"Xato qildim, golimni bunday nishonlamasligim kerak edi". "Andijon" - "Turon" o‘yini "qahramoni" Humoyun Murtazoev vaziyatga izoh berdi

  • 23 avgust, 2022, 18:24
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Coca-Cola Kubogining 1\8 final bosqichida juda qiziqarli vodiy derbisiga guvoh bo‘ldik. Unda pro liganing ikki etakchisi – “Andijon” hamda “Turon” klublari “Bobur Arena”da bellashdilar. 13 avgust kuni ham mazkur klublar ushbu stadionda pro liga doirasida to‘qnash kelishgan bo‘lib, mezbonlar yagona gol evaziga muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritishgandi. Bu safargi Kubok o‘yini gollarga boy tarzda kechdi. Darvozalarga 5 ta gol urildi va yakunda yana “Andijon” g‘olib chiqdi.

Tecno

Birinchi bo‘limning o‘zidayoq hisob mezbonlar tomonidan 3:0 ko‘rinishiga keltirilgandi. Tanaffusdan keyin “Turon” tarkibida zaxiradan maydonga tushirilgan Humoyun Murtazoev ikkita gol urdi. Ammo bu jamoasining mag‘lubiyatdan qutulib qolishi uchun etarli bo‘lmadi. Murtazoev esa birinchi golini urgach, uni nishonlashda noo‘rin hatti-harakatlarni amalga oshirgani stadionda yig‘ilgan muxlislarning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. O‘yindan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida “Turon” bosh murabbiyi Anvar Berdiev shogirdi uchun uzr so‘radi. O‘z navbatida Humoyun ham bu borada izoh berishni istab, o‘zi bizga aloqaga chiqdi. Natijada uning fikrlarini e’tiboringizga havola qilmoqchimiz:

- Ikkita mag‘lubiyatdan keyin yutishni xohlagandik, - deya gap boshladi, “Turon” hujumchisi. - “Andijon”ni g‘alaba bilan tabriklayman. Urgan golimni nishonlashimni “Andijon” jamoasi muxlislariga hech qanday aloqasi yo‘q. Faqat o‘sha gol urgan paytimda hissiyotlarimni ushlab tura olmadim. Hamma xato qiladi. “Andijon” ishqibozlaridan uzr so‘rayman. Lekin o‘tgan safargi uchrashuvda “Andijon” bizga gol urganidan keyin shunday xunuk ish qilgan. Men xato qildim. Nima bo‘lgan taqdirda ham golimni bunday nishonlashim kerak emasdi. Yana bir bor uzr so‘rayman, muxlislardan.

murtazoev1

“Turon” jamoasi “Andijon”ga qarshi joriy mavsumda uchta o‘yin o‘tkazdi va barchasida faqat mag‘lubiyatga uchradi. Ikkala davrada andijonliklaring qo‘li baland keldi va Kubok doirasida ham yana bir bor “Andijon” g‘olib chiqdi. Bu vaziyat yuzasidan Humoyun quyidagicha fikr bildirdi:

- Ha, “Andijon”ga 3 ta uchrashuvda ham yutqazdik. Lekin bizga biroz omad etishmadi. Agar yaratilgan imkoniyatlardan foydalanganimizda balki g‘alaba qozongan bo‘lardik. Hozir aytganimdek, omad etishmadi, deb o‘ylayman. “Andijon”ga keyingi uchrashuvlarda omad tilayman.

Darvoqe, “Turon” futbolchisi 12 ta gol bilan pro ligada to‘purar bo‘lib turibdi. U golga juda chanqoq. Buni “Andijon”ga qarshi uchrashuvda ham yana bir bor ko‘rsatib, zaxiradan maydonga tushib, 2 ta gol urishga erishdi. Katta ehtimol u to‘purarlik uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi.

- Hujumchi gol ursagina ko‘rinadi, - deya mavzuni davom ettirdi, Humoyun. - Albatta, pro ligada to‘purar bo‘lishni xohlaganman. Ammo gol urish ham oson ish emas. Buning uchun jamoadoshlarimga rahmat aytaman. Ular mening gollar urishimga katta yordam berishyapti.

murtazoev2

“Turon” klubi Kubokdagi vazifasini bajara olmadi va musobaqani tark etdi. Endi yaypanliklar bor e’tiborini chempionat bahslariga qaratadi. “Andijon”ga ketma-ket ikki marta mag‘lubiyatga uchragani jamoa a’zolariga qanchalik ruhiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu haqida hujumchi shunday dedi:

- Mag‘lubiyatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, bor e’tiborimizni chempionatga qaratamiz. Pro ligada kuchsiz jamoaning o‘zi yo‘q. Vazifamiz bor. Superligaga chiqish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Buning uchun bizga shart-sharoitlar yaratilgan. Rahbariyatga katta rahmat. Bizni qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarimizdan ham minnatdorman. Qolgan uchrashuvlarda ishqibozlarimizni xursand qilish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. So‘zim oxirida yana bir bor andijonlik muxlislardan uzr so‘rayman, - dedi Murtazoev.

Shahboz Erkinov: "Murtazoev sovuganidan keyin nimalar qilib qo‘yganini tushunib etgandir"

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
rar fon
24/08/2022 10:13
Turon degan klub borligini endi eshitishim ))))))
Baxil Alihuja
24/08/2022 17:01
Дустим, бундай изох ёзиш жуда ёмон! Ракибни менсимаслик, камситиш ва кибр хавога берилиш! Ёддингда тут, кибр факат Оллохга хос! Сен бу изохинг билан узингни хеч нимани билмайдиган ахмок деб курсатмокчимисан ёки бу жамоани ерга урмокчимисан??? Андижон клуби качон пайдо булибди-ки мухлислари бошка клуб мухлисларини камситса?