Viktor Tishenko: Abramov top-murabbiy, u meni oldin ham terma jamoaga chaqirgan

  • 10 fevral, 2021, 22:48
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasi ayni chog‘da Dubayda navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib borayotganidan yaxshi xabardorsiz. Shu bilan birga terma jamoamizning murabbiylar shtabida ham o‘zgarishlar yuz bergani xususida O‘FA matbuot xizmati rasmiy xabar berdi.

2018 va 2019 yillar davomida terma jamoamizni boshqargan Ektor Kuperga jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida yordamlashgan Antonio Sariogluni muxlislarimiz yaxshi bilishsa kerak. Ushbu mutaxassis yana qaytarildi. Bundan tashqari, Timur Kapadzening o‘rniga rossiyalik Viktor Grigorevich Tishenko taklif qilindi.

Sariogludan farqli o‘laroq, Tishenkoni balki ko‘plab ishqibozlarimiz yaqindan bilmasliklari mumkin. Viktor Grigorevich 1949 yilning 22 fevral sanasida tavallud topgan. Demak, bir necha kundan keyin u 72 yoshni qarshi oladi. Mazkur mutaxassisni futbol muxlislarining keksa avlod vakillari eslasalar ajab emas.

Tishenko futbolchilik paytida himoyachi sifatida to‘p surgan va asosan Rossiya klublarida faoliyat ko‘rsatgan. Murabbiylik faoliyatini 1980 yilda Qozog‘istonning “Aktobe” jamoasida boshlagan. Shuningdek, Viktor Grigorevich sobiq Ittifoq davrida “Neftchi”da ham ishlagan. Qolaversa, Zarafshon va Xorazmdagi klublarda ham faoliyat ko‘rsatgan. Keyinchalik Rossiyaga qaytib “Torpedo”, “Kolos”, “Lada”, “Chernomorets”, “Sochi-04” singari jamoalarda murabbiylik qildi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, Viktor Grigorevich taniqli mutaxassis Yuriy Syomin bilan ham elkama-elka ishlagan. Jumladan, Syomin Kievning “Dinamo” hamda Moskvaning “Lokomotiv” klublarini boshqargan chog‘ida Tishenko ham murabbiylar shtabida bo‘lgan.

Umuman olganda, Rossiya klublarida mehnat qilgan holda katta tajriba to‘plagan. Sports.uz muxbiri esa milliy terma jamoamizning yangi murabbiyi bilan aloqa o‘rnatdi. Birinchi navbatda Tishenkodan bungacha faoliyati qanday kechgani to‘g‘risida so‘raganimizda shunday javob berdi:  

- Gapingiz rost, shu paytgacha asosan rus klublarida ishladim. Albatta, “Lokomotiv”da Yuriy Syomin bilan birga ishlaganim ham rost. Men sport direktori va selektsion tahliliy departamentning rahbari sifatida ishlaganman. Oxirgi to‘rt yil ichida esa asosiy tarkibda selektsiya bo‘yicha bosh murabbiy vazifasini bajarganman. “Dinamo”da esa selektsion tahliliy departamentni boshqardim.

Ko‘rib turganingizdek, Viktor Tishenko ayniqsa, Moskvaning “Lokomotiv” klubida bir necha mavsum davomida faoliyat ko‘rsatgan holda Syominga yaqindan ko‘maklashgan. Tabiiyki, u ko‘pni ko‘rgan mutaxassis. Shunday ekan, uning milliy terma jamoamizda ish boshlagani ham bejiz emas. Bevosita undan terma jamoamizda ish boshlashi qanday yuz bergani hamda Vadim Abramov haqidagi fikrlarini ham so‘radik.

- O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqarayotgan Vadim Abramov top-maqomdagi murabbiy. Uni anchadan beri bilaman! Albatta, terma jamoangiz ishtirokidagi o‘yinlarni kuzatib kelganman. Abramov meni anchadan beri chaqirib kelardi. U terma jamoaga ilk bor ustozlik qilganda ham meni o‘z yoniga chorlagan. Biroq o‘shanda “Lokomotiv” va “Dinamo” Kiev klublaridagi ishlar bilan bog‘liq edim, dedi - Tishenko.

Terma jamoamizning yangi murabbiyini futbolimizdan xabari borligi ko‘rinib turibdi. Shuningdek, u o‘zining ustozi kimligini va futbolchilarimizdan kimlarni yaxshi bilishini ham qo‘shimcha qildi.   

- Men uzoq vaqt Evgeniy Borisovich Valitskiy bilan birga ishlaganman. U mening ustozim hisoblanadi. Futbolchilaringizga kelsak, Odil Ahmedov, Eldor Shomurodov hamda Oston O‘runov kabi o‘yinchilarni yaxshi bilaman. Ularni ayniqsa, Rossiyadagi faoliyatlari orqali yaxshi taniyman, - deya fikr bildirdi, Viktor Grigorevich.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!