
Vadim Abramov "Paxtakor"ga qarshi o‘yindan so‘ng: Uchrashuv muxlislarga qanchalik yoqqanini bilmadimku, lekin murabbiylar shtabining anchagina asabi buzildi
Superliganing 25-turidan o‘rin olgan «Paxtakor» - «Bunyodkor» (2:3) uchrashuvidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida «qaldirg‘ochlar» ustozi Vadim Abramov ishtirok etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
- Bugungi o‘yin derbi maqomiga mos bo‘ldi, deya olaman. Asabiy va hujumkor ruhda o‘tgan bahs muxlislarga qanchalik yoqqanini bilmadimku, lekin murabbiylar shtabining anchagina asabi buzildi. Ochig‘i, o‘yin oxirlarida omadimiz keldi. Qolaversa, chempionlikni qo‘lga kiritib bo‘lgan «Paxtakor» futbolchilarining ruhiyati ham bizning foydamizga xizmat qildi. Ham chempionlikni, ham kubokni qo‘lga kiritgan futbolchilarni ruhiy tomondan o‘yinga tayyorlash juda mushkul. Bu tabiiy hol.
Jamoa yosh. Tarkibdagi futbolchilarni tajriba borasida «Paxtakor» o‘yinchilari bilan solishtirib bo‘lmaydi. Hisob qisqargach raqib o‘z o‘yinini topib oldi va yana bizni jazoladi. «Paxtakor»ni tajribali murabbiy boshqaradi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, raqib ikkinchi bo‘limni ishonchli tarzda o‘tkazdi. Chunki tajribali o‘yinchi qanday o‘ynashni biladi. Qolaversa, ular mavsumni mag‘lubiyatsiz yakunlashni niyat qilgandi. Futbol xatolarsiz bo‘lmaydi. O‘ylaymanki, shunday xatolarni kamaytirib, yanada jiddiy jamoaga aylanamiz, - dedi Abramov.
Fikrlar