jamoadan bunday sifatli pressingni kutmagan edim. Texnikasi kuchli bo‘lgan Tojikiston termasi futbolchilari raqibning tempiga bir necha marotaba dosh bera olmaganini ko‘rdik.

Maydonning ikkinchi tomonida

Raqib O‘zbekistonga qarshi bahsda ham pressingga suyanadi. Uganda hujumda to‘pni oldirgach, bir necha soniyalarda bo‘sh qoldirilgan zonalarni berkitishga qodir. Bu bizning markaziy yarim himoyamizdagi va hujumchi ortida to‘p tepayotgan futbolchimizga ikki hissa chaqqonroq va kreativroq bo‘lish vazifasini yuklaydi. Aks holda, yaxshi himoyalana oladigan Uganda bilan bahsda muammolarimiz ko‘payib ketishi mumkin. Hujumga o‘tgan chog‘da raqib kengroq harakat qilishga urinsa, himoyalanayotgan paytda o‘z jarima maydonchasi atrofida ancha zich joylashadi.

himoyada

Markaziy himoyachilarning baland bo‘yli ekanligi bois, ikkinchi qavatdan uzatiladigan to‘plar katta talofat etkazmaydi. Bu borada "Roma" forvardi - Eldor Shomurodov katta sahnaga chiqishi shart. Yo‘qsa, raqiblaridan anchagina pastroq bo‘yga ega "oq bo‘rilar" uyushtirgan hujumlarining 40 foizi "brak"ka aylanadi. Katanets Qirg‘iz Respublikasi bilan bahsning ikkinchi bo‘limida raqibning charchab qolganidan unumli foydalangan edi. Markaziy himoyachilarni ancha oldinroq chiqarib, bosimni markazda boshlagan va shu tariqa, o‘yin nazoratini qo‘lga olgani yodingizdami?! Bu safar Uganda bunday "tryuk"ka imkon bermasligi xaqiqatga yaqin. Anchagina tezkor va jismonan baquvvat futbolchilar istalgan vaqtda himoyachilarimizni ortda qoldirishi mumkin. E’tiborlisi shundaki, Uganda pozitsion himoyalanishni bilsa-da, ko‘proq pressinga murojaat etadi. Tojikiston bilan o‘yinda maydon markazidagi ustunlik qo‘ldan boy berilgach, ular aynan birinchi zonadayoq pressing boshlab, o‘yinni tenglashtirgan edi.

Ojiz nuqtalari

2l3gp2l3pgl2plg2

Finaldagi raqibimiz biz uchun noqulayligi rost, ammo og‘riqli nuqtalar ularda ham etarli. Birinchi navbatda, markaziy hujumchining ko‘p epizodlarda o‘yindan "tushib qolishi"ni ko‘rsatish mumkin. Soddaroq qilib aytganda, Uganda jamoaviy o‘yin borasida ancha oqsaydi. Tayanch zonasidagi yigitlar ko‘proq himoyaga e’tibor qaratgani bois, oldinda rang-baranglik yo‘q. Bahs taqdirini hal etish shart bo‘lgan epizodlarda mahorat etishmasligi darrov ko‘zga tashlanadi. O‘yinni o‘qiy olish bobida ham Sredoevich jamoasidagi yigitlar "oq bo‘rilar"dan bir klass pastda. Bugungi uchrashuvda voqealar qanday rivojlanishi kim birinchi bo‘lib gol kiritishiga bog‘liq. Bu detal raqib o‘yinini sochilib ketishi yoki yanada yig‘iqroq harakat qilishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir etadi. Ijrochilar yaxshi saviyada bo‘lishiga qaramay, jamoaviy o‘yin a’lo darajada yo‘lga qo‘yilmagan. Hali bog‘lamlar ustida qilinadigan ishlar talaygina, ammo bu biznikilar osonlik bilan g‘alaba qozonadi, degani emas. Bunday o‘yinlarda klass jihatidan balandroq bo‘lgan jamoalar birorta xavfli vaziyatni qo‘ldan boy bermasligi, raqibni o‘z vaqtida jazolashni bilishi shart. Aks holda, voqealar rivoji o‘zgacha ko‘rinish olishi hech gap emas.

l23fp2l3f2

Mahorat vs Mehnat

Darhaqiqat, bugun Namangandagi arenada kuchli intelektga ega futbolchilar mehnatdan qochmaydigan, pressinga suyangan tezkor hamkasblariga qarshi maydonga chiqib keladi. Bir so‘z bilan aytganda, aql kuchga qarshi! Bu duel qanday yakun topishi ikki jamoaning ham o‘z ustunligini qay darajada tabloga ko‘chira olishiga bog‘liq.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!