
Van Deyk: "Biz Trentning qarorini hurmat qilmoqdamiz, lekin uni sog‘inamiz"
"Liverpul" sardori Virjil van Deyk "Arsenal"ga qarshi 36-tur o‘yinida (2:2) zaxiradan maydonga tushgan Trent Aleksander-Arnoldni ayrim muxlislar qarsaklar bilan kutib olganiga munosabat bildirdi. Eslatib o‘tamiz, Trent mavsum yakunlangach jamoani tark etishini ma’lum qilgan edi.
— Menimcha, murabbiy matbuot anjumanida to‘g‘ri gapni aytdi – inson o‘zi va oilasi uchun qabul qilgan qarorga boshqalar qanday munosabatda bo‘lishini belgilay olmaysiz. Reaktsiya bo‘ldi, u buni qabul qilishi kerak. Biz jamoa sifatida ham bunga ko‘nikishimiz kerak. Balki, u bunday munosabatni kutgandir. Oldimizda yana ikki o‘yin bor, so‘ng u ketadi.
Men shaxsan hech qanday reaktsiyani kutmagan edim. Bu oson emas. Biz uni qo‘llab-quvvatlaymiz. U kelasi yil biz bilan bo‘lmasligidan juda afsusdamiz, chunki u fantastik futbolchi. Men bu erda etti yil bo‘lganman va shuncha vaqt ichida u o‘zining ajoyib, betakror salohiyatini namoyon qildi. U ketganda albatta uni sog‘inamiz.
Bu holat chempionlikni nishonlashga xalal bermasligi kerak. Jamoamizda boshqa futbolchilar ham bor, ular ham bunday kunda sharaflanishga haqli. Trent bu qarorni qabul qildi va buni anglagan. Oldimizda yana ikki o‘yini bor, u albatta maydonga tushadi. Chunki u fantastik futbolchi. Keyin esa unga xayrlashamiz, – dedi mersesaydliklar sardori "TNT Sports"ga.
Fikrlar