
Vazir Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi rahbari boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi
Xabar berganimizdek, joriy yilning 15-25 iyul kunlari poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi.
Shu munosabat bilan og‘ir atletika sporti bo‘yicha faxriy mehmonlar yurtimizda bo‘lib turishibdi. Bugun Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Hasan Jalud (Iroq) hamda Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Al-Mana Muhammad Yusuf (Qatar) Sportni rivojlantirish vazirligiga tashrif buyurishdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mehmonlarni Sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov hamda vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrullo Maxmudov kutib oldi. Uchrashuvda mehmonlar og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bahslarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha ishlar amalga oshirilganligini alohida e’tirof etishdi.
Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: ushbu musobaqada qit’amizning 22 ta davlatidan jami 400 nafardan ziyod atletlar medallar uchun bahs olib borishadi. Unda O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar terma jamoasining 30 nafarga yaqin a’zosi Vatanimiz sharafini himoya qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi qit’a chempionati doirasida 16-iyul kuni Osiyo og‘ir atletika federatsiyasining navbatdagi Kongressi, shuningdek, turli komissiyalarning yig‘ilishlari ham o‘tkaziladi. Musobaqaning tantanali ochilish marosimi esa 17-iyulga belgilangan.
Fikrlar