
Vadim Abramov: "Durang bizni qoniqtirmadi, g‘alabaga loyiq edik"
O‘zbekiston Superligasi 8-turi doirasida "Paxtakor" klubi bilan durang o‘ynagan "Dinamo" bosh murabbiyi Vadim Abramov durang haqida o‘z fikrini bildirdi.
"So‘nggi o‘yinlarda negadir omad kelmayapti, ketma-ket durang o‘ynayapmiz. Bugun yana durang o‘ynab ochko yo‘qotdik. Aslida, g‘alabaga loyiqroq edik. Bugun jamoa ikki ochko yo‘qotdi.
Ulug‘bek Abdullaevda shamollash alomatlari borligi uchun mashg‘ulotlarga kecha qo‘shilgandi. Shuning uchun bugun o‘yinning dastlabki daqiqalarida ancha qiynaldi. Raqib futbolchilari uni bir necha marotaba aldab o‘tganini ko‘rdik. O‘zini erkin his eta olmadi. Temirovga kelsak, u o‘yinga kirishib keta olmagani uchun almashtirishga qaror qildik. Bu paytda hisobda orqada qolayotgandik va yana gol o‘tkazib yuborish xavfi bo‘lgani uchun shunday qildik.
Aytganimdek, durang bizni qoniqtirmadi. Futbolchilar ham ushbu durangdan xafalar. Boisi, bugun g‘alabaga mos o‘yin ko‘rsatgandik. Navbatdagi bahslarda omad kelar.
Albatta, stadionga kelgan muxlislar qarshisida jamoa boshqacha zavq bilan o‘ynaydi. Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi katta ahamiyatga ega. Agar o‘z stadionimizda o‘ynasak, boshqacharoq o‘ynashimiz mumkin edi. Bugun ham jamoani doimgidek qo‘llab turishdi.
Cheranni qo‘riqlashda biroz aqlliroq bo‘lish kerak. Bo‘ydor bo‘lgani uchun himoyachilarga ancha xavf tug‘diradi. Ammo uning o‘zini qo‘riqlamay, balki undan keladigan to‘plarni qo‘riqlasa xafv kamroq bo‘ladi. Chunki u boshi bilan to‘pni sherigiga qulay tashlab beradi. Biz esa shuni oldini olib, u uzatadigan paslarni bloklashimiz kerak.
Fikrlar