Uzoq kutilgan ikki chempionlik, bo‘m-bo‘sh tribunalar, rekordlarga boy yil: APLda mavsum yakunlari

  • 31 iyul, 2020, 16:07
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Angliya premer-ligasi kutilgan va kutilmagan natijalarga boy bo‘ldi. Muxlislar necha yillar orziqib kutgan ikki chempionlik qayd etildi. Biri zamonaviy formatdagi Angliya birinchiligi tarixida ilk marotaba «Liverpul» tomonidan qo‘lga kiritilgan chempionlik kubogi bo‘lsa, ikkinchisi 16 yillik tanaffusdan so‘ng Chempionship g‘olibligini qo‘lga kiritib, yuqori divizionga yo‘l olgan «Lids» tantanasi.
Umuman, ushbu turnir zamonaviy APL tarixida 28-tartib raqami ostida qayd etildi. Ikki yil ketma-ket oltin medallar va so‘nggi mavsumda milliy frontda trebl qayd etgan «Manchester Siti» ushbu birinchilikni amaldagi chempion maqomida o‘tkazdi. Ammo Gvardiola shogirdlari mavsum avvalidayoq mersisaydliklarni oldinga qo‘yib yuborganicha, qaytib ularga eta olmadi. O‘z navbatida, «Lester» «shaharliklar» uchun ancha vaqtgacha munosib raqobat ko‘rsatdi. Yakunda esa klubga og‘ir pandemiya sharoiti pand berdi. Keling, bularning barchasi haqida birma-bir to‘xtalib o‘tamiz.

Tecno

premier_league_rebrands_designstudio_01
«Kenni uchun, Jerrard uchun…»

«Liverpul»ning chempionligi hech kimni xafa qilmadi, nazarimizda. Hattoki, eng ashaddiy raqiblari hisoblangan MYu muxlislari ham mersisaydliklarning chempionlikni nishonlashiga yuzlarida nimtabassum bilan qarab turgan bo‘lsa kerak. Jerrardning sirpanib ketishi, «Kristal Pelas»ning kambeki, o‘tgan mavsum atigi 1 ochko etmay qolgani… Ha, bu g‘alaba chindan ham uzoq yillik alamlar, ko‘z yoshlari ortidan keldi va Klopp yig‘lagan ko‘yi chempionlikni «Liverpul»ning chempion bo‘la olmagan shonli vakillari Kenni Dalglish, Robbi Fauler, Maykl Ouen, Stiven Jerrardga bag‘ishladi.
Mavsum avvalidayoq, «Liverpul»ning chempionlik unvonini yutish uchun jiddiy kirishgani ko‘rinib turardi. Birinchi davrada liverpulliklar faqat «Manchester Yunayted»ga qarshi bahsda durang qayd etdi. Eng asosiy raqobatchi «Manchester Siti» bu paytda «Lester» bilan andarmon bo‘lib yurgandi. Mersisayd qizillari ushbu mavsumda premer-liga g‘olibligini birinchi planga qo‘ygan holda qolgan barcha musobaqalarga jiddiy e’tibor qaratishmadi. Yakunda ular 99 ochko jamg‘arib, bu borada APL tarixidagi ikkinchi jamoaga aylanib olishdi.

liverpool
Eh, «Lester»…

Neytral futbol muxlislari uchun ushbu mavsumdagi eng achinarli holat «Lester»ning Chempionlar ligasidan quruq qolgani bo‘ldi, nazarimizda. Karantingacha barchasi risoladagidek ketayotgandi. So‘nggi 5 uchrashuvning bittasidagina «tulkilar» g‘alaba qozonishni uddaladi. Bunday vaziyatdan esa tobora o‘z o‘yinini topib borayotgan MYu unumli foydalanib ketdi.
Ularni quvontiradigan jihatlar ham bor. Klub hujumchisi Jeymi Vardi mavsum davomida 23 ta gol kiritgan holda premer-liga to‘purari bo‘ldi. Ta’kidlash joizki, 33 yoshli futbolchi ushbu sovringa ega chiqqan eng «qariya» to‘purar sifatida tarixga kirdi.
«King Pauer» egalarining ajoyib mavsumi nega bunday past notada yakunlangani haqida ko‘proq Brenden Rojers o‘ylab ko‘rgani ma’qul. U «Liverpul» bosh murabbiyi bo‘lgan kezlari ham bunday holat kuzatilgan. Aslida, mersisaydliklarning chempionlikni boy berishi yolg‘iz Jerrardning sirpanib ketishiga bog‘liq emasdi. Shimoliy irlandiyalik mutaxassis kurashuvchanlik instinktini shakllantirmasa bo‘lmaydi.
O‘z navbatida, boy berilgan o‘yinlarda butun aybdorlikni unga yuklab qo‘ya olmaymiz. Chindan ham pandemiya sharoitidagi qiyin taqvim «Lester» kabi o‘rtamiyona tarkibga ega klublar uchun halokatli tus oldi. Asosiy tarkib vakillari Jeyms Meddison va Rikardo Pereyraning jarohati yakunda ko‘p narsani hal qilib qo‘ydi.

lester
Mavsum kashfiyotlari

Klub jihatidan bunday e’tirofga «Vulverxempton» va «Sheffild» munosib, nazdimizda. Nunu Eshpiritu Santu «bo‘rilar» jamoasi negizini portugallar bilan to‘ldirmoqda. Ingliz futboli jamoatchiligi «Vulverxempton»ni APLdagi portugal klubi, deb atayotgani bejiz emas. Muxlislar orasida murabbiy olib borayotgan ushbu siyosatdan norozi qatlam ham shakllanib qoldi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, Santu jamoani yuqori ambitsiyalar uchun kurashadigan, raqobatbardosh klubga aylantira oldi. So‘nggi turlargacha amaldagi UEFA Chempionlar ligasi finalchisi «Tottenxem»dan oldinda borgan jamoa yakunda 7-pog‘ona bilan cheklanishga majbur bo‘ldi. Ammo butun dunyoda ushbu klubda harakat qiladigan Rui Patrisiu, Mett Doerti, Diogu Jota, Adama Traore va Raul Ximenes kabi futbolchilarning o‘yinlarini katta qiziqish bilan kuzatib boruvchilar soni ko‘payib qoldi.

Wolves
O‘z navbatida, «Sheffild» ham ingliz futboliga rangbaranglik olib kirdi. Kris Uaylder murabbiyligi ostida jamoa italyancha futbol namoyish etmoqda. Natija ham yomon emas – debyut mavsumdayoq 9-o‘rin. Ushbu klub ham bizga Din Xenderson, Boldok, Igan va Landstrem kabi bir qator nomlarni kashf qilib berdi.

SOCCER Sheff Utd 16060687
Individual jihatdan ushbu mavsumda «Chelsi»ning bir qator futbolchilari: Maunt, Abraxam, Tomori va Pulishich yorqin futbol namoyish etdi. «Manchester Siti»da Fil Foden va Erik Garsiya kabi nomlar paydo bo‘ldi. MYuning «Sporting»dan xarid qilgan futbolchisi Brunu Fernandesh esa mavsumning ikkinchi qismini o‘zining benefisiga aylantirib yubordi. Shu o‘rinda, Meyson Grinvudning xatti-harakatlariga ham e’tibor qaratish joiz. Angliyalik yosh iqtidor egasi, ayniqsa, Brunu kelgandan keyin o‘z o‘yinini topib oldi. «Tottenxem» tarkibida esa mavsum o‘rtasida sotib olingan Stiven Bergveyn haqiqiy kashfiyotga aylandi.

Bruno-Fernandes-Man-Utd-celebration
Rekordlar, raqamlar, statistikalar

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, premer-liga to‘purarligi Jeymi Vardiga nasib etdi. Eng yaxshi assistent sifatida esa Kevin De Bryuyne qayd etildi. Belgiyalik xavbek mavsum mobaynida 20 ta golli uzatmani amalga oshirgan holda Terri Anri tomonidan o‘rnatilgan rekordni takrorladi. Undan keyingi o‘rinlarni «Liverpul» qanot himoyachilari Trent Aleksandr-Arnold (13) va Endryu Robertson (12) band etdi.
Darvozabonlar odatda kam almashtiriladi. Ammo APL joriy mavsumida bir qator futbolchilar jamoasi bilan barcha uchrashuvlarda 100 foiz ishtirok etishdi. Bular: Jorj Boldok («Sheffild»), Konor Koudi («Vulverxempton»), Harri Maguayr (MYu), Deklan Rays («Vest Xem»), Jeyms Tarkovski («Byornli»), Virjil Van Deyk («Liverpul») va Jeyms Uord-Prouz («Sautgempton»).

ederson-manchester-city_yq2o9ot936rt1qcxztf9qyv3w
«Manchester Siti» posboni Ederson so‘nggi turda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan holda APLning yakuniga etgan mavsumida eng yaxshi darvozabon unvonini qo‘lga kiritdi. Turnir mobaynida u jami 16 ta bahsda «quruq o‘yin» o‘tkazgan. Undan keyingi natijani esa «Byornli» vakili Nik Poup qayd etdi. Uning hisobida 15 ta gol o‘tkazilmagan o‘yin bor. «Nyukasl» darvozaboni Martin Dubravka 140 ta seyv amalga oshirgan holda bu borada etakchilik qilmoqda. E’tiborlisi, premer-liganing eng yaxshi darvozaboni ushbu reytingning 17-pog‘onasida bormoqda. Darvozasi oldiga kelgan to‘plarni urib yuborish ko‘rsatkichi bo‘yicha ham «shaharliklar»ning braziliyalik futbolchisi liga darvozabonlari orasida 16-pog‘onani band etgan. Bizningcha, kelgusi mavsumlarda premer-liga mutasaddilari eng yaxshi darvozabonni aniqlashda ko‘proq kriteriyalarga e’tibor qaratishi zarur.
Eng ko‘p sariq kartochka olgan futbolchilar ro‘yxatini Luka Milivoevich boshqarib turibdi. «Kristal Pelas»ning tayanch yarim himoyachisi jami 12 marotaba ogohlantirilgan. E’tiborlisi, eng ko‘p fol ishlatgan futbolchi sifatida ham londonliklar hujumchisi Jordan Ayyu qayd etilgan.
Premer-liga hakamlari orasida Martin Atkinson, Maykl Oliver va Entoni Teylor eng ko‘p 32 ta uchrashuvda hakamlik qilgan. Maykl Oliver mavsum davomida 1 tadan ko‘p o‘yin o‘tkazgan hakamlar orasida qizil kartochka ko‘rsatmagan yagona arbitr bo‘lib turibdi. Martin Atkinson, Maykl Oliver va Grem Skott 5 tadan futbolchini mavsum davomida maydondan chetlatgan. Shuningdek, Entoni Teylor liganing eng ko‘p sariq kartochka ko‘rsatgan hakamiga aylandi – 122 ta.

Michael-Oliver-referee
Yakunlar

APLning yakuniy natijalariga ko‘ra, «Liverpul», «Manchester Siti», «Manchester Yunayted» va «Chelsi» klublari Chempionlar Ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. «Lester» va «Tottenxem» Evropa Ligasi guruh bosqichida qatnashish huquqiga ega chiqdi. «Vulverxempton» endi Angliya Kubogi finalini kutishga majbur bo‘ladi. Agar ushbu bellashuvda «Arsenal» «Chelsi»ni mag‘lub etadigan bo‘lsa, «bo‘rilar» evromaydondan chetda qolib ketadi. Ammo hali ushbu klubda Chempionlar ligasida qatnashish imkoniyati ham saqlanib turibdi. Chunki jamoa Evropa ligasi pley-off bosqichida qatnashmoqda. Shuningdek, «Manchester Yunayted» Evropa ligasida zafar quchgan taqdirda ham, Santu shogirdlari xalqaro maydonda o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi..
Mavsum yakunlari bo‘yicha premer-ligani «Bornmut», «Uotford» va «Norvich» klublari tark etadigan bo‘ldi. Chempionship g‘olibi «Lids» va vitse-chempion «Vest Bromvich» to‘g‘ridan-to‘g‘ri APLga yo‘l olmoqda. «Brentford», «Kardiff», «Fulxem» va «Suonsi» klublari esa pley-off bahslarida ishtirok etishadi.
APL kelgusi mavsumi esa 12-sentyabrdan start olishi rejalashtirilmoqda. Qolgan bir yarim oy ichida SPORTS.uz sayti premer-ligada yaqindagina ochilgan transferlar oynasi yangiliklari bilan sizni zeriktirib qo‘ymaslikka harakat qiladi.

leeds

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

«VARchester Yunayted»: ingliz hakamlari «qizil iblislar»ga yon bosishi rostmi?

SPORTS.uz talqinida La Liga ramziy terma jamoasi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!