
Xitoy chempionatida gol urgan Islom To‘xtaxo‘jaev terma jamoamizning Dubaydagi yig‘iniga qo‘shiladi
Xitoy birinchi divizionida to‘p surgan hamyurtimiz Islom To‘xtaxo‘jaev va uning jamoasi uchun mavsum yakuniga etdi.
Bugun “Shenyan Urban” klubi “Sintszyan Tyanshan” bilan kuch sinashdi va unda 2:2 hisobi qayd etildi. Lekin To‘xtaxo‘jaev jamoasi bu uchrashuvda mag‘lubiyatga uchrashi ham mumkin edi. Avvaliga o‘yinning 13 va 29-daqiqalarida mehmonlar ikkita gol urgan holda tanaffusga 0:2 hisobi bilan chiqib ketdi.
Ikkinchi bo‘limda esa, legionerimiz to‘p surayotgan jamoa iroda ko‘rsatdi. Dastlab, 69-daqiqada Islom To‘xtaxo‘jaev hisobdagi farqni qisqartirdi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan oxirgi daqiqalarda esa mag‘lubiyatdan qutilib qoldi. Shu tariqa, “Shenyan Urban” 4-o‘rinni egallab, o‘z o‘rnini saqlab qoldi.
E’tiborlisi shundaki, endilikda To‘xtaxo‘jaev milliy terma jamoamizning Dubaydagi yig‘iniga qo‘shiladi. Bu haqida u sports.uz saytiga ma’lum qildi.
Faqat Xitoyda chempionat qachon yakunlanishi mavhum bo‘lib turgani sababli, uning terma jamoamiz tarkibiga qo‘shilishi so‘roq ostida turgan. Agar “Shenyan Urban” bugun yutqazib qo‘yganida, u holda pley-off bosqichida ishtirok etishiga to‘g‘ri kelardi, natijada legionerimiz terma jamoa yig‘iniga bora olmasdi. Uning goli jamoasining durang qayd etishiga katta hissa qo‘shdi va shu tariqa, To‘xtaxo‘jaev endi Vadim Abramov ixtiyoriga qo‘shiladi.
Fikrlar