Ular hozir qaerda? Chempionlar Ligasida o‘ynagan “Malaga”ning “oltin avlod”i

  • 19 fevral, 2021, 09:00
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

XXI asrning 2-dekadasida Ispaniyada yana bir gigant klub paydo bo‘ldi. Ha, u “Barselona” va “Real”ga raqobat uyushtira olmasdi. Ammo “Atletiko”, “Valensiya”, “Sevilya” va “Vilyarreal” kabi klublarga qarshi bu qadar ishonch bilan turib bera olishning o‘zi bo‘lmasdi. Tushundingiz! Okeanorti mamlakatlarida boy egalari bo‘lgan “Malaga” qisqa muddatda juda katta natijalarga erishishga muvaffaq bo‘ldi. Bugun biz “Manchester Siti” va PSJni futbolga sun’iy resurslar bilan kirib kelgan “boyvachchalar” sifatida ko‘ramiz. Ammo ular sarmoyani juda aqlli yo‘lda ishlata olganini e’tirof etish lozim. Bu davrda “Malaga”, “Anji” kabi pullarini havoga sovurishdan tap tortmaydigan boy klublar ham paydo bo‘ldiki, ular qanchalik tez porlagan bo‘lsa, shunchalik tez so‘ndi.
2012/2013 yilgi mavsumda UEFA Chempionlar Ligasida qatnashgan jamoaning bugun Segundada arang jon saqlab qolayotgani hayratlanarli. Keling, o‘sha tarkib futbolchilarini yodga olamiz.

Tecno

Villi Kabalero (darvozabon)
Klub safida: 133 ta o‘yin
Hozirda: “Chelsi”

“Malaga” Villi Kabaleroni Segunda klubi “Elche”dan olib keladi va tez orada asosiy darvozabonga aylantiradi. Uning klub tarkibidagi faoliyatini omadli chiqqan, deb aytishga bizda etarlicha asoslar mavjud. Balki, shuning uchun ham Manuel Pellegrini “Manchester Siti” murabbiyligini qo‘lga olar ekan, argentinalik posbonni o‘zi bilan olib ketadi. Pellegrini ketgach, u ham “shaharliklar” safida uzoq qolmadi. 2017 yilda u “Chelsi” safiga ko‘chib o‘tdi.

image_1

Karlos Kameni (darvozabon)
Klub safida: 121 ta o‘yin
Hozirda: Klubsiz

Afrika futboli tarixidagi eng nomdor darvozabonlardan biri. Kamerunlik posbon Villi Kabaleroning o‘rinbosari sifatida 2012 yilda jamoaga olib kelingandi. Asosiy darvozabonga aylanguncha bo‘lgan yo‘lni sabot bilan bosib o‘tgan Kameni klub muxlislari qalbidan o‘z joyini topishga muvaffaq bo‘ldi.
La Rosaledada 5 yil faoliyat olib borgach, “Fenerbaxche”da bir muddat o‘ynadi. Hozirda, u erkin agent maqomida.

photo_1358376755447-1-0

Xesus Games (himoyachi)
Klub safida: 257 ta o‘yin
Hozirda: Klubsiz

Klub tarbiyalanuvchisi hisoblangan Games o‘sha tarixiy mavsumda jamoada sardorlik qilardi. 2005 yilda aynan “meduzalar” safida debyut qilgan himoyachi 9 yil davomida mazmunli futbol namoyish etib keldi.
2014 yilda La Liganing o‘sha paytdagi chempioni “Atletiko” futbolchini o‘z safiga chorladi va Games “matraschilar” bilan EChL kumush medalini qo‘lga kiritgandi. Kelgusi mavsum uni “Nyukasl” sotib oldi va 2 yillik faoliyatidan so‘ng, Xesus klubsiz qolib ketdi.

62954

Martin Demichelis (himoyachi)
Klub safida: 113 ta o‘yin
Hozirda: Faoliyatini yakunlagan

“Bavariya”dagi 7 yillik samarali faoliyatidan so‘ng, Demichelis 2011 yilda Ispaniyaga tashrif buyurdi. “Malaga”da u 2,5 yil to‘p tepdi. Kabalero kabi u ham Pellegrini ortidan “Manchester Siti”ga yo‘l oladi. 2016/2017 yilgi mavsumda esa, argentinalik himoyachi sobiq klubiga qaytib, aynan shu erda faoliyatini yakunladi.

hbtya3o1xbb90nvz6mic

Veligton (himoyachi)
Klub safida: 286 ta o‘yin
Hozirda: Faoliyatini yakunlagan

Veligton andalusiyaliklar safiga 2007 yilda kelib qo‘shilgan va u jamoaning La Ligadagi debyuti muvaffaqiyatli chiqishida yordam bergan. 10 yil davomida braziliyalik futbolchi “Malaga” sharafini mardonavor qo‘riqladi va Chempionlar Ligasiga yo‘llanma olinishida muhim rolni o‘ynadi.
2017 yilning yozida Veligton 37 yoshida butsalarini “mixga ilishi”ni ma’lum qildi. U muxlislar yuragida afsonaligicha qoladi.

i_1

Serxio Sanches (himoyachi)
Klub safida: 96 ta o‘yin
Hozirda: Erkin agent

“Espanol” tarbiyalanuvchisi hisoblanuvchi Sanches “Malaga”ga 2011 yilda “Sevilya”dan o‘tadi. 4 yillik faoliyati davomida u klubda nimalarnidir isbotlashga urunadi. Biroq, ochig‘ini tan olish lozim, u almashtirib bo‘lmas futbolchilar qatoriga kirmagan.
Gretsiyaning “Panatinaikos”ida 1 mavsum to‘p tepgach, uning manzillari Rossiya va yana Ispaniya bilan bog‘landi. Joriy mavsum avvalida “Kadis” Sanchesning xizmatlaridan voz kechdi. Bugun u erkin agent.

662x372a_08095627155562

Elizeu (yarim himoyachi)
Klub safida: 213 ta o‘yin
Hozirda: Faoliyatini yakunlagan

Aslida, portugaliyalik futbolchi “Latsio”ga o‘tmasidan avval, 2007-2009 yillar mobaynida “Malaga” sharafini himoya qilgandi. Ammo Rimda o‘zi xohlagan futbolni namoyish eta olmagan yarim himoyachi 2010 yilda yana Andalusiyaga qaytadi. 2014 yilda “Benfika” tomon yo‘l olguniga qadar, u klub asosiy tarkibida kafolatlangan o‘ringa ega bo‘lgan. Kelgusida “lochinlar” safida faoliyatini yakunladi.

eliseu-gol-panathinaikos-220812

Ignasio Kamacho (yarim himoyachi)
Klub safida: 201 ta o‘yin
Hozirda: Faoliyatini yakunlagan

“Atletiko” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Ignasio Kamachoga Ispaniyaning eng iqtidorli futbolchilaridan biri sifatida qarashardi. Uning “Malaga”ga o‘tishi ham bejiz bo‘lmagan. 2011 yilda klubga kelib qo‘shilgan Kamacho bu erda yangi tarix yozishi va o‘z atrofida jamoadoshlarini to‘play bilishi kerak edi. Ammo uning salohiyatiga ortiqcha baho berilgani vaqtlar o‘tib ma’lum bo‘ldi.
Ha, u 2016/2017 yilgi mavsumda 115 ta “tozalash”ni amalga oshirib, raqib hujumini zararsizlantirish bo‘yicha La Ligada tengsiz bo‘lgandi. Ammo uning “Volfsburg”dagi so‘nggi yillari u qadar yuqori notada o‘tmadi.

Ignacio-camacho

Jeremi Tulalan (yarim himoyachi)
Klub safida: 59 ta o‘yin
Hozirda: Faoliyatini yakunlagan

“Lion” va “Nant”dagi mazmunli faoliyati tufayli Malagaga taklif etilgan Tulalan jamoa tarkibida juda qisqa vaqt harakat qildi. To‘g‘rirog‘i, uni yanada kattaroq loyiha - “Monako” o‘ziga jalb etdi. Ushbu klub safida frantsuz 3 yil harakat qildi va yakunda faoliyatini yakunlagan “Bordo”ga ko‘chib o‘tdi.
Tulalanning futboldan ketishi juda tez sodir bo‘lgan. “Bordo” murabbiyligi Gus Poyega o‘tishi bilan Jeremi jamoadan shartnomani bekor qilishni so‘raydi va futbolchilik faoliyatini yakunlaydi.

toulalan_jeremy6401

Isko (yarim himoyachi)
Klub safida: 84 ta o‘yin
Hozirda: “Real”

2011 yilda “Valensiya”dan “Malaga”ga kelgan Isko Kamacho singari kelajakning eng yorqin yulduzlaridan biri bo‘lishi taxmin qilingan. Ha, uning o‘yinida o‘ziga xos joziba hamon saqlanib qolgan. Ammo o‘rindig‘i oltindan bo‘lsa ham, “Real” zaxirasida o‘tirish yuqori sifatli futbolchi uchun yaxshi natija hisoblanmaydi.
Tan olishimiz kerak, o‘sha davr “Malaga”si xususida so‘z borganda ko‘z oldimizga oq-moviy libosda maydon bo‘ylab “suzayotgan” Isko keladi. “Blankos” bilan ham uning juda ko‘plab yorqin xotiralari bor. Ammo undan kutilgan narsalar salmoqliroq edi.

1472647931_757663_1472648125_sumario_normal

Xoakin (yarim himoyachi)
Klub safida: 71 ta o‘yin
Hozirda: “Betis”

“Malaga” rahbarlari OAVdagi maqolalarga qarab jamoaga futbolchilarni jalb etganidanmi, navbatdagi qahramonimiz ham asrimiz boshida g‘oyat iste’dodli futbolchi sifatida ulkan marralarga erishishi taxmin qilingandi. Xoakin - afsona. Ammo bu e’tirof Andalusiyaning boshqa klubidagi o‘yinlari uchun berilgan.
“Meduzalar” safidagi o‘rtamiyona mavsumlardan so‘ng, u “Fiorentina”ga, so‘ngra, jonajon “Betis”iga yo‘l oldi.

dblg3vww4aa1sbj

Julio Baptista (hujumchi)
Klub safida: 33 ta o‘yin
Hozirda: Faoliyatini yakunlagan

O‘zining ulkan jismoniy imkoniyatlari tufayli “mahluq” laqabini olgan Julio Baptista Andalusiya klubigacha “Sevilya”, “Real”, “Arsenal” va “Roma” kabi nomdor klublarda o‘ynab ulgurgandi.
“Malaga” tarkibida u ko‘ngildagidek to‘p tepa olmadi. Boisi, jarohatlar uni ancha qiynab qo‘ygandi. Nihoyat, 2 yillik omadsizliklardan so‘ng, klub uni “Kruzeyro”ga qo‘yib yuboradi.
Kelgusi faoliyati davomida ham Baptista faqatgina pastlash amalga oshirdi, xolos.

1364945333_740215_0000000000_noticia_normal

Duda (hujumchi)
Klub safida: 343 ta o‘yin
Hozirda: Faoliyatini yakunlagan

Sodiqlik ramzi va “Malaga”ning ko‘p yillik futbolchisi Duda ushbu jamoa sharafini naqd 14 yil himoya qildi. Portugaliyalik futbolchi andalusiyaliklar libosida 343 ta bellashuvda maydonga tushdi.
2017 yilda futbolchilik faoliyatini yakunlagan Duda shu yilning o‘zidayoq klub akademiyasi direktori etib tayinlandi.

MD_20140326_FOTOS_D_54404455309-652x492@MundoDeportivo-Web

Xaver Saviola (hujumchi)
Klub safida: 36 ta o‘yin
Hozirda: “Ordino” klubi yordamchi murabbiyi

“River Pleyt”dagi super o‘yinlaridan so‘ng, ko‘pchilik tomonidan yangi Maradona, deya ta’rif olgan Saviola o‘rtamiyona faoliyat olib bordi. Uning “Malaga” tarkibiga qo‘shilishi muxlislarga ulkan umid bag‘ishlagan edi.
Bir yil o‘tmay, argentinalik futbolchi “Olimpiakos”ga yo‘l oladi. “Verona”da ham bir muddat o‘ynagach, “River Pleyt”ga qaytib ketadi. Esiz, shuncha ishonch! Aytgancha, u hozirda Andorraning “Ordino” klubida yordamchi murabbiy.

waw3zpidm6fif8zipdgu

Roke Santa Kruz (hujumchi)
Klub safida: 109 ta o‘yin
Hozirda: “Olimria” Asunson

Futbol sayyohlaridan hisoblanadigan paragvaylik futbolchi 2012 yilning yozida ijara asosida “Malaga”ga kelib qo‘shiladi. Mavsum davomida yaxshi harakat qilgani uchun kelgusi yozda unga to‘liq shartnoma taqdim etiladi.
2014 yilda Meksikaning “Kruz Azul” klubi uni sotib oladi. Biroq, 2016 yilda u yana “meduzalar” safiga ijara asosida qo‘shiladi.
39 yoshli Roke Paragvay chempionatida hamon faoliyatini davom ettirmoqda.

Roque_Santacruz640

Manuel Pellegrini (murabbiy)
G‘alabalar koeffitsienti: 41,1 %
Hozirda: “Betis”

“Real”dan olib kelingan Pellegrini “Malaga”ni 3 yil boshqardi. So‘ngra, “tumanli albion”ga - “Manchester Siti” boshqaruvi tomon yo‘l oldi. U erda Premer-liga va Liga Kubogida (2 marta) g‘alaba qozonganini yaxshi eslaymiz.
Pepning kelishi munosabati bilan Manuel klubdan ketkazildi va uning yo‘llari Chin yurti bilan tutashdi. So‘ngra, “Vest Xem” uni o‘ziga chorladi. Biroq, muvaffaqiyatsizlik sabab u Angliyada uzoq qola olmadi. Bugungi kunda u “Betis”da bosh murabbiylik qilmoqda.

hi-res-155045973_crop_north

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!