
"Uning taktikasini boshqa murabbiylarda ko‘rmadim, klubdagi do‘stlarim hayajon bilan kutdilar" - Yo‘ldoshev yana Kerjakov bilan birga!
Qozog‘istonning “Qayrat” safida to‘p surib kelayotgan hamyurtimiz Ibrohimxalil Yo‘ldoshev yana o‘zi uchun qadrli bo‘lgan murabbiy bilan ishlaydigan bo‘ldi.
Gap shundaki, yaqinda “Qayrat” jamoasida bosh murabbiy o‘zgardi. Endi bu klubga rossiyalik taniqli shaxs – Aleksandr Kerjakov bosh murabbiylik qiladi. Bilsangiz kerak, u Rossiyaning “Nijniy Novgorod” klubini boshqarganida aynan Yo‘ldoshevni o‘z jamoasiga taklif qilgan va birgalikda samarali ish olib borganlar.
Endi ularning yo‘llasi yana kesishdi. Sports.uz jurnalisti esa Ibrohimxalil bilan suhbatlashdi.
- Yaqinda “Qayrat” safida gol urdingiz va bu chiroyli chiqdi. Himoyachining gol urishi futbolchiga boshqacha zavq bag‘ishlasa kerak-a?
- Albatta. Menimcha, futbolda har qaysi ampluasidagi o‘yinchi uchun gol urish boshqacha zavq bersa kerak, xususan himoyada o‘ynaydigan men kabi o‘yinchilarga ham. “Qayrat”da gol urish niyatim amalga oshdi, Xudoga shukr. Shu kungacha o‘ynagan har bir klubimda gol urishga muvaffaq bo‘ldim.
- “Qayrat”ga Aleksandr Kerjakov bosh murabbiy etib tayinlandi. Siz ilk bor qachon eshitdingiz va kelishidan avval gaplashdinglarmi? Masalan, klub haqida qiziqib so‘radimi?
- Aleksandr Kerjakov kelishini klubda 1-2 hafta oldin eshitdik. Lekin u bilan kelishidan oldin gaplashmagandik. Kelganidan keyin albatta ikkimiz ham xursand bo‘lib suhbatlashdik.
- Oldin Kerjakov bilan ishlagansiz va sizga doim ishonch bildirgan. “Nijniy Novgorod”ga ham o‘zi taklif qilgan. Shunday ekan, u haqida nima deya olasiz? “Qayrat”da uni nima kutyapti, deb o‘ylaysiz?
- Men murabbiyim uchun juda xursand bo‘ldim, albatta klubim uchun ham. Chunki Aleksandr Kerjakovni samarali murabbiy deb bilaman. Uning taktikasini boshqa murabbiylarimda ko‘rmadim. Albatta, klubimga ham, Aleksandr Kerjakovga ham omad tilayman. Xudo xohlasa, birga chempionlikni qo‘lga kiritish nasib qilsin.
- Qozog‘iston chempionatida sizni nimadir hayron qoldirmadimi?
- Qozog‘iston chempionatida meni xayron qoldirgan narsa bu ishtiyoq. Bu erda futbolchilar pul uchun emas, balki samarali futbol uchun o‘ynashadi.
- Jamoangiz yangi murabbiyni qanday kutib oldi?
- Klubdagi do‘stlarim hayajon bilan kutdilar. Mendan ham qanday murabbiy deb so‘radilar. Kelganidan so‘ng iliq kutib olindi. Birinchi mashg‘ulotdanoq hamma bildiki, uning taktikasi va mashg‘ulotlari boshqa murabbiylardan ancha farq qiladi.
- Kerjakov bilan yangi klubda ilk bor nimani gaplashdinglar?
- Kerjakov va uning yordamchilari bilan iliq suhbatlashdik. Xol-ahvol so‘radik, gol urganim uchun xursand bo‘lganini aytdi va bu klubda ham yana birga ko‘p natijalarga erishishimzga ishonch bildirdi.
- Faoliyatingizga bog‘lik keyingi rejalar kanday?
- Hozirchi faoliyatim haqida bir gap ayta olmayman. Oldinda Toshkentda olimpiya terma jamoasi bilan yig‘in, keyin esa klubimga qaytib chempionlik uchun kurash va albatta Parij Olimpiadasida natijaga erishish maqsadim bor. Shu haqida o‘ylayapman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar