"Uning "Andijon"dagi o‘yinlarini kuzatgandik, Mourino qo‘l ostidagi Shomurodov eng yaxshisi, maqsad Evropa chempionati" - Qozog‘iston terma jamoasi ustozi SPORTS.UZ uchun eksklyuziv intervyu berdi

  • 23 fevral, 2022, 22:55
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston chempionatidan tashqari qo‘shnilarimiz – Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va imkon qadar Turkmaniston birinchiliklarini ham kuzatamiz va ularning futboldagi o‘zgarishlariga qiziqib turamiz.

Tecno

Evropa maydonlarida ishtirok etib kelayotgan Qozog‘iston terma jamoasining o‘yinlari hamda natijalariga ham befarq emasmiz. Anchadan beri ushbu termaning bosh murabbiyi Talgat Baysufinov bilan saytimiz uchun eksklyuziv suhbat uyushtirishni rejalashtirib yurgandik.

Nihoyat, bizning urinishlarimiz o‘z samarasini berdi va mutaxassis savollarimizga javob berishga rozi bo‘ldi. Mazkur suhbatni uyushtirishda yaqindan yordam bergani uchun Qozog‘iston futbol federatsiyasi matbuot xizmatiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. 

- Talgat Maruanovich, biz qo‘shnilarimizning natijalariga ham qiziqib turamiz. Xususan, Qozog‘iston anchadan beri UEFA a’zosi sifatida Evropa maydonlarida o‘ynamoqda. Ayting-chi, mamlakat futbolining hozirgi darajasi qanday?

- Qozog‘iston UEFAga a’zo bo‘lganidan keyin futbol borasida ancha rivojlandi. Aytish mumkinki, o‘yinlarda qayd etilayotgan natijalar tobora yaxshilanib boryapti. Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, "JCh-2022" saralash bosqichida Ukraina va Bosniya kabi jiddiy raqiblardan ochkolar tortib olishga muvaffaq bo‘ldik. Bizning darajamiz mana shunday terma jamoalarnikiga tenglashib qoldi. Umid qilamanki, keyinchalik shunday raqiblarni mag‘lub eta olamiz. 2007 yili Qozog‘iston terma jamoasi o‘z maydonida Serbiyani 2:1 hisobida dog‘da qoldirib, Belgiya bilan 2:2 hisobida jangovor durang o‘ynagandi. 2019 yili esa jamoamiz Shotlandiya ustidan 3:0 hisobida yirik g‘alaba qozongan. Qolaversa, Polsha terma jamoasi bilan 2:2 hisobida durang o‘ynagandik. O‘shanda bu terma FIFA reytingida 16-o‘rinda edi. UEFAga a’zo bo‘lganimizdan keyin terma jamoamizga jalb etilayotgan futbolchilar saviya borasida sezilarli o‘sishga erishib kelmoqdalar.

baysufinov1

- Qozog‘iston futboli UEFAga o‘tganidan keyin nima o‘zgardi? Buning ijobiy va salbiy tomonlarini ayta olasizmi?

- Bunday boradagi taraqqiyot klub futbolimizga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, bizning “Astana” “Manchester Yunayted” va “Seltik” singari nomi chiqqan jamoalarni mag‘lub etishga erisha olgan. Shunday raqiblarga qarshi uy o‘yinimizni ko‘rish uchun O‘rta Osiyodagi shunday davlatlar – O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan ham ishqibozlar tashrif buyurgandilar. Shak-shubhasiz, klub futbolimiz katta o‘sishga erishgani shundoq ko‘rinib turibdi.

- Markaziy Osiyodagi eng kuchli chempionat qaysi?

- Shuni hech ikkilanmay ayta olamanki, Qozog‘iston chempionati Markaziy Osiyodagi eng etakchi birinchiliklardan hisoblanadi. Bundan tashqari, qozoq birinchiligida O‘zbekiston va Qirg‘izistondan eng kuchli futbolchilar to‘p surib kelishadi. Mahalliy klublar moliyaviy tomondan ancha yaxshi ahvolda ekanligi ham diqqatga sazovor. Ayniqsa, Evrokuboklarda o‘ynayotgan klublarimiz o‘z tarkibiga ko‘xna qit’adagi  davlatlardan ancha saviyali legionerlarni jalb etib kelmoqdalar.

Baysufinov

- Shu kungacha Qozog‘iston terma jamoasini xorijlik va mahalliy murabbiylar boshqarishdi. Adashmasam, oxirgi ikki yildan beri siz terma jamoaga boshchilik qilib kelyapsiz. Oldingizga qanday vazifa qo‘yilgan?

- Mening vazifam – terma jamoa tarkibining o‘zagini silliqlik bilan shakllantirishdan iborat. Bundan tashqari, biz yosh avlodni terma jamoaga tayyorlab borishimiz zarur. O‘z navbatida termani Evropa Millatlar Ligasi va Evropa chempionati saralash doirasidagi uchrashuvlarga tayyorlashdan iborat ekanligini aytmog‘im darkor. Asosiy maqsad Evropa chempionatining final bosqichiga chiqishdir.

- O‘zbek futboli to‘g‘risida fikringiz qanday?

- Afsuski, ish bilan bandligim tufayli O‘zbekiston chempionati haqida etarli darajada ma’lumotlarga ega emasman. Shunday bo‘lsa-da, imkon topgan zahotim sizlarning futbolingiz translyatsiyasini tomosha qilishga harakat qilib kelaman. O‘zingizga yaxshi ma’lum, “Andijon” klubida Qozog‘iston terma jamoasining o‘yinchisi Vladislav Vasilev to‘p surgan. O‘shanda biz uning “Andijon”dagi o‘yinlarini sinchkovlik bilan kuzatib borgandik. Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo Kubogi final bosqichi doirasida qator uchrashuvlarda juda muvaffaqiyatli to‘p surganini tomosha qilganmiz. Yurtingizda ko‘plab yangi stadionlar qurilayotgani va infratuzilma yaxshilanib borayotganligidan xabardormiz.

baysufinov2

- Talgat Maruanovich, terma jamoalar ishtirokida Markaziy Osiyo chempionati yoki Kubogi musobaqasini o‘tkazish g‘oyasiga nima deysiz? Bunday turnir bizga kerakmi?

- Bu juda yaxshi g‘oya. Agar uni amalga tatbiq etsalar bundan voz kechmaymiz. Qolaversa, Osiyo futboli oxirgi yillarda oldinga katta qadam tashlashga erishgan. Masalan, Tojikistonni olsak, ular bizga qarshi o‘tgan yili o‘rtoqlik maqomidagi uchrashuvda juda sifatli futbol namoyish eta olgandi. Osiyodagi bir qancha terma jamoalar FIFA reytingida yaxshi o‘rinlarni band etib kelishadi. Bunday turnir har bir terma jamoa uchun faqat foyda keltirgan bo‘lardi.

- Bugungi kunda qozoq futbolidagi eng kuchli uch nafar futbolchilarni ayta olasizmi?

- Bugungi kunda Qozog‘iston chempionatida ko‘plab sifatli futbolchilar to‘p surib kelmoqdalar. Mana shunday ijrochilardan biri “Astana” klubi sharafini himoya qilayotgan Marin Tomasovdir. Qozog‘istonlik futbolchilar orasida Nurali Alipni misol tariqasida ko‘rsatishim mumkin. Yaqinda u “Zenit” klubiga ko‘chib o‘tdi. Yosh va iqtidorli futbolchilarimiz Arman Kenesov va Baxtiyor Zaynutdinov esa TsSKAga jalb qilindilar. Ular Qozog‘iston milliy terma jamoasining etakchi futbolchilaridan hisoblanishadi.

baysufinov3

- O‘zbekistonlik futbolchilar orasida sizga kimlar ko‘proq yoqadi?

- O‘zbekiston terma jamoasi safida Joze Mourino qo‘l ostida to‘p surayotgan Eldor Shomurodovni eng yaxshi futbolchi sifatida ko‘rsata olgan bo‘lardim. Bu yigit Evropa futboliga juda yaxshi moslashib keta oldi. Uning ijrosidagi o‘yinlarni tomosha qilar ekanman, o‘z navbatida bu hol o‘zbek futboli rivojiga yaxshi foyda keltira olishini his qilaman.

- Darhaqiqat, bizda Evropaning kuchli beshlik chempionatida o‘ynayotgan Eldor Shomurodov bor. Yuqorida aytganingizdek, Qozog‘istonda ham yaxshi saviyadagi futbolchilar bor. Ayting-chi, Qozog‘istonning “Shomurodov"i kim?

- Xorij chempionatlarida to‘p surayotgan ko‘plab futbolchilar bor. Masalan, “Visla”da to‘p surayotgan Georgiy Jukov, shuningdek, oxirgi paytlarda Evropa futboliga ko‘chib o‘tishi taxmin qilinayotgan Artur Shushenachevni misol tariqasida keltirgan bo‘lardim. Yuqorida aytganimdek, “Zenit”ga ko‘chib o‘tgan Nurali Alip ham juda qobiliyatli o‘yinchidir. Bundan tashqari, bizda iqtidorli yoshlardan iborat avlod shakllanib kelmoqda. Ularni birma-bir sanab o‘tirishni istamagan bo‘lardim. Chunki ism-shariflar juda ko‘p.

baysufinov4

- O‘zbekiston milliy terma jamoasi "JCh-2022" saralashining ikkinchi bosqichida qolib ketdi. Sizningcha, Qozog‘iston bilan O‘zbekiston termalari bir xil holatdami?

- Ikkala terma jamoaga biroz mahorat va omad kulib boqishi etishmayapti, deb hisoblayman. Umid qilamanki, O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalari bir kun kelib albatta jahon chempionatining final bosqichida o‘ynashadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!