Venger va Gvardiola reglamentni buzishdi. “Manchester Siti” va “Arsenal” turnirdan chiqarib yuborilishi mumkin

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Hafta o‘rtasida Angliyada mamlakat Liga kubogining 1/8 final bahslari bo‘lib o‘tdi. “Arsenal” o‘z maydonida “Norvich”ni qabul qilgan bo‘lsa, “Manchester Siti” “Ittixod”da “Vulverxempton”ni mehmon qildi.

E’tiborlisi, Arsen Venger ham, Xosep Gvardiola ham aralash tarkibni maydonga tushirib, jamoasi 120 daqiqa o‘ynashiga sababchi bo‘lishdi.

“To‘pchilar” 18 yashar futbolchining gollari evaziga ekstra taymlarda g‘alaba qozongan bo‘lsa, “shaharlik” muxlislar penaltilar seriyasi guvohiga aylanishdi va unda “Siti” futbolchilari g‘alaba qozonishdi.

Biroq ertasi kuni tongda ingliz OAVda ushbu o‘yinda qayd etilgan hisoblar bekor qilinishi va jamoalar bu mavsum Liga kubogini qo‘lga kirita olmasligi mumkinligi borasida xabar va yangiliklar “bolaladi”.

Sababi nima deyishingiz mumkin. Gap shundaki, mazkur turnir reglamentiga ko‘ra, jamoalar asosiy vaqtda 3 ta o‘zgarishni  amalga oshirishlari  mumkin. Agarda, o‘yin taqdiri asosiy vaqtda hal etilmasdan, qo‘shimcha bo‘limlarga murojaat etilsa, to‘rtinchi o‘zgarishga ruhsat beriladi. Qisqa qilib aytganda o‘zgarishlar uchun “3+1” ko‘rinishida limit berilgan.

Biroq Gvardiola hamda Venger janoblari asosiy vaqtda 2, qo‘shimcha taymlarda yana ikki o‘zgarishni amalga oshirishdi. Ya’ni ular o‘zlari uchun “2+2” ko‘rinishidagi limitni “joriy etishdi”.

Angliya Liga kubogining 10-moddasida esa, shunday band mavjud:

“Qaydnomadan 7 nafar zahira futbolchisi o‘rin egallaydi. Murabbiylar asosiy vaqtda faqatgina 3 ta o‘zgarishni amalga oshirishi mumkin. Agarda, o‘yin qo‘shimcha bo‘limlarga qadar cho‘ziladigan bo‘lsa, to‘rtinchi o‘zgarishga ruhsat etiladi”.

Xo‘sh, “Manchester Siti” hamda “Arsenal”ga qanday jazo qo‘llaniladi? Bu borada turnir tashkilotchilari hozircha sukut saqlamoqda.

Balki, har ikki jamoa turnirdan chetlashtirilar, balki, o‘yin takroran o‘tkazilar yoki shunchaki jarima bilan chekalanilar. Biroq bularning barchasi ehtimollar nazariyasi.

Qolganini esa vaqt ko‘rsatadi.

Shahzod Xolboev tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!